O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Olimlar yulduzlarga o‘xshaydi

 
 

Har tongda chiqqan Quyosh, o‘z vazifasi bitgach, botadi. Inson ham tug‘ilar ekan, albatta, bir kuni vafot etadi. Tug‘ilmoq – o‘lmoqqa dalolat demakdir. Qanchalab odamlar hayotga kelib-ketadi. Ularni birov tanimaydi ham, eslamaydi ham. Shunday insonlar borki, ular vafot etib ketsalar ham, insonlarning qalbida dunyo turguncha yashaydi. Ular olim va ulamolardir.

Zabardast olim, din peshvosi, voiz, islom va musulmonlar xizmatchisi, umrining ko‘p qismini din xizmatiga baxsh etgan ustoz Nuriddinxon Islomov 22 sentyabr kuni 73 yoshlarida bu dunyoni tark etib, oxiratga yuzlandilar.

Nuriddinxon domla o‘tgan asrning 70-yillaridan boshlab dinimiz rivoji yo‘lida xizmat qilib kelgan edilar. Jumladan, 1970 yilda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi xodimi vazifasida ish foliyatini boshlagan. Shundan so‘ng 1980 yildan 2008 yilga qadar Jizzax viloyat, G‘allaorol tuman bosh imom xatibi vazifasida faoliyat olib bordilar. Domla tumandagi “Islom Nuri” jome masjidining imom-xatibi vazifasini ham bajarganlar. Jizzax viloyatidagi mehnat faoliyati davomida aholiga sof islom ta'limotini yetkazish, bid'at va xurofotlarga chek qo‘yishda fidoyi bo‘lganlar. Tuman markazidagi qadimiy masjidni qayta tiklash uchun olib borilgan harakatlari o‘sha davrdagi mahalliy hukumat tomonidan cheklangandan so‘ng, bir necha keksa yoshli namozxonlar bilan sobiq sovetlar mamlakatining poytaxti Moskva shahriga borib, u joyda Kreml mas'ullaridan Tixinov bilan shaxsan uchrashish va yangi masjid binosini qurish uchun ruxsat olishga muvaffaq bo‘lganlarini G‘allaorol aholisi va domlaning farzandlari yaxshi eslaydilar. Og‘ir davrlarda Allohning baytini bunyod etish, uni obod qilish yo‘lida kuch va g‘ayratini ayamagan domla qancha sog‘liq va asablaridan ajraganini o‘zingiz tasavvur qilib ko‘rishingiz mumkin. Masjid qurilishi 1989 yil boshlanib, 1991 yil foydalnishga topshirilgan. Inshalloh, ushbu baytning qurilishiga hissa qo‘shganlarga jannatda qasrlar bino etilajak.

Nuriddinxon Islomov 2008-2017 yillarda - O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili va 2017 yildan hozirgi vaqtgacha Samarqand shahar bosh imom-xatibi hamda “Shohi Zinda” jome masjidi imom-xatibi lavozimida faoliyat olib bordilar. Viloyat va shahar bosh imom-xatibi sifatida yosh imom-xatiblarga ustozlik qildilar. O‘z ish tajribalarini yoshlarga o‘rgatar, jamoat bilan ish olib borish, muomala, odob va axloqda namuna edilar. Ustozning fazilatlaridan biri, salomlashish odobiga katta e'tibor qaratar edilar. Yoshlarga ta'lim bo‘lsin uchun hali ular salom berishlaridan avval u kishi birinchi bo‘lib salom berish odatlari bor edi. Har qanday davralarda doimo nasihat, amru ma'ruf, hayotiy misollar bilan suhbat qurardilar. Haqiqat, to‘g‘ri so‘zni shart aytadigan, bu borada istisno qilmaydigan odat sohibi edilar. Shu bilan birga kamtar, kibrsiz, doimo ochiq chehrali, husni xulq sohibi bo‘lgan domla, o‘zlarining shirinsuxan, go‘zal suhbatlari bilan ko‘pchilikning yodida qolganlar.

Hasan Basriy: “Olimlar yulduzlarga o‘xshaydi. Agar ko‘rinib tursa, odamlar ular bilan yo‘l topishadi. Agar ko‘zdan yo‘qolib, zulmatda qolsa, qayoqqa yurishni bilmay hayron qolishadi. Olimning o‘limi bilan Islomda bo‘shliq paydo bo‘ladi. Vaqt o‘tsa-da, bu bo‘shliqni biror narsa to‘ldira olmaydi”, deganlar. Darhaqiat, Shaytoni la'in ham o‘nlab yoki yuzlab oddiy insonlar vafot etsa quvonmas, lekin bir olim inson vafot etadigan bo‘lsa, juda xursand bo‘lar ekan. Dinga targ‘ib etguvchi, ko‘pchilik insonlarni hidoyat topib qolishiga sabab bo‘ladigan zotlarning o‘limi ular uchun quvonch va sharaf ekan.

Alloh taolo marhumning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘zining shomil mag‘firati va rahmatiga olsin.

Ushbu musibat damlarida marhumning ahli baytiga, yaqinlari, shogirt va safdoshlarisha Alloh taoloning qazoi qadarini rozilik ila qarshi olgan chinakam mo‘minlarning maqomini so‘raymiz va barcha yaqinlariga Alloh taolo go‘zal sabr bersin.

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilligi hamda barcha diniy soxa xodimlari Alloh taolodan bu foniy dunyoni tark etgan ustoz Nuriddinxon Islomovning oxiratlari obod bo‘lishini, bu dunyoda dinimiz, musulmonlar uchun qilgan barcha sa'y harakatlariga ajru savoblarini ziyoda qilib berishini so‘rab, duoi xayrlar qilib qoladi.

 Zayniddin Eshonqulov Samarqand viloyat bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 23/09/2020 13:40;   Ko‘rilganligi: 692
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/olimlar-yulduzlarga-oxshaydi
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 20:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing