O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Safar oyi haqida islomiy haqiqatni yetkazaylik!

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Safar oyi hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha yilning ikkinchi oyidir.

Odatda, bu oy yaqinlashishi bilan kishilar orasida turli savollar ko‘paya boradi. Safar oyida safar qilib bo‘lmasmish. Safar oyida to‘y qilib bo‘lmasmish va hokazolar. Ushbu gaplar diniy ma'noda bo‘lishi ham turgan gap. Chunki, o‘sha gaplarning tagida Safar oyida safar qilsa safarida ofatga duchor bo‘ladi va to‘y qilsa, oilasi baxtsiz bo‘larmish, degan e'tiqod uchrab turadi.

Bu gaplarni kichiklikdan eshitib kelaman. Dastlab, Safar oyida safar qilib bo‘lmasmish, degan gapni eshitganimda nomi safar bo‘lgani uchundir, deb xayol qilgan edim. Keyin bilsam, oy nomi safar emas, «sofar» ekan. Bu oyning nomining safarga hech aloqasi yo‘q ekan. Faqat bizda alifbomiz o‘zganikiga almashtirilganda ularning alifbosi kambag‘allik qilib shu xato yuz bergan ekan.

Otamiz rahmatli bu oy to‘g‘risidagi odamlar ichida tarqalib qolgan gapu so‘zlar noto‘g‘ri ekanligini aytib berar edilar. Albatta, boshqa ahli ilmlar ham haqiqatni xalqqa yetkazar edilar. Ammo omma ichida baribir Safar oyidan shumlanish ma'nosidagi gaplar davom etaverardi.

Safar oyi haqidagi noxush tushuncha va e'tiqodlar hozir ham davom etmoqda. Yaqinda yozuv ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib o‘tirsam, bolalar huzurimga kelib, qo‘shnilarimizdan bir yo‘qlayotganining xabarini berishdi.

Salom-alik, duo-fotihadan keyin muhtaram qo‘shni maqsadga ko‘chdilar. O‘g‘illariga yaxshi joydan kelin topilgani, bugun quda tarafga borishlari va maslahat qilishlari haqida so‘zladilar.

–Shu munosabat bilan bir katta savol paydo bo‘lib qoldi, dedilar qo‘shni.

–Qani, eshitaylikchi, qanday savol ekan? – dedim, savol nimaligini darhol tushungan bo‘lsam ham.

–To‘yning Safar oyiga to‘g‘ri kelib qolishining ehtimoli ham bor ekan. Shu gap chiqishi bilan desangiz, ayollar bir dunyo gapni gapirib tashlashdi. To‘xta, bularning hammasini janoblaridan bir so‘rab olay, hali qudanikiga borganda ham bu mashmashalar bo‘lishi mumkin, dedim o‘zimga va vaqtingizni olsam ham oldingizga keldim, -dedilar qo‘shni kulib.

Qo‘shnining savoliga qo‘ldan kelganicha javob berdim. Bu gaplar eskidan borligini, yana davom etayotganini va ularga faqat ilm orqaligina barham berilishi mumkinligini aytdim. Shu maqsadda oylik kitobcha chiqarish niyatida ekanligimizni, o‘shanda shunga o‘xshash masalalarga ham e'tibor qaratish niyatidaligimizni aytib, duo qilib turishlarini so‘radim.

O‘sha kuni peshindan keyin dinu diyonatini mahkam tutgan ziyolilarimizdan biri keldi. U kishi bilan rejalashtirib qo‘ygan ilmiy suhbat va savol-javobimiz ancha davom etdi. Suhbatga oid varaqlarni yig‘ishtirib bo‘lgan muxlis ziyoli yonidan yangi bir varaq olib xontaxtaga yoydi-da:

–«Endi oilaviy masalalarga o‘tamiz. Sizga aytadigan bo‘lsam, o‘g‘ilni uylantiradigan bo‘lib qoldik. Odob-axloqli, ibodatdagi kelin topilib qoldi. To‘y haqida bir necha savollarimizni yozib keldim, - dedi kulib.

–Muborak bo‘lsin! Alloh xayrli qilsin! Yoshlarimiz baxtli bo‘lsinlar! Qani, savollarni eshitaylik-chi?!, dedim.

Tabiiyki, savollar ichida: «Safar oyida to‘y qilsa bo‘ladimi», ham bor edi. Qo‘shniga aytilgan gaplarni yana takrorladim. Mehmonni kuzatib qo‘yib, oylik kitobcha chiqarish zarur ish ekanini yana bir bor ko‘ngildan o‘tkazdim. Bir masalani odamlarga bittadan tushuntirishdan ko‘ra ilmiy asosda kitob orqali ommaviy bayon qilib berish qanchali ahamiyatli ekanini yodga oldim. Og‘zaki gap esdan chiqishi mumkinligi bilan har safar yangidan takrorlanishi lozim. Kitob esa doim turadi. Esidan chiqargan odam qaytadan o‘qib olishi, boshqalarga o‘qitishi, bolalari va nabiralariga meros qoldirishi mumkin.

So‘ngra Safar oyi haqidagi ma'lumotlarimni xayoldan o‘tkaza boshladim. Bu jarayon davomida agar Safar oyi haqida biror narsa yozadigan bo‘lsak, qo‘shni va muxlis ziyoliga aytilgan gaplar hech narsa bo‘lmasligi qayta-qayta fikrdan o‘tdi. Bu masala bo‘yicha biror to‘liqroq narsa o‘qimaganim yoki eshitmaganim aniq bo‘ldi. Safar oyi haqida qayerda va qanday ma'lumotlar borligi haqida o‘ylay boshladim.

Kitoblarni qarab chiqdim. Hech birida bizni qiziqtirayotgan masala bo‘yicha qoniqarliroq ma'lumot topa olmadim. Bir necha kunlar o‘tganidan keyin, o‘zimiz urinar ekanmiz-da, degan fikrga keldim. Alloh taolodan yordam so‘ragan holda mazkur fikrni amalga oshirishga qo‘l urdim. Haq taoloning O‘zi oson va foydali qilsin!

Qur'oni karimda Safar oyiga oid ma'lumot bormi? Bu savolga javob topish borasida olib borilgan harakatning natijasi yilning boshqa oylari qatori Safar oyi ham Qur'oni karimda o‘z nomi ila tilga olinmagan degan xulosa bo‘ldi. Ammo Qur'oni Karim oyatlarini tafsir qilish va ulardagi ishoralarni anglab yetish uchun keltiriladigan ma'lumotlarda Safar oyi borligi ayon bo‘ldi.

Alloh taolo «Tavba» surasida:

«Albatta, «nasiyu» kufrda ziyoda bo‘lishdan o‘zga narsa emas. Bu bilan kufr keltirganlar zalolatga ketkazilurlar. Alloh harom qilgan narsaning adadiga moslash uchun uni bir yil halol qilurlar, bir yil harom qilurlar. Bas, bu bilan Alloh harom qilgan narsani halol qilurlar. Ularga amallarining yomonligi ziynatlandi. Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmas», degan (37-oyat).

Oyati karimadagi «nasiyu» so‘zi lug‘atda ortga surish ma'nosini ifoda qiladi. Johiliyat ahlida urush harom qilingan oyning hukmini boshqa, keyin keladigan oyga surish odati urf bo‘lgan edi. Ya'ni, arab mushriklari ham to‘rt oy — Muharram, Zulqa'da, Zulhijja va Rajab oylari harom oylar ekanligini aytar edilar. O‘sha oylarda urush tamoman to‘xtar edi. Agar biror kishi shu oylarda otasini o‘ldirgan odamni uchratib qolsa ham, unga tegmasdi. Ammo bordiyu, urushni xohlab qolsalar, aslida harom bo‘lgan oyning haromligini orqaga surib qo‘yib, urush qilaverar edilar.

Misol uchun, Muharram harom oy, ammo shu oyda urush qilgilari kelib qolsa, bu yil uning haromligini Safar oyiga surdik, o‘sha oyda urush qilmaymiz, deb Muharramda urush qilar edilar. Safarda esa, urush qilishmasdi. Yanagi yili aksincha bo‘lardi. Ular bir yilda to‘rt oy urushmasak bo‘ldi-da, qaysi oyda bo‘lishining nima farqi bor, degandek ish qilishar edi.

Bu ma'noda Safar oyi johiliyat ahli tomonidan Muharram oyi o‘rniga vaqtincha qo‘yilib turadigan oy bo‘lganligi bilan ajralganini bilib oldik.
Johiliyat ahli Safar oyini Muharramga yana boshqa bir maqsadda ham almashtirar edilar. Ularning bu ishini quyidagi rivoyatdan bilib olamiz.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Quraysh va uning dinini tutganlar haj oylaridagi umrani yer yuzidagi eng katta fujurlardan biri deb bilar edilar. Ular Muharramni Safar qilar edilar va «Qachonki, tuyaning yarasi bitsa, izlar yo‘qolsa, Safar oyi tugasa, umra qiluvchiga umra halol bo‘lur», der edilar.

Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalari to‘rtinchi kuni ertalab hajga ehrom bog‘lab keldilar. Bas, u zot ularga uni umra qilishni amr qildilar. Bas, u ularga katta bo‘lib ko‘rindi va ular:

«Ey Allohning rasuli! Halollikning qaysisi?» dedilar.

«Halollikning barchasi», dedilar».

Uchovlari rivoyat qilgan.

Johiliyat ahlining bunga o‘xshash o‘zlaricha joriy qilib olgan noma'qul ishlari juda ham ko‘p edi. O‘sha ishlardan biri ularning haj oylaridagi umrani yer yuzidagi eng katta fujurlardan biri deb bilishlari edi.

Islom johiliyatning barcha johilliklarini to‘g‘riladi. Jumladan, umrani har doim qilish mumkinligini joriy qildi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining vidolashuv hajlarida sahobai kiromlardan qurbonlik haydab kelmaganlariga haj niyatlarini umraga aylantirishni maslahat berdilar.

Johiliyat o‘z nomi o‘zi bilan johillikdan iboratdir. Islomdan oldingi johiliyatda ham johillikning turli-tuman ko‘rinishlari mavjud edi. Jumladan, turli oy va kunlarga oid masalalarda ham johiliyatning johilliklari to‘lib-toshgan edi. Islom boshqa ko‘pgina narsalar qatori ana shu narsalarni ham muolaja qildi. Ularni qandoq qilib to‘g‘ri yo‘lga solishni tushuntirdi.

Islomdan oldingi johiliyat davrida Safar oyidan shumlanish odati ham bor edi. Ular Safar oyida yangi ish boshlab bo‘lmaydi, nikoh aqdi qilib bo‘lmaydi, ayoli bilan birga oilaviy hayotni boshlab bo‘lmaydi, safarga chiqib bo‘lmaydi kabi bir qancha xurofotlar asosida bu oydan shumlanishar edi. Ularning fikricha, bu oy xosiyatsiz bo‘lib, unda turli yomon mavjudotlar yer yuzida tarqalar va mazkur ishlarni qilgan odamlarga zarar yetkazar edilar.

Barcha noto‘g‘ri e'tiqodlar qatori dinimiz bu kabi xurofotdan iborat fikrlarni ham to‘g‘riladi. Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalom bu borada bir qancha hadislar aytdilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasalam: «Kasallik yuqishi yo‘q, boyqush yo‘q, nav'u yo‘q va safar yo‘q», dedilar».

Uchovlari rivoyat qilishgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinayotgan bu hadisi sharifda johiliyatning to‘rtta johilligi inkor qilinmoqda.

1. «Kasallik yuqishi yo‘q». Johiliyat ahlida: xastaliklarda o‘ziga yarasha quvvat bor, ular bir kishidan ikkinchisiga o‘sha quvvat ila o‘tadi, degan e'tiqod bor edi. Hozir ham xuddi shunga o‘xshash e'tiqod bor. Undoq bo‘lsa «xastalik yuqishi yo‘q-mi?» degan savol berilishi turgan gap. Bunga javob shuki, xastalik Alloh iroda qilsagina yuqadi. Xuddi shu ma'no Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflarida va bunga o‘xshash boshqa hadisi shariflardagi «kasallik yuqishi yo‘q» degan gaplarida mujassam bo‘lgandir.

Dunyodagi har bir narsa faqatgina Alloh taoloning irodasi bilan bo‘ladi. Jumladan, xastalik yuqishi ham. Odamlardan johiliyat e'tiqodlarini ketkazish uchun shunga o‘xshash hassos narsalarga alohida e'tibor berilgan.

2. «Boyqush yo‘q». Johiliyat davrida turli narsalardan shumlanish mavjud edi. Bu narsa ularning e'tiqodiga aylanib qolgan edi. Jumladan, qayerga boyqush qo‘nsa, o‘sha yerda yomonlik va xarobchilik bo‘ladi, degan e'tiqod bor edi. Islom bu narsani ham inkor etdi. Birovga ko‘ngilsizlik yoki yomonlik yetadigan bo‘lsa boyqush yoki boshqa qush qo‘ngani sababli emas, Alloh taoloning irodasi ila bo‘ladi. Alloh iroda qilsa, har qanday holatda ham bandaga xastalik oriz qilganidek, boyqush qo‘nsa ham, qo‘nmasa ham yomonlik va xarobachilikni voqe' qilishi mumkin.

3. «Nav'u yo‘q». «Nav'u» johiliyat ahli yomg‘ir yog‘diradi deb e'tiqod qiladigan yulduz. Ular o‘zlaricha yomg‘irni o‘sha yulduz yog‘diradi, deb aytishar edi. Albatta, bu ham noto‘g‘ri. Yomg‘irni faqatgina Alloh taoloning O‘zi yog‘diradi.

4. «Safar yo‘q». Johiliyat ahlining Safar oyi to‘g‘risida ham bid'at-xurofotdan iborat aqiydalari bor edi. U oyda safar qilib bo‘lmaydi, u bo‘lmaydi, bu bo‘lmaydi, deyishar edi. Ularning bu haqdagi e'tiqodlarini yuqorida aytib ham o‘tdik. Islom bundoq bo‘lmag‘ur e'tiqodlarni ham rad etdi. Oylarning hammasi Alloh taoloning oylari, kunlarning hammasi Alloh taoloning kunlari ekanini e'lon etdi.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kasallik yuqishi yo‘q, g‘ul yo‘q va safar yo‘q», dedilar».

Imom Muslim va Abu Dovud rivoyat qilgan.

Bu hadisi sharifda avvalgi bayoni kelgan narsalarga «g‘ul» ham qo‘shilmoqda.

«G‘ul» johiliyat ahli tasavvuridagi bir jin bo‘lib, ular uni turli shakllarga kira oladi, odamlarni adashtirib ketib turli balolarga uchratadi, degan e'tiqodni qilishar edi. Islom bu noto‘g‘i e'tiqodni ham rad etdi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kasallik yuqishi yo‘q, qushla fol ochish yo‘q, boyqush yo‘q va safar yo‘q. Va moxovdan, xuddi arslondan qochganingdek qochgin», dedilar».

Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharifda Safar oyiga oid shumlanish bilan birga qush ila fol ochish hamda kasal yuqishi masalasi bayon qilinmoqda. Biz «qushla fol ochish» shaklida tarjima qilgan ibora arabchada «tiyara» deyiladi. Bu ibora «toir» – qush so‘zidan olingandir. Qushning fol ochishga nima daxli bor yoki hozirdagi ba'zi folchilarga o‘xshab qushga xatni torttirib fol ochish avvallari ham bo‘lganmi, degan savol paydo bo‘lishi mumkin.

Ha, qush bilan fol ochish avvallari, johiliyat davrida ham bo‘lgan-u, boshqacha uslubda bo‘lgan. Johiliyat ahlidan birortasi bir ishni qilish-qilmaslikda ikkilanib qolsa, qushni qo‘lda tutib turib uchirgan. Agar qush o‘ng tomonga uchsa, o‘sha ishni qilgan. Agar qush chap tomonga uchsa, u ishni qilmagan. Agar qush to‘g‘riga uchsa, yana boshqa qush uchirgan. Ular bu ishni ko‘p qilganidan umuman fol ochishga ham «tiyara» iborasi ishlatiladigan bo‘lib ketgan. Islom dini bu bemazagarchilikni ham rad etdi.

Bu fasldagi ushbu hadisi sharifgacha bo‘lgan rivoyatlarning ba'zisida kasallik yuqishi yo‘qligi, ba'zisida kasallik yuqishidan ehtiyot bo‘lish kerakligi aytilgan bo‘lsa, bu hadisi sharifda mazkur ikki masala ham zikr qilinmoqda. Shu bilan kasallik o‘zicha yuqmasligi e'tiqod masalasi ekanligi, kasallik yuqishidan ehtiyot bo‘lish esa dinimiz amal qilishni bizdan talab qilgan narsa ekanligi ta'kidlanmoqda.

Moxov xastaligi ham yuqumli ekani hozirda hammaga ravshan haqiqatdir, Islomda esa bu xastalikka uchragan odamdan arslondan qochgandek qochish kerakligi o‘n besh asr ilgari ta'kidlangan.

O‘rni kelganda kasalning yuqishini ilmiy ravishda birinchi bor isbot qilganlar ham musulmon tabiblar ekanligini aytib o‘tmoq burchimizdir. Bu haqiqatni biz emas, g‘arbliklar e'tirof qilganlarini ta'kidlash esa vazifamizdir.

Ming afsuslar bo‘lsinki, johiliyatning johil e'tiqodlaridan bo‘lmish Safar oyidan shumlanish ba'zi sabablarga ko‘ra hozirgacha oramizda saqlanib kelmoqda. Tariximizning turli bosqichlarida ulamolarimiz bu masalaga murojaat qilganlarini ko‘ramiz.

Hanafiylarning eng mashhur fatvo majmualaridan biri bo‘lmish «Fatavoyi Olamgiriya» va shar'iy odoblar bo‘yicha mazhabimizning asosiy manbalaridan bo‘lmish «Bariyqai Muhmudiya sharhi Toriyqai Muhammadiya» nomli kitoblarda Safar oyiga oid quyidagi ma'lumotlarni o‘qiymiz:

«Safar oyida safar qilmaydigan, nikoh va duxulga oid va boshqa ishlarni boshlamaydigan, Nabiy alayhissalomdan rivoyat qilinadigan «Kim menga Safar chiqqanining bashoratini bersa, men unga jannatning bashoratini beraman» gapni mahkam tutib olgan kishilar haqida so‘radim. Bu rivoyat o‘zi to‘g‘rimi? Safar oyida baxtsizlik va mash'umlik bormi? U oyda bir ish qilishdan qaytarish bormi?» deb so‘radim. U kishi quyidagi javobni berdi:

«Safar oyi haqida aytgan gaplari (johiliy) arablarning gapidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallamga nisbat berib aytgan rivoyatlari qip-qizil yolg‘ondir». («Javohirul fatavo»dan).

Safar oyidan shumlanishga qarshi faqat tushuntirish ishlari olib borish bilan kifoyalanib qolinmadi. Balki amaliy va namunali ishlar ham qilindi.

Johiliyat ahlining Safar oyidan shumlanishiga tamoman zid o‘laroq bu oy Islomda «Safarul xayr» – «Safar yaxshilik» deb nomlandi.

Johiliyat ahlining Safar oyida ish boshlab bo‘lmaydi, degan xurofotiga zid o‘laroq Islomda ko‘pgina ishlarni aynan Safar oyida boshlandi.

Masjidi nabaviyning qurilishi birinchi hijriy sananing aynan Safar oyida bo‘ldi.

Johiliyat ahlining Safar oyida safarga chiqib bo‘lmaydi, degan e'tiqodiga zid o‘laroq musulmonlar xuddi boshqa oylardagi kabi bemalol safarlarga chiqdilar. Payg‘ambar alayhissalom Safar oyida safarga chiqib Xaybarni fath qildilar.

Johiliyat ahlining Safar oyida nikohlanib bo‘lmaydi, degan safsatasiga qarshi o‘laroq musulmonlar bu oyda nikohlarini o‘tkazdilar. «Tuhfatul Muhtoj fii sharhil Minhoj» nomli kitobda va boshqa manbalarda imom Zuhriyning rivoyatlari asosida keltirilishicha, Payg‘ambarimiz alayhissalom aynan Safar oyida o‘z qizlari Fotimai Zahroni Ali roziyallohu anhuga nikohlab berdilar. O‘shanda hijratning ikkinchi yili edi.

Avval bilmasak, endi bilib oldik. Safar oyidan shumlanishni yig‘ishtiraylik. Bilmaganlarga ham bu oy to‘g‘risida o‘zimiz bilgan islomiy haqiqatni yetkazaylik.

 

islom.uz


Kiritilgan vaqti: 21/09/2020 11:04;   Ko‘rilganligi: 4006
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/safar-oyi-haqida-islomiy-haqiqatni-etkazaylik
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 20:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing