O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

BUXORODAGI MIR ARAB OLIY MADRASASINING OCHILISH MAROSIMI TANTANASI

 
 

Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy 2017 yil 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida Buxoro viloyatida Mir Arab oliy madrasasini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan edi. Tadbirlarning birida yurtboshimiz islom bilim yurtlari haqida shunday so‘zlarni aytgan edilar:

“Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashda bu ilm dargohlari tayanch bo‘lib xizmat qiladi”.

Darhaqiqat, oliy madrasaning ochilishi islom shariati ahkomlarining yetuk bilimdoni, xalqimizning diniy-ma’rifiy bilim va saviyasi, sog‘lom e’tiqodini shakllantiradigan, turli xil yot g‘oyalarga qarshi o‘zining ma’rifati bilan kurasha oladigan malakali yosh kadrlarni tayyorlashda xizmat qiladi.


Mir Arab oliy madrasasiga qabul qilingan talabalar uchun dastlabki dars mashg‘ulotlari 4 sentyabr kuni Bahouddin Naqshband majmuasida joylashgan Mir Arab oliy madrasasi binosida boshlandi.


2017 yil 6 sentyabr oliy madrasaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda Toshkentdagi Islom sivilizatsiya markazi direktori Sh. Minovarov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari O‘.Hasanboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri v.b. A. Do‘smatov, Buxoro viloyati hokimi O‘. Barnoyev, Buxoro viloyati Adliya boshqarmasi, Buxoro Davlat universiteti hamda boshqa davlat hamda nodavlat tashkilotlar vakillari va talabalarning ota-onalari qatnashdilar. Oliy madrasaning tantanali ochilish marosimi ijtimoiy tarmoq orqali onlayn tarzda yoritib borildi.


Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Keyin Yurtboshimizning tashabbuslari bilan ochilgan oliy madrasa haqida dil so‘zlarini bildirish uchun tashrif buyurgan mehmonlarga so‘z berildi.


Mehmonlar mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, aholi farovonligi, yoshlarimiz ongi va tafakkurini yuksaltirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib o‘tishdi. Xalqimiz diniy sohada ham emin-erkin ibodat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgani, minglab masjidlar ochilib, mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirilgani va o‘nlab diniy ta’lim muassasalari barpo qilinib, u yerda talabalar diniy hamda dunyoviy fanlardan tahsil olayotganlari haqida fikrlar bildirildi.


Ayniqsa, Mir Arab oliy madrasasining oldingi maqomi yana o‘ziga qaytarilganligi, bu oliygoh orqali, avvalo, xalqimizning diniy saviyasi ko‘tarilishi, kelajakda mazkur dargohda xorijiy mamlakatlardan taklif bilan chiqqan mo‘min-musulmonlarga ham ta’lim berilishi to‘g‘risida alohida ta’kidlandi.


Tadbir so‘ngida Qur’on tilovat qilindi va davlatimiz ravnaqi, yurt tinchligi va xalqimiz farovonligi, yangi ochilgan oliy madrasa faoliyati borasida duoyi xayrlar qilindi.

manba: muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 07/09/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 838
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/press/news/buxorodagi-mir-arab-oliy-madrasasining-ochilish-marosimi-tantanasi
Chop etilgan vaqti: 15/11/2019 08:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing