O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Oilalar mustahkamligi yo‘lida

 
 

Oila deb atalmish muqaddas qo‘rg‘onning debochasi bo‘lmish nikoh marosimi qadimdan xalqimiz orasida ulug‘lanib, alohida ehtimom bilan yondashib kelingan. Bugungi kunda esa oilaga taalluqli barcha jihatlar davlat tomonidan himoyaga olingan va hattoki bosh qomusimizda oilaga doir alohida bob ajratilgan.

Biroq so‘ngi paytlarda oilaviy ajrimlarning soni ortib bormoqda. FHDYOdan o‘tmasdan turib, turmush qurgan yoshlarga nikoh o‘qish holatlari uchrab turibdi. Bu borada albatta norasmiy mullalar xizmatidan foydalanilmoqda. Bu esa ota-onalar hamda mutasaddi tashkilotlar oldiga dolzarb vazifalarni qo‘yadi.

Yuqoridagi holatlarga qarshi kurashish maqsadida viloyatning bir nechta tumanida keng qamrovli tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

19 iyun kuni Jomboy tumanida, 29 iyun kuni Pastdarg‘om tumanida, 2 iyul kuni Payariq tumanida tuman hokimliklari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, imom-xatiblar, mahalla mullalari, tuman IIB, tuman DSI, FHDYO mudiralari, tuman Tibbiyot bo‘limi, kasb-hunar kollejlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosarlari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha mahalla maslahatchilari, otinoyilar, Oila ilmiy-amaliy markazi tuman bo‘limlari, tashkilot hamda muassasa rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishlar aniq faktlar, hayotiy misollar, tanqidiy tahlillar asosida olib borildi. Unda oila muqaddasligi, oilalarning mustahkam bo‘lishida barcha birdek mas’ulligi, shar’iy nikohlar FHDYO guvohnomasi asosida faqatgina rasmiy imom xatiblar va imom noiblari tomonidan o‘qilishi lozimligi ta’kidlandi. Bu borada O‘zbekiston musulmonlari idorasining maxsus buyrug‘i chiqarilgani, unda nikoh faqat O‘MI tizimidagi Ulamolar, imom-xatib va imom noiblari tomonidan amalga oshirilishi kerakligi qayd etilgani tushuntirib o‘tildi.

Xususan, muhtaram Prezidentimizning 2017 yil 15 iyun kuni imom-xatiblar bilan o‘tkazgan uchrashuvlarida noqonuniy nikoh va uning natijasida kelib chiqayotgan ko‘ngilxiraliklar, salbiy holatlar haqida afsus bilan gapirib o‘tganlari, imom-xatiblarni bu illatga qarshi jiddiy kurashishga chaqirganlari yana birbor yodga olindi. Ana shunday xunik holatlarga chek qo‘yish maqsadida alohida qonun loyihasi ishlab chiqilayotgani, qonunda FHDYO guvohnomasiga ega bo‘lmagan shaxslarga shar’iy nikoh o‘qigan har qanday mullaga jinoiy jazo berish ko‘zda tutilishi Yurtboshi tomonidan ma’lum qilingani alohida ta’kidlab o‘tildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, mahalla mullalariga nikoh o‘qimasliklari lozimligi, imom xatiblarga esa nikoh faqatgina FHDYO guvohnomasi asosida o‘qilishi kerakligi jiddiy tayinlandi.

Shuningdek, tuman hokimliklari va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamda imom xatiblar bu borada mustahkam hamkorlik o‘rnatish, ishlarni izchil yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 03/07/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 1070
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/press/news/oilalar-mustahkamligi-yolida
Chop etilgan vaqti: 23/11/2019 01:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing