O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Masjidlar sharoiti o‘rganilmoqda

 
 

Ramazon oyi ibodat oyi, Qur’on oyi bo‘lish bilan bir qatorda mutasaddilar uchun mas’uliyat oyi hamdir. Masjidlarda namozxonlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, taroveh namozi va Xatmi Qur’onlarning tinch-osuda o‘tishini ta’minlash maqsadida viloyat vakilligi, shahar va tuman bosh imomlari hamda masjid imom xatiblari barcha kerakli ishlar, zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdalar. Jumladan,

27 may Ramazon oyining ilk kunida Samarqand viloyati bosh imom xatibi Zayniddin Eshonqulov, viloyat bosh imom xatibi o‘rinbosari Yoqubjon Mansurov birgalikda Samarqand shahridagi "Domla Kamoliddin", “Abdulloh ibn Abbos”, “Xo‘ja Is’hoqi Valiy” masjidiga tashrif buyurdilar.

"Domla Kamoliddin" masjidida Peshin namozini, “Abdulloh ibn Abbos” masjidida Asr namozini ado etib bergan viloyat bosh imomi Z.Eshonqulov ibodat nihoyalangach yig‘ilganlarga Ramazon oyining fazilatlari, shukronalik hissi bilan yashash, bu oydan unumli foydalanib qolish borasida oyat va hadislar asosida qisqacha ma’ruza qilib berdi. Ma’ruza yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining salom va tabriklari jamoatga yetkazildi.

Shundan so‘ng masjid imom xatiblariga masjid hovlisi va tahoratxonasini toza - ozoda tutish, taroveh namozini ado etishda namozxonlarga qulayliklar yaratib berish, ogohlik va hushyorlikni oshirish to‘g‘risida birqancha ko‘rsatmalar berib o‘tildi.

“Xo‘ja Is’hoqi Valiy” masjidida Ramazon oyi uchun ko‘rilgan tayyorgarliklarni ko‘zdan kechirish bilan bir qatorda masjid sharqidan yangidan bunyod etilayotgan xonaqodagi qurilish jarayoni bilan tanishildi. Yangi masjid binosida ishlar nihoyalanish arafasiga kelib qolgan bo‘lib, imom-xatib va me’morlar Ramazon hayitiga namozxonlarga tuhfa tariqasida masjidni foydalanishga topshirishni rejalashtirayotganlarini ma’lum qildilar.

Viloyat vakilligi rahbariyati tomonidan muborak oy davomida ko‘plab masjidlarga tashrif buyurish rejalashtirilgan bo‘lib, bundan masjidlardagi sharoitlar bilan yaqindan tanishish, muammo va kamchiliklarni joyida bartaraf etish, Ramazon oyining tinch-osuda o‘tishiga erishish ko‘zda tutilgan.

Usmonxon Muhammadiyev,

O‘MI Samarqand viloyati

vakilligi mutaxassisi


Kiritilgan vaqti: 27/05/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 1949
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/press/news/masjidlar-sharoiti-organilmoqda
Chop etilgan vaqti: 22/11/2019 02:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing