O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Mustahkam e’tiqod va katta shijoat belgisi

 
 

26 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov bilan hamkorlikda Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqlarida ko‘tarilgan masalalar mazmun-mohiyatini diniy soha xodimlariga chuqurroq yetkazish maqsadida, Samarqand viloyatiga tashrif buyurishdi. U yerda ulamolar, olimlar, diniy soha xodimlari va imom-domlalar ishtirokida ushbu mavzu yuzasidan so‘z yuritildi.

Haqiqatan, Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqilari nafaqat yurtdoshlarimiz, balki keng jamoatchilik tomonidan o‘rganib chiqilayotganini so‘zga chiqqan notiqlar tomonidan ta’kidlandi. Chunki Davlatimiz Rahbari ma’ruzasida nafaqat mamlakatimiz va mintaqa, balki dunyoda o‘ta dolzarb bo‘lib turgan global masalalarga e’tibor qaratilgani bilan ham katta ahamiyatga egadir. Eng muhimi, muammolar yechimi bo‘yicha bildirilgan aniq, hayotiy takliflarning sessiya ishtirokchilari tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlangani fikrimizning yaqqol isbotidir.

Bu tarixiy nutqda alohida e’tibor berilgan masalalardan biri – islom ma’rifati masalasi bo‘ldi, deydi muftiy Usmonxon Alimov hazratlari. Darhaqiqat Yurtboshimiz nufuzli minbardan turib, quyidagi muhim tashabbusni ilgari surdilar: «Bugungi sessiya ishtirokchilariga BMT Bosh Assambleyasining «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan murojaat qilmoqchiman. Bu hujjatning asosiy maqsadi – barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat».

Muhtaram Prezidentimiz o‘z nutqida muborak Islom dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini butun jahon jamoatchiligiga yetkazish oldimizda turgan muhim vazifa ekanini alohida qayd etdilar, - deb ta’kidladi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov. Haqiqatan Davlatimiz Rahbari aslida Islom dini ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarga rioya etishga da’vat etishini oliy minbarda alohida ta’kidlab o‘tdilar. Jumladan, Muhtaram Prezidentimiz shunday dedilar: «Biz butun jahon jamoatchiligiga Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamligining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”.

Muloqotda so‘zga chiqqan ma’ruzachilar, mana shu nutq yuzasidan xorijiy mamlakatlarning ko‘plab taniqli vakillari o‘z munosabatlarini bildirishayotganini alohida qayd etishdi. Shu o‘rinda quyidagi qo‘shimcha ma’lumotlarni keltirib o‘tish lozim. Latviya Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nina Linde xonim shunday degan: – O‘zbekiston yetakchisining mazkur nutqini katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim. O‘zbekiston necha-necha asrlar davomida an’anaviy, insonparvar hamda bag‘rikeng islomning markazi bo‘lib kelgan. Shu bois Shavkat Mirziyoevning islom dinining asl qadriyatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan teran anglanishi muhimligi haqidagi takliflari mutlaqo mantiqlidir. Bu islom diniga nisbatan sabrli va hurmatda bo‘lish, Yevropa jamoatchiligini bir qolipdagi qarashlardan xalos etishga ko‘maklashish imkonini bergan bo‘lur edi.

Shuningdek, Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti direktori Mohd Yusuf Usmon shunday deydi: – Bugungi kunda turli buzg‘unchi kuchlar odamlar ongini zaharlashning ko‘p qirrali uslublaridan keng foydalanmoqdaki, bunda ular har bir inson uchun muqaddas bo‘lgan dinni niqob qilishdan ham tap tortishmayotir. Bunday vaziyat, aksariyat hollarda, musulmon bo‘lmagan mamlakatlar vakillarining haqiqiy islom qadriyatlarini to‘la tushunmasligiga olib kelayotgani barobarida, islom diniga asossiz malomatlar yog‘ilishiga ham sabab bo‘layapti. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning bu muqaddas dinni zo‘ravonlik va xunrezlik bilan bir qatorga qo‘ymaslik zarurligi, islomning asl insonparvarlik mohiyatini jahon jamoatchiligiga yetkazish to‘g‘risidagi da’vatlari juda dolzarbdir.

Darhaqiqat, mana shunday bir sharoitda muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan yuksak minbardan turib Islom dinining asl mohiyati insonparvarlik va tinchlik ekani, uni qoralovchilar bilan hech qachon murosa qilinmasligini baralla aytilishi mustahkam e’tiqod va katta shijoat belgisi ekanini yig‘ilish ishtirokchilari ta’kidlashdi.

Zayniddin ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Samarqand viloyati vakili, bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 26/10/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 1298
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/press/news/mustahkam-etiqod-va-katta-shijoat-belgisi
Chop etilgan vaqti: 15/11/2019 05:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing