O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

O‘zbekiston Haj va umra tadbirlarini tashkil etishda namunali davlatlar qatorida

 
 

Vatanimiz mustaqillikka erishganidan keyin yurtimizda barcha sohalarda tubdan islohotlar olib borildi. Boshqa sohalar kabi diniy sohaga ham katta e’tibor qaratildi. Qadamjolar tiklandi, qayta ta’mirdan chiqarildi, yangi masjidlar barpo etildi, diniy o‘quv yurtlari qayta ta’mirlandi. Bu harakatlar to‘xtamay izchillik bilan davom etmoqda.

Istiqlol sharofati ila davlatimiz tomonidan islom diniga mansub fuqarolarning haj va umra safarlarini tashkil etish ishlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda. Xususan, 2006 yil avgust oyida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning Farmoniga muvofiq “Haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Jamoatchilik kengashi” tuzilgani, har yili muqaddas haj va umra safariga borayotgan ziyoratchilarimizga safar bilan bog‘liq viza hujjatlari, aviachiptalarni rasmiylashtirish, Saudiya Arabistonidagi sharoitlar, mehmonxona va boshqa masalalarda mutasaddi tashkilotlar bilan uyushqoqlikda amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, yana bir katta o‘zgarishlardan biri, ota-bobolarimiz, ona-momolarimiz orzu qilib kelgan haj va umra ziyoratlarini amalga oshirish uchun fuqarolarimizning Saudiya Arabistoni Podshohligiga borib kelishlari, emin erkin ibodatlarini amalga oshirishlariga keng yo‘l ochildi. Tarixdan ma’lumki, butun Ittifoq bo‘yicha 25 kishi, O‘zbekistondan esa 3 yoki 5 kishi borgan bo‘lsa, so‘ngi yillarda Haj ziyoratiga 5200, umra ibodatiga esa 6000 dan ziyod ziyoratchi borar edi. Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoev tashabbuslari bilan 2017 yildan haj ziyoratiga boruvchi ziyoratchilarlarning soni 2000 nafarga oshirilib, jami 7200 nafarni tashkil qildi. O‘zbekistonlik ziyoratchilarining yashashlari uchun Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlarida qulay shart-sharoitlarga ega mehmonxonalar ijaraga olingan. Mustaqilligimizning dastlabki yilidan bugungi kuniga qadar jami 100 000 dan ziyod fuqarolarimiz haj, 90 000 ga yaqin fuqarolarimiz esa umra safariga borishga muvaffaq bo‘ldilar.

Haj va umra safarlarini tashkil etish darajasi yildan yilga ko‘tarilib, tajribasi oshib bormoqda. Yurtimiz ziyoratchilariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar darajasi ham yuksalmoqda, bunga o‘tgan yilda yaratilgan sharoitlar misoliga Madina va Makka shahralaridagi 4 yulduzli mehmonxona, har bir xonasi qulay mebel, sovutgich, televizorlar bilan jihozlangan. Ilg‘or tajribasining an’anasi sifatida shifokorlar guruhi navbatchilik asosida ziyoratchilarimizga 24 soat davomida mehmonxonaning o‘zida tibbiy yordam ko‘rsatib kelmoqdalar. Buning uchun mehmonxonaning alohida joyda mini tibbiy shifoxona tashkil etiladi.
Ziyoratchilarimizga issiq ovqat hamda issiq va salqin ichimliklar taqdim etish uchun ham mehmonxonada alohida oshxona ham tashil etiladi. Safar davomida hoji va umrachilarimiz salomatligi, kayfiyatlarini nazarda tutib o‘zbekistonlik oshpazlar guruhi milliy taomlarni tayyorlash maqsadida safarbar etiladi.

Shuningdek, har yil ziyoratchilarimiz istagan paytda Haram masjidiga borish-kelishlari uchun zamonaviy avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Bu yilgi umraning bahor mavsumida yurtdoshlarimiz Madina shahrida “Mavadda Nur” mehmonxonasiga joylashyaptilar. Mehmonxona va masjid oralig‘i 100-150 metr masofani tashkil etadi. Mehmonxonada ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ular 2, 3 va 4 o‘rinli xonalarda istiqomat qilmoqdalar. Ziyoratchilarimizga 2016-2017 yillarda ishlab chiqarilgan zamonaviy avtobuslar xizmat ko‘rsatmoqda. Bu avtobuslar ziyoratchilarimizni Jidda aeroportidan Madina shahriga, Madinadan Makka shahriga eltib qo‘ymoqda. Ulardagi yaratilgan shart-sharoitlar xususan yo‘lovchilarning qulayligini ko‘zlagan zamonaviy avtomatlashtirilgan o‘rindiqlar bilan birgalikda alohida mo‘ljallangan havo sovutgichlar bilan ta’minlangan avtobuslar yoshu-qarilar uchun manzur bo‘lmoqda.

Ziyoratchilar bilan Saudiya Arabistonidagi mehmonxonalarning ichki tartiblari va ziyorat odoblari, yo‘l harakati qoidalari, O‘zbekiston havo yo‘llarining yuk masalasidagi yo‘riqnomalari va boshqa tashkiliy masalalar bo‘yicha guruh rahbarlari va ishchi guruhi ishtirokida har kuni yig‘ilish o‘tkazilib, muntazam tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Makkai mukarrama shahrida ziyoratchilar uchun 5 burjdan iborat bo‘lgan “Abroj Kisva” mehmonxonasi xizmat qilmoqda. Mehmonxona 4 yulduzli bo‘lib, Haramdan 600 metr uzoqlikda joylashgan. Mehmonxona faqat o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun xizmat qilmoqda.
Mehmonxonaning oshxonasi bir vaqtning o‘zida ikki ming kishi ovqatlanish imkonini beradi. Ziyoratchilarimiz uchun 1000 kishiga mo‘ljallangan oshxona, erkaklar uchun alohida va ayollar uchun alohida masjidlar tashkil etilgan.

Ziyoratchilarimizning salomatligini nazorat qilish, ularga zarur paytda tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida an’anaga ko‘ra mehmonxonaning o‘zida tibbiy punkt kechayu kunduz xizmat qilib kelmoqda. Ziyoratchilarga qulayliklar yaratish, ularning shart-sharoitlaridan doimiy ravishda xabar olish va beminnat xizmat ko‘rsatish maqsadida Ishchi guruhi shtabi ham tashkil etilgan. Xonalar shinam 3 va 4 kishiga mo‘ljallangan.
Har yili Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining haj delegatsiya tarkibida Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida o‘zbekistonlik ziyoratchilar tartib bilan kelib ketayotgani SAP Haj vazirligi tomonidan bir necha bor e’tirof etilib kelmoqda. Har yili o‘zbekistonlik Ishchi guruhi Haj vazirligining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlanganini hamda “Haj-2016” ishchi guruhini eng yaxshi ishchi guruhi deb e’tirof etilganini alohida ta’kidlab o‘tish o‘rinli.

Bugungi kunda SAPda o‘zbekistonlik ziyoratchilarning 1380 nafari Madina va Makka shaharlarida emin-erkin ibodatlarini amalga oshirib turibdilar.

Manba: “www.religions.uz


Kiritilgan vaqti: 18/03/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 1260
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/press/news/ozbekiston-haj-va-umra-tadbirlarini-tashkil-etishda-namunali-davlatlar-qatorida
Chop etilgan vaqti: 22/11/2019 00:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing