O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

PREZIDENT MUROJAATNOMASIDAN ILHOMLANIB

 
 

Ma’lumki, muhtaram yurtboshimiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga taqdim etgan Murojaatnomasi yurtimizdagi barcha ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borildi. Davlatimiz rahbarining mamlakat tarixida birinchi marta parlamentga murojaanomasi bu nafaqat parlamentimizga, balki bevosita xalqimizga bo‘lgan tarixiy murojaatidir. Ushbu murojaatnoma butun O‘zbekiston xalqining qalbidan mustahkam joy oldi.

Mazkur murojaatnomada yurtboshimiz barcha sohalar qatori yurtimizda hukm surayotgan diniy erkinlik va muqaddas islom dini ta’limotini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq ba’zi masalalarni ham aytib o‘tdilar.

Sh.Mirziyoev o‘z murojaatida “...bu yurtda olimu ulamolar, buyuk mutafakkir va shoirlar, aziz-avliyolar yetishib chiqqan. Ularning aniq fanlar va diniy ilmlar sohasida qoldirgan bebaho merosi, butun insoniyatning ma’naviy mulki hisoblanadi” deb takidladilar.

Haqiqatdan ham O‘zbekiston – ulug‘ alloma va avliyolar yurti. Bu tabarruk zamindan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy, Bahouddin Naqshband, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va yana shunchalik ko‘p allomalar yetishib chiqqanki, ular diniy va dunyoviy sohalarda dunyoga mashhur bo‘lishgan. Hozirgacha bu ulug‘ bobokalonlarimizning qoldirgan ulkan bebaho ilmiy merosi, dunyo kutubxonalarida saqlanmoqda, o‘rganilmoqda.

Prezidentimizning shaxsan tashabbuslari bilan ushbu buyuk alloma va mutafakkirlar merosini yanada chuqur o‘rganish, ular qoldirgan ma’naviy merosni to‘plash, jahon standartlariga mos ravishda saqlash va ona tilimizga tarjima qilish bo‘yicha ham aniq ko‘rsatmalar berilgan.

Jumladan, o‘tgan 2017 yilda Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi, Termiz shahrida Imom Termiziy, Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari va Islom akademiyasi kabi ilmiy-ma’rifiy muassasalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari boshlab yuborildi. Imom Buxoriy majmuasi qoshida hadis va kalom, Buxoroda hazrati Bahouddin Naqshband majmuasi qoshida tasavvuf, Qarshi shahrida Abu Mu’in majmuasi qoshida aqida, Farg‘onada fiqh maktablari o‘z faoliyatlarini boshlab, bugungi kunda ushbu maktablarda imom xatib va ularning o‘rinbosarlaridan tanlov asosida qabul qilingan diniy xodimlar maxsus dasturlar asosida bilimilarini yanada oshirishayotgani quvonarli holdir.

Hozirda yurtimizdagi kitob fondlarida 100 mingdan ortiq qadimiy qo‘lyozma va toshbosma noyob manbalar saqlanmoqda. Yurtboshimiz aytganliridek, haqiqatdan ham ushbu kitoblar hanuzgacha o‘rganilmagan, tadqiq etilmagan. Biz islomiy bilimlardan ancha ortda qolgan edik. Islom dinidan xalq cho‘chib qolgan edi. Lekin islom dini bu insoniyatni halollik, ezgulik, mehr-oqibat va hamjihatlik yo‘lida birlashishga da’vat etadigan dindir. Islom bu nurli hayot sari qadam qo‘yishdir.

Bugungi kunda yurtimizda barcha sharoitlarga ega manashunday markazlarda bizga qoldirilgan bebaho merosni olib, o‘rganib, tarjimalari bilan shug‘ullanadigan yoshlarni tarbiyalab yetishtirish barchamizni burchimizdir.

Ushbu noyob manbalardagi hadislar va allomalarimiz o‘gitlarida vatan, ota-ona, xalq manfa’ati, insonlarga mehr oqibatli bo‘lish, yetimlar va miskinlarni boshini silash, kattalarga hurmat va kichiklarga izzat kabi insoniy fazilatlar mujassamdir. Biz o‘rta asrlarda yashab, ijod qilib, dunyo tan olgan ulug‘ alloma va mutafakkirlarning kelajagi buyuk vorislarimiz.

Biz din nomidan turli qo‘poruvchi, jamiyat va xalq orasida har-xil ig‘volarni tarqatuvchi, qo‘li qonga botgan asl maqsadi xunrezlik bo‘lgan har qanday mutaasssib oqimlar bilan aslo murosa qilaolmaymiz. Muqaddas dinimizni har doim himoya qilamiz. Bu yo‘lda qudratli davlatimiz va aziz allomalariz qoldirgan boy ilmiy merosga tayanamiz.

Davlatimiz biz din ahliga shunchalik katta e’tibor qaratib turgan bir paytda bu ne’matni qadriga yetmaslik ham noshukrlik hisoblanadi. Noshukrlik esa bizning dinimizda qattiq qoralanadi.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu ilmiy muassasa va maktablarda o‘zlarining diniy va dunyoviy bilimlarini rivojlantirayotgan har-bir kishi sof islom g‘oyalarini ochib berish, din hech qachon insoniyatni yovuzlikka boshlamasligini isbotlab berishdek ulkan fazilatlarni ko‘rsatmog‘i lozim.

Xulosamiz shuki, jaholatga qarshi ma’rifat va ezgulik bilan kurashish g‘oyasining naqadar ahamiyatli ekanligini ich-ichimizdan his qilib, buni butun O‘zbekiston yoshlari ongi tafakkuriga yetkazishdan iborat.

Shunday ekan, jahonga mashhur bo‘lgan zotlarning avlodlaridan vatan xoini, aqidaparast, mutaassib johil va ilmsiz kishilarni chiqishi o‘zbek degan nomga aslo munosib bo‘lmaydi.

Buyuk Alloh barchamizni o‘zining to‘g‘ri yo‘lidan adashtirmasin!!!

Zayniddin domla Eshonqulov –

Samarqand viloyati bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 05/01/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1353
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/press/news/prezident-murojaatnomasidan-ilhomlanib
Chop etilgan vaqti: 23/09/2020 02:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing