O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

TO‘YLARIMIZ - O‘YLARIMIZ

 
 

Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki butun hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Eng yomoni, ayrim pul topib aql topmagan, ma’naviy saviyasi past kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topayapdi. Bularni eshitib ba’zan odam hayratdan yoqasini ushlab qoladi.

Sh.M.Mirziyoev

XX asr boshlarida yashagan ma’rifatparvar Abdulla Avloniy: «Bizni ilmsizlik, tarbiyasizlik, to‘y deb minglarcha aqchalarni behuda isrof etishlik og‘ir ahvolga soldi. Ag‘niyo va sarvatdorlarimiz to‘y poygasi qilib, faqir va kambag‘allarimiz bor-yo‘qlariga qaramasdan uylarini, bog‘larini, to‘nlarini sotib to‘yga sarf qilmoqdadur. To‘y degan yerda muqaddas vatanini sotishdan toymaydigan, istiqbolini o‘ylamagan va bolalarining saodatini tushunmagan bir qavmdan qanday taraqqiy, madaniyat va ma’rifat kutmoq kerak? » - deya nadomat bilan yozgan, bu illatlardan qutulmoq yo‘llarini izlagan edi.

Afsuski, oradan bir asr o‘tib bugun ham millatimiz ziyolilari shu haqda bosh qotirishga majbur bo‘lmoqda.

Darhaqiqat, to‘y – tantanalar, ma’raka-marosimlar o‘tkazish bilan bog‘lik illatlar xar bir davrda shaklini o‘zgartirgan holda namoyon bo‘lmoqda. Shuning uchun ham 1998 yili mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, maraka-marosimlarni, marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazishni tartibga solish borasida farmoni e’lon qilingandi. Unda fuqarolarimiz sarmoyani to‘ylar uchun ortiqcha sarf qilmasdan, tejalgan mablag‘larni kelajak avlodning sog‘lom o‘sishi, ilm olishi, turmush tarzini yaxshilash, ma’naviyatimizni yanada yuksaltirish va boshqa zarur ehtiyojlar uchun ishlatish masalasi o‘rtaga tashlangan edi.

Joriy yilning 3 avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvdagi ma’ruzasida bu masalaga yana bir bor e’tiborni qaratdi va to‘y-marakalarni dabdabobozliklarsiz, isrofgarchiliksiz o‘tkazish, shuhratparastlikka barham berish yo‘llarini ham ko‘rsatib o‘tdilar.

Xo‘sh, Prezidentimizning bu ko‘rsatmalarini hayotdagi amaliy ifodasini ta’minlashda mahalla faollarining roli qanday? Mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari malakasini oshirish kursi tinglovchilari bilan o‘tkazilgan davra suhbatida asosiy e’tibor mana shu masalalarga qaratildi. Tadbir interfaol usulda o‘tkazilib, savol-javob va mulohazalarga boy bo‘ldi.

N.Temirova - O‘MI Samarqand viloyati vakilining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi


Kiritilgan vaqti: 10/10/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2066
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/toylarimiz---oylarimiz
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 12:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing