O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

QURBONLIKNING FAZILATLARI

 
 

Alloh taologa bandani yaqinlashtiruvchi moliyaviy ibodatlardan biri qurbonlikdir. Chunki Allohning roziligini topish uchun qurbonlik bir vosita bo‘lib, Islom dining eng ulug‘ shiorlaridan va ibodatlaridan biri hisoblanadi. Qurbonlikning fazilatiga saxiylar va Alloh taologa ixlosli bo‘lgan bandalar erishadi.

Kimga qurbonlik vojib bo‘lsa, uning zimmasiga qurbonlik qilish zarur bo‘ladi. Ammo moli nisobga yetmasa ham qurbonlik qilishga qurbi yetsa va u sababli bo‘ynida vojib bo‘lgan boshqa haqlar ketib qolmasa, bunday kishilarga ham qurbonlik qilish yaxshidir. Chunki qurbonlikda shunday fazilatlar borki, uni tark qilgan odam juda ko‘p manfaatlardan mahrum bo‘lib qoladi. Kimning mutlaqo sharoiti bo‘lmasa, u odam uzrli hisoblanadi.

Qurbonlik qilishda kishining o‘zi va oila a'zolariga bayram kunida kengchilik yaratish, nochor musulmonlar orasida rahm-shafqat va muhabbat urug‘larini ekish, qalblarga surur va shodlik olib kirish kabi bir qator ezgu ishlar mujassamdir. Qurbonlik qilish Alloh taoloning bergan ne'matlariga shukrona, nafsni illatlardan poklash hamda bandaning Yaratuvchi amriga itoati va taqvosining ko‘rinishidir. Shu sababli “Haj” surasining 37 - oyatida: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin U zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug‘lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!”, degan ko‘rsatma bordir.

Alloh taolo Qur'oni karimda Islom ummatiga: “Siz parvardigoringizga namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, deb amr qilgan (Kavsar surasi, 2-oyat). Qurbonlik qilishdan maqsad bandaning Alloh amriga itoatini va taqvosini namoyon etishdir.

Husayn ibn Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki qurbonlikni xursand bo‘lib va savob umidida qilsa, qilgan qurbonligi u uchun do‘zaxdan parda bo‘ladi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qurbonlikning haqiqati nima?”, deb so‘radik. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning otangiz Ibrohim alayhissalomning sunnatidir”, dedilar. Bizlar: “Undan bizga nima foyda bor?”, dedik. U kishi: “Har bir tuk evaziga bitta yaxshilik”, dedilar. Bizlar: “Ey, Allohning Rasuli! Yungi-chi?”, dedik. U kishi: “Yunglardan har biriga bitta yaxshilik”, dedilar”. Qurbonlik Alloh taologa yaqinlik hosil qilish uchungina qilinadi. Alloh taolo bandaning qurbonligiga muhtoj emas, balki bandaning o‘zi qurbonlik sababidan beriladigan ajrga muhtoj.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qurbonlik kuni Odam bolasi qurbonlik qilishidan ko‘ra Allohga mahbubroq biror bir amal qilgan emas. Qurbonlikka so‘yilgan jonivor qiyomat kuni o‘z shoxi, tuyog‘i va yunlari bilan keladi. Qurbonlik qoni yerga tushishidan avval Alloh taoloning huzurida xos maqomga ega bo‘ladi. Shuning uchun mamnuniyat ila qurbonlik qilinglar”, dedilar (Ibn Moja va Imom Termiziy rivoyati).

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anhoga: “Qurbonligingni oldida turib guvoh bo‘lgin. Chunki qurbonlik qonining birinchi qatrasi bilan o‘tgan gunohlaring mag‘firat qilinadi”, dedilar. Shunda Fotima roziyallohu anho: “Ey, Allohning Rasuli! bu faqat bizning oilamiz uchunmi yoki biz va barcha musulmonlar uchunmi?”, dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Biz va barcha musulmonlar uchun”, dedilar”.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Zulhijjaning 10 kuni, qurbonlik qilish kunidir. Bu kunda har kim qurbonlik qilsa, Alloh taolo qurbonlik qonining har qatrasi barobariga uning va ahli oilasining gunohlarini mag‘firat etadi. Qurbonlikning go‘shtidan taom tayyorlab musulmonlarga bersa yoki go‘shtini sadaqa qilsa, uning savob tarozisini Uhud tog‘idan ham og‘irroq qiladi”, deb marhamat qilgan edilar. Bu hadisi sharif yuqoridagi hadisdan ham ko‘proq savob borligini habarini bermoqda. Bizlar ko‘proq savobli amallarni axtarib topib unga amal qilishimiz kerak. Chunki gunohlar atrofimizda sochilib yotibdi. Har qadamda gunoh, shu sababli gunohlardan savoblarimizni saqlay bilaylik.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyilgan: “Yosh, navqiron, baquvvat jonivorlarni qurbonlik qilinglar. Chunki, ular (qiyomat kuni) sirot ko‘prigi ustidagi ulovlaringizdir”. Boshqa bir hadisda: “Qurbonlikni katta qilinglar, chunki Sirot ko‘prigidan o‘tayotganingizda u sizlarga ulovlik vazifasini bajaradi”.

Ali roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan shunday rivoyat qiladi: “Kimki qurbonlik qilish uchun bozorga borsa, Alloh taolo uning har bir qadamiga o‘nta savob beradi va gunohlarini avf etadi. Qurbonlikni savdo qilayotgan vaqtida, uning har bir aytgan so‘zini tasbeh o‘rniga qabul qiladi. Qurbonlik uchun bergan har bir dirhamiga yetti yuz dirham savobini beradi. Qurbonlikning har qatra qonidan o‘nta farishtani yaratadi va ular qiyomatgacha u banda uchun istig‘for aytadilar. Qurbonlik go‘shtining har luqmasi uchun Ismoil alayhissalom farzanlaridan bir qulni ozod qilgandek savobini beradi”.

Qurbonlikning ko‘plab fazilatlari bor. Insonlar o‘rtasida mehr va muhabbatni paydo qiladi. Adovatni ketkazadi. Qurbonlik qiluvchining martaba va obro‘sini ko‘taradi. Gunohlar to‘kilishiga sabab bo‘ladi. Kambag‘al kishi uchun ham qurbonlik qilish munosib va mustahab bo‘lgan amallardan hisoblanadi.

Darhaqiqat, Alloh taolo insonga sanab bo‘lmaydigan darajada ko‘p ne'matlar ato etdi. Unga sog‘lik, boylik va iymon kabi ko‘plab ne'matlarni berdi. Bular shukr qilishni vojib qiladigan buyuk ne'matlardir. Qurbonlik shu ne'matlarning ojizona bir shukronasi o‘laroq banda tomonidan amalga oshiriladigan ishdir. Alloh taoloning roziligi uchun qon chiqarish Islom dinimiz ta'limotidagi buyuk amallardan sanaladi. Bu qalbdagi taqvodan va iymon nuridan dalolatdir. Alloh taolo barchamizni O‘z hifzu himoyasida asrasin. Bugungi sinovli kunlarda yurtimizdan va yer yuzidan verus degan baloni tezroq ketkazib, bizlarga avvalgidek tinch va xotirjam hayotimizni qaytarib berishini Alloh taolodan so‘rab qolamiz.

 Abduvosi SHONAZAROV Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi


Kiritilgan vaqti: 22/07/2020 08:49;   Ko‘rilganligi: 1356
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/qurbonlikning-fazilatlari
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 23:24
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing