O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Diniy soha xodimlari uchun ilmiy o‘quv seminar o‘tkazildi

 
 

2018 yil 5 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari raisligida “Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash va Islom dini ma’rifatini tarqatishda soha xodimlarining o‘rni” mavzusida video-konferensiya orqali ilmiy-o‘quv seminar bo‘lib o‘tdi.

Samarqand viloyati imom xatiblari Samarqand qishloq xo‘jaligi institutining katta majlislar zalida video-konferensiyada ishtirok etdilar.

Tadbirda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari so‘zga chiqib, muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan Islom dini ta’limotini keng yoyishda ulkan ishlar qilinayotgani, o‘tgan vaqt davomida berilgan qulay shart-sharoitlar hammani behad quvontirganini alohida ta’kidladilar.

Davlatimiz Rahbarining shu yil 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlarida, Samarqand viloyati imom-xatiblarining bilim saviyasini yanada oshirish maqsadida, o‘quv kurslari tashkil etish, Samarqand viloyatidagi imom-xatiblar uchun o‘quv seminar o‘tkazish vazifasi topshirilgani, bugungi video-anjuman ham mazkur ishlarning uzviy davomi ekanini muftiy hazratlari bayon qildilar.

Bugun ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarining ta’sirchanligini oshirish, hayotimizda sodir bo‘layotgan din sohasidagi islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazish, “jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish”da har bir diniy xodimga munosib vazifalarni topshirdilar.

Seminarda “O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, Islom akademiyasi huzurida ikki yillik magistratura, uch yillik tayanch doktorantura va uch yillik doktorantura faoliyati hamda “Qur’onshunoslik”, “Fiqh ilmi”, “Hadisshunoslik” va “Kalom ilmi” mutaxassisliklari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Seminarga taklif etilgan boshqa ma’ruzachilar tomonidan sohaga doir muhim mavzularda ma’ruzalar qilindi.

Masofadar turib so‘z olgan Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov diniy idora tarixida ilk marotaba o‘tkazilayotgan video-konferensiya juda ham foydali bo‘lgani, 3000 mingdan ziyod diniy xodimlar bitta majlisda jam bo‘lib, ishtirok etayotganlari ajoyib muhit hosil qilganini ta’kidladi. Shuningdek, viloyatdagi imom-xatiblar hafta kunlarini ma’lum bir vazifalarga ajratgan holda faoliyat olib borayotgani, Kalom va Hadis maktablari faoliyati, tinglovchilar “Fiqhul Akbar” kitobi matni va sharhini o‘qib tugatishganini aytdi.
Aholining ehtiyojmand qatlamiga joriy yilda 30 million so‘mga yaqin moddiy yordamlar ko‘rsatilgani, Narpay tumani imom-xatiblari tashabbusi bilan nogironligi bor bo‘lgan fuqaroga taqdim etilgan namunaviy uyning dastlabki to‘lovini to‘lab berilgani, Samarqand tumani “Imomi A’zam” jome masjidi imom xatibi tashabbusi bilan homiylarni jalb qilgan holda Samarqand tumanida yashovchi, uch nafar farzandi bilan beva qolgan ayolga namunaviy uy-joy olib berilganini ma’lum qildi.

Toshkent va Andijon viloyati bosh imom-xatiblari ham masofadan turib seminarga doir fikr mulohazalarini bildirdilar.

Yig‘ilish yakunida, berilgan topshiriqlarni ado etishda imom-domlalarning ish tajribasi, bilimi va salohiyati yetishiga ishonch bildirildi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati ma’lumotlaridan foydalanildi.


Kiritilgan vaqti: 05/04/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1274
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/press/news/diniy-soha-xodimlari-uchun-ilmiy-oquv-seminar-otkazildi
Chop etilgan vaqti: 24/09/2020 15:38
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing