O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Tataristonlik ulamolar Samarqand bo‘ylab sayohatda

 
 

Oldin xabar berganimizdek, Tatariston Respublikasi ulamolaridan iborat delegatsiyaning yurtimizdagi tashrifi Samarqand viloyati bo‘ylab davom etmoqda.

Kuni kecha Imom Buxoriy hazratlarining qabrini ziyorat qilgan mehmonlar 25 noyabr kuni Samarqand shahridagi diqqatga sazovor joylarga tashrif buyurdilar. Jumladan:

Millatimiz faxri Amir Temur maqbarasidan boshlangan ziyorat, Registon ansambli va qadim Siyob bozori tomon burildi. Registondagi milliy hunarmandchiligimiz namunalari, xattotlik asarlari, qo‘l mehnati bilan to‘qilgan gilam va gazmollar mehmonlarda o‘zgacha taassurot uyg‘otdi. Siyob bozoridan turli shirinliklar, quritilgan mevalar xarid qildilar.

Asr namozi Samarqand shahridagi ziyoratgoh-masjid “Xo‘ja Is’hoqi Valiy” jome masjidida ado etildi va ibodatdan so‘ng masjid holati, imom xatib faoliyati bilan tanishildi.

Viloyat vakilligiga qilingan tashrif mehmonlar uchun esda qolarli bo‘lgani shubhasiz. Bu yerda viloyat bosh imom xatibi Z.Eshonqulov vakillik hayoti haqida ma’lumot berib o‘tdi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov qalamiga mansub “So‘ragan edingiz” kitobidan esdalik sovg‘asi sifatida mehmonlarga ulashdi.

Sayohat kechga yaqin Imom Moturidiy hazratlarining maqbarasi ziyorati bilan nihoyasiga yetdi. Mehmonlarga Moturidiy hazratlarining islom olamidagi tutgan o‘rni, mustaqillik yillarida bu zotga bo‘lgan e’tibor haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 25/11/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2193
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/tataristonlik-ulamolar-samarqand-boylab-sayohatda
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 18:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing