O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Muallim - jamiyat ko‘zgusi

 
 

XXI asr – yuksak intellektual salohiyatli, zamonaviy bilim va malakaga ega, yangicha dunyoqarash va mustaqil fikrli mutaxassislar asri. Bunday avlodni tarbiyalashda ustoz-murabbiylarning xizmati beqiyos.

O‘qituvchi, murabbiy, ustoz. Barchamizning qalbimizga yaqin bo‘lgan oddiygina bu so‘zlar zamirida katta ma’no va mazmun mujassam. Zero, har qaysi inson o‘qituvchining qo‘lida savod chiqaradi, murabbiy va ustozdan ta’lim oladi, tarbiya topadi. Bugun biz biron kasbni egallab, Vatan va el koriga yarayotgan ekanmiz, avvalo, ulardan minnatdor bo‘lmog‘imiz tabiiy, albatta.

Har yili mamlakatimizda 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Zotan, yosh avlodni komil inson etib tarbiyalash yo‘lida mehnat qilayotgan o‘qituvchi va murabbiylarni har qancha ardoqlasak, hurmat qilsak oz. E’tirof etish joizki, bu ulug‘ zotlarning mashaqqatli, ammo sharafli mehnati qadrlanib kelayotgani – kelajak avlodga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir.

Darqaqiqat, inson eng avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo‘l ochib bergan, qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirishda zahmat chekkan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko‘nglida hamisha minnatdorlik tuyg‘usini asrab-avaylaydi. Maktab ostonasiga ilk qadam qo‘yganimizda qo‘limizga qalam tutqazib, alifboni o‘rgatgan birinchi ustozimiz siymosini, ustozimizning fidokorona mehnatini doimo minnatdorlik bilan eslaymiz va qalbimizda ularga nisbatan hurmat-ehtirom hissini tuyamiz. Zero, olam gultoji inson bo‘lsa, ular orasida suyuklisi ustoz-muallimdir. Shu bois ham xalqimizda “Ustoz otangdek ulug‘”, degan hikmat bor.

Kimki bu hayotda biror yutuqqa erishsa, e’zoz topsa, uning qalbida ustozlariga, birinchi o‘qituvchisiga bo‘lgan hurmat abadiy muhrlanadi. Hayot bor ekan, o‘qituvchilik kasbi o‘zining ma’no-mazmuni va olijanobligini, ahamiyati va hurmatini hech qachon yo‘qotmaydi.

Ma’lumki, mamlakatimiz oldida turgan eng muhim maqsad-vazifa: taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz uchun erkin va farovon hayot qurishdan iborat. Ana shunday sharafli vazifani uddalaydigan ishonchli, kuchli, o‘z bilimi va iste’dodiga suyangan, hech kimdan kam bo‘lmagan, jamiyat hayotiga dadil kirib borayotgan navqiron avlodni esa ustozlar tarbiyalab yetishtirmoqda.

Bu borada o‘ta mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgan, fidokorona mehnat qilayotgan o‘qituvchilar va murabbiylarning zahmati har qancha maqtovga loyiq.

Birinchi Prezidentimiz aytganidek, “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi o‘qituvchilik va murabbiylikdir”. Albatta, ilm maskani va ilm, ma’rifat nurini tarqatuvchi ustozlarga buyuk ehtirom va e’zozimizni izhor etamiz. Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida o‘zidagi bilim va hunarni boshqalarga o‘rgatuvchi insonlar haqida: "Albatta, Alloh taolo uning farishtalari, samovot ahli, hattoki, kavakdagi chumoli, dengizdagi baliqqacha barchalari yaxshilik o‘rgatuvchi kishiga salovat aytib turadilar", deb marhamat qilganlar.

Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy” kitobida “..Ustoz nimaiki aytsa, uni jon dili bilan shogird eshitishi, chin ko‘ngil bilan qabul qilishi va olgan bilim va malakasini amalda ado etish kerak” deyiladi.

O‘tgan ulug‘larimiz, ota-bobolarimiz ustoz va muallimlarning haqqini yaxshi bilganlar, ularning qadri nechog‘li baland ekanini teran anglaganlar. Va shunga ko‘ra muomala qilganlar. Imomi a’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan shunday deganlari rivoyat qilinadi: "Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammod vafot etgandan so‘ng qachon namoz o‘qisam har safar albatta ota-onamga qo‘shib, unga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. (Nafaqat u) Balki, kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta, o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman".

Ustozlar haqida gap borganda hazrat Alisher Navoiyning bu baytlaridan oshirib bir so‘z aytmoq mushkuldir:

Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qutmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila.

Aziz ustozlar, muhtaram murabbiylar, barchangizni qutlug‘ ayyom – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimizdan samimiy muborakbod etamiz! Farzand va shogirdlaringiz baxti va kamolini ko‘rish doimo sizlarga nasib qilsin. Mashaqqatli va sharafli kasbingizda ulkan yutuqlar, xonadoningizga doimiy xotirjamlik va sihat-salomatlik tilab qolamiz.

manba: muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 26/09/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 9882
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/muallim---jamiyat-kozgusi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 19:21
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing