O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Oila muqaddas dargoh

 
 

Respublikamizda mustaqillik yillarida oilani mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda.

Konstitusiyamizning 63-moddasida “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega” degan qoida mustahkamlab qo‘yilgan. Oilalar tinch-totuv yashasa, jamiyaga keltiradigan yutuqlar ham ko‘payadi, farzandlar ham yaxshi tarbiya oladi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov oilaning jamiyatdagi o‘rniga baho berib, shunday deganlar: “Oila- jamiyatning negizi, bizning davlatimizni ham katta bir oila deb tushinish mumkin va lozim”.

Joriy yilning 16 oktyabr kuni Samarqand shahar Nikoh uyida yosh oilalar va endi oila qurish ostonasida turgan yosh yigit-qizlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Samarqand shahar bosh imom xatibi Nuriddinxon Islamov ham qatnashib so‘zga chiqdi.

U o‘z nutqida yoshlarga nasihat qilar ekan, turmush qurish, oila tebratish va farzand tarbiyasi kabi muhim ishlar jamiyatdagi o‘ta nozik, va o‘z navbatida o‘ta mas’uliyatli jihatlardan biri ekanini ta’kidlab, eru-xotindan bu borda sabr-bardosh, o‘zaro ishonch, qat’iyat va iroda talab etilishi, katta hayotni yengil-elpi, faqat hoyu-havasdan iborat deb, bilmaslik lozimligi va shunday niyat bilan qurilgan oilalarda risoladagidek hayot bo‘lmasligini gapirib o‘tdi.

Oila qurishda diniy va milliy an’analarimizga rioya qilish bilan birga mamlakatimizda amalda bo‘lgan qonun va qoidalarga ham qat’iy amal qilish zarur ekanligi, oila mustahkamligini ta’minlashda barcha birdek mas’ulligi, jamiyatda nikoh vositasi bilan erkak va ayol o‘rtasidagi tabiiy munosabatlar tartibga solib turilishi, oilada er-xotin, ota-ona va farzandlar orasida axloqiy – huquqiy majburiyatlar o‘rnatilishi haqida hayotiy va shar’iy asoslar bilan so‘zlab berdi.

Qolaversa oila inson uchun mehnat qobiliyatini tiklash va dam olish joyi hisoblanib, oilada bolalar tarbiyasi uchun ota-bobolar va momolardan qolgan, ming yillar mobaynida hayot sinovlaridan o‘tgan yaxshi udum, odatlarni asrab-avaylash, yosh avlodga yetkazib berish oldimizda turgan muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.

N.Islamov so‘zining so‘ngida, “Nikoh va taloqning shar’iy hukmlarini yaxshi bilish er-xotinlarni turli kelishmovchiliklar ko‘ngilsizliklardan saqlashi haqida gapirib, Baqara surasining 228-oyati “... Ayollar uchun (belgilangan huquqlar) o‘z meyorida erkaklar (huquqi) bilan tengdir...” degan mazmundagi oyatni keltirib tushuntirib o‘tdi.

Tadbir so‘ngida tashrif buyurgan yosh kelin-kuyovlar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

Abdug‘ani Hasanov


Kiritilgan vaqti: 17/10/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 1443
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/press/news/oila-muqaddas-dargoh
Chop etilgan vaqti: 22/11/2019 00:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing