O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

SAMARQANDDA KALOM VA HADIS MAKTABLARI OCHILDI

 
 

2017 yilning 8 noyabr kuni Samarqandda Kalom va Hadis maktablarining ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov va Samarqand viloyati bosh imom xatibi Zayniddin Eshonqulovlar ishtirok etishdi.

Ushbu tadbirda muftiy hazratlari nutq so‘zlab shunday dedilar:

“Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoevning shaxsan tashabbuslari bilan joriy yilning muborak Ramazon oyida diniy soha xodimlari va ulamolar bilan uchrashuvda yurtboshimiz yurtimizda kalom, hadis, fiqh va tasavvuf maktablarini tashkil etish va bu maktablarda imom xatiblarning maxsus fanlar bo‘yicha bilimlarini oshirish masalasi qo‘yilgan edi. Mana bugun Allohning inoyati bilan birinchi bo‘lib, Samarqand viloyatida Kalom va Hadis maktablari ochildi.

Bugun siz aziz imom xatiblarimizga juda yaxshi ma’lumki, butun dunyoda kalom, fiqh, hadis va tasavvuf fanlari bo‘yicha ham olimlar yetishib chiqmoqda. Biz o‘ylaymizki mana shu ikki maktabdan ham kelajakda islomiy ilmlar bo‘yicha fan doktorlari yetishib chiqib, buyuk ajdodlarimizning kalom va hadis fanida yozilgan bebaho ilmiy meroslarini o‘rganib butun xalqimiz, xususan yoshlarimizga yetkazadi. Biz bu maktablarga bekorga imom xatiblarni talabalikka qabul qilmadik. Chunki, bugunning imomi kuchli bilim va tafakkurga ega bo‘lishi lozim. Buni davr taqozo qilyapti.

Bugun biz ushbu yangi maktabga katta sovg‘a, O‘zbekiston musulmonlari idorasida tayyorlab nashr qilingan, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” asarini sof arab tilida hech qanday tarjimalarsiz olib keldik. Ushbu kitobda 1322 ta hadis to‘plangan bo‘lib biz hadis maktabi talabalaridan mana shu kitobni yod olishlarini so‘rab qolamiz. Shu o‘rinda Kalom maktabiga Sh. Umarov va Hadis maktabiga O. Yusupovni mas’ul qilib tayinlaymiz.

Shundan so‘ng, Ortiqbek Yusupov so‘zga chiqib, muhtaram Prezidentimiz bugungi kun imom xatiblarini yanada kuchli bilim va salohiyatli insonlar bo‘lishini bu borada diniy ta’lim tizimida barcha kerakli ishlarni amalga oshirishga davlatimiz tayyor ekanligini aytib o‘tdi.

Muhtaram yurtboshimiz BMT bosh assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida ham bugun dunyoda islom nomi ostida turl yovuz kuchlar o‘z maqsadlariga erishmoqchi bo‘lishyapti. Biz bunday guruh va oqimlarning fikriga qo‘shilmaymiz, muqaddas islom dinimizni doimo himoya qilamiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz dedilar.

Mana butun Arab dunyosida ham qanday parokandaliklar bo‘lib o‘tmoqda. Bularga qarshi bugungi kunda ilm bilan kurashish menimcha samaraliroq bo‘lar edi. Chunki olimlar, fozillar ko‘p bo‘lgan joyda yoshlar adashmaydi, turli toto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketishmaydi.

Biz ushbu maktablar faoliyatini muntazam o‘rganib, kerak bo‘lsa yanada rivojlantirib boramiz. Ushbu sohalarda ko‘zga ko‘ringan Toshkent islom universiteti va institutlaridagi olimlarni kerak bo‘lsa, bir oyda bir marta chaqirib turli suhbatlar uyushtiramiz.

Tadbir so‘ngida muftiy hazratlari ikki maktabning ustoz va talabalari haqqiga, hamda yurtimizda olib borilayotgan diniy sohadagi barcha ishlarga rivoj so‘rab duoyi xayrlar qildi.

Manba: www.bukhari.uz


Kiritilgan vaqti: 08/11/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2465
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/samarqandda-kalom-va-hadis-maktablari-ochildi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 16:24
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing