O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Mustahkam aloqa, doimiy hamkorlik osoyishtalik omili (ziyorat turizmi yo‘lga qo‘yilmoqda)

 
 

2017 yil 24 noyabr kuni Imom Buxoriy majmuasi anjumanlar zalida Tatariston Respublikasi delegatsiyasi va samarqandlik ulamolar, imom xatiblar ishtirokida Tatariston va O‘zbekiston o‘rtasida ziyorat turizmini rivojlantirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar ziyorat turizmini yo‘lga qo‘yish, bu boradagi mavjud imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanish, qardoshlar, dindoshlar o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatish bo‘yicha fikr almashib, maslahatlashib oldilar.

Mehmonlar Tataristonda yashaydigan musulmonlar O‘zbekistonga kelish, ulamolar yurtini, ular qoldirgan boy merosni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish niyatida ekanlarini, dunyo e’tirof etgan olimlar, xususan Imom Buxoriy hazratlarining qabrini ziyorat qilishga orzumandliklarini ta’kidladilar.

Tataristonliklarning ushbu tashrifi ikki davlat o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan ziyorat turizmining debochasi ekani, kelgusida ko‘plab ziyoratchilar O‘zbekistonga kelish taraddudida ekanliklari ma’lum qilindi.

Ushbu xayrli ish bugungi tahlikali paytda, ekstremizm avj olgan, millatlar orasida nifoq solishga har tomondan urinishlar bo‘y jo‘zgan vaqtda tashkil etilayotgani musulmonlar birdamligini mustahkamlashi, turli fitnalar oldiga to‘siq bo‘lishini tomonlar yakdillik bilan e’tirof etdilar.

Uchrashuv so‘ngidagi erkin muloqot davomida Tataristonda O‘zbekistonga kelish istagidagilar har doim ko‘p bo‘lgani, biroq aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani bois ko‘pchilik ustozlar yurtini ziyorat qilish imkoniyatini topaolmaganlari, endilikda yo‘llar ochilishi tataristonliklar tomonidan xursandchilik bilan qarshi olingani ta’kidlandi.

O‘z navbatida Tatariston delegatsiyasi samarqandliklarni yurtlarini ziyorat qilishga taklif etdilar.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 24/11/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2187
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/mustahkam-aloqa-doimiy-hamkorlik-osoyishtalik-omili--ziyorat-turizmi-yolga-qoyilmoqda-
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 03:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing