O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Imomlarimiz ilmiy-amaliy konferensiyada

 
 

2017 yil 18 oktyabr kuni Toshkent shahridagi “Simpoziumlar saroyi”da “Islom hamjihatligi O‘zbekiston – Ozarbayjon misolida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ozarbayjon Respublikasi diniy tashkilotlar bilan ishlash Davlat qo‘mitasi hamda Kavkaz musulmonlari diniy idorasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Samarqand viloyati bosh imom xatibi Z.Eshonqulov boshchiligida yigirmadan ziyod viloyat imom-xatiblari ishtirok etdilar.

Vakillarimizning ma’lum qilishicha, yuqori saviyada tashkil etilgan konferensiyada ikki qardosh mamlakat O‘zbekiston va Ozarbayjonda ajdodlarimiz tomonidan tarixan shakllangan diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, dinlararo bag‘rikenglik va hamkorlik g‘oyalarini ommalashtirish, xalqlarimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni yot g‘oyalardan himoya qilish, erishilgan ijobiy natijalarni keng targ‘ib qilish kabi masalalar keng yoritildi.

O‘zbekiston va Ozarbayjonni islom dinining hamkorlik g‘oyalariga, qadriyatlariga dinlararo muloqot ananalariga sodiqligini namoyon etish va bugungi kunning dolzarb xavfi va tahdidlariga qarshi mushtarak pozitsiyani e’lon qilish bo‘yicha fikrlar almashildi.

Din va e’tiqod erkinligi, dinlararo muloqot, diniy va milliy qadriyatlar, diniy ekstremizm va terrorizm salbiy oqibatlari, ularning jahon hamjamiyati tinchlik va barqarorligiga tahdidi hamda ularga qarshi kurash asoslari kabi mavzular yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Imom domlalarimiz anjumanda ishtirok etish bilan bir qatorda Toshkent shahridagi “Islom ota” masjidi va Toshkent viloyatidagi “Zangi ota” ziyoratgohiga ham tashrif buyurdilar.

Eslatib o‘tamiz, 20 oktyabr kuni “Islom hamjihatligi O‘zbekiston – Ozarbayjon misolida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya Samarqandda davom etadi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 18/10/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2249
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/imomlarimiz-ilmiy-amaliy-konferentsiyada
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 15:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing