O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Toshkent shahridan kelgan imom-xatiblar Samarqand viloyatidagi masjidlarda Juma namozlarini ado etib berdilar

 
 

Yurtimizda barcha jabhalarda  islohotlar olib borilayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Jumladan, diniy sohada ham ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotgani barchamizni xursand qilmoqda. Ushbu kunlarimizga shukronalik keltirish, tinchlik va xotirjamlikning qadriga yetish, olib borilayotgan islohotlarning asl mohiyatini tushinib yetish borasida suhbat qilish uchun Mamlakatimizning taniqli ulamolari, tajribali imom-xatiblar chekka hududlardagi masjidlarda juma namozlarini o‘qib, ma'ruza bilan ishtirok etishlari an'ana bilan davom etib kelmoqda.

Bugun, 6 dekabr kuni Toshkent shahar “Mirza Yusuf” jome masjidining imom xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziy Kattaqo‘rg‘on shahridagi “Qori Muhammadrasul” masjidiga, Toshkent shahar “Islom ota” jome masjidi imom-xatibi Raupov Jasur Kattaqo‘rg‘on shahar “Muhammad Naqibbek” jome masjidiga,  Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom-xatibi Hamroqulov Jaloliddin Kattaqo‘rg‘on tumani “Qalandarxona” jome masjidiga tashrif buyurdilar.

Ustozlarning tashrifidan xabardor bo‘lgan namozxonlar har doimgidan ham ko‘proq ushbu masjidlarda yig‘ilgan edi. Uzoq masofadan kelgan imom-xatiblarning ma'ruzalaridan juma namoziga yig‘ilganlar ham dinlari ham dunyolari uchun ko‘plab manfaatlar oldi. “Islom – tinchlik va totuvlik dini”, “Inson haq-huquqlari – oliy qadriyat” mavzularida qilingan ma'ruzalaridan so‘ng juma namozi ado etildi. Namozdan so‘ng Xalqimiz farovonligi, el-yurtimiz tinchligi, olib borilayotgan ulkan ijobiy islohotlar yanada ravnaq topishi, hayotimizning yanada farovon bo‘lishini tilab, xayrli duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilligi o‘zi va Kattaqo‘rg‘on tuman hamda Kattaqo‘rg‘on shahar namozxonlari nomidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlariga, idoraning mas'ul xodimlariga hamda dinimiz arkonlarini musulmonlarga yetkazish uchun uzoq masofani bosib Samarqand zaminiga tashrif qilgan barcha ustoz imom-xatib domlalarga o‘z minnatdorchiligini bildiradi. Alloh taolo barchlarini ikki dunyo saodatiga musharraf aylab, muqaddasi dinimiz ravnaqi yo‘lida qilayotgan xizmatlariga O‘zi mukofotlar ato aylasin!   

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi   


Kiritilgan vaqti: 06/12/2019 18:34;   Ko‘rilganligi: 1698
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/toshkent-shahridan-kelgan-imom-xatiblar-samarqand-viloyatidagi-masjidlarda-juma-namozlarini-ado-etib-berdilar
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 15:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing