O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

2020 yil Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e'lon qilindi

 
 

Prezident Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga navbatdagi Murojaatnomasida ilm-ma'rifat va texnologiyalar rivojiga alohida ahamiyat qaratdi.

«Sharq donishmandlari aytganidek, «Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, Eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, Eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!»

Shu sababli, hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma'rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish, uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.

Taraqqiyotga erishish uchun, raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart.

Bu bizga yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda.

Yurtimiz «Xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi» bo‘yicha 2019 yilda 8 pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hali judayam orqadamiz.

Aksariyat vazirlik va idoralar, korxonalar raqamli texnologiyalardan mutlaqo yiroq, desak, bu ham haqiqat.

Albatta, «raqamli iqtisodiyot»ni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi bilamiz.

Biroq, qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu ishga bugun kirishmasak, qachon kirishamiz?! Ertaga juda kech bo‘ladi.

Shu bois, «Raqamli iqtisodiyot»ga faol o‘tish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘ladi.

Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi.

Shu bilan birga, meni juda qattiq tashvishga soladigan va bezovta qiladigan eng og‘ir illat – korrupsiya balosini yo‘qotishda ham samarali vositadir.

Buni barchamiz teran anglab olishimiz darkor.

Davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir so‘z bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilashi mumkin.

Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma'naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish maqsadida, men yurtimizda 2020 yilga “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berishni, taklif etaman», deydi prezident.

Davlat rahbarining taklifi qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 1997 yildan boshlab har bir yilga shu davr ichida taraqqiyotning muhim yo‘nalishlarini ifoda etadigan nom berish an'anaga aylangan. 1997—2020 yillar oralig‘ida yillarga quyidagicha nom berilgan:

1997 yil — Inson manfaatlari yili

1998 yil — Oila yili

1999 yil — Ayollar yili

2000 yil — Sog‘lom avlod yili

2001 yil — Onalar va bolalar yili

2002 yil — Qariyalarni qadrlash yili

2003 yil — Obod mahalla yili

2004 yil — Mehr va muruvvat yili

2005 yil — Sihat-salomatlik yili

2006 yil — Homiylar va shifokorlar yili

2007 yil — Ijtimoiy himoya yili

2008 yil — Yoshlar yili

2009 yil — Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili

2010 yil — Barkamol avlod yili

2011 yil — Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili

2012 yil — Mustahkam oila yili

2013 yil — Obod turmush yili

2014 yil — Sog‘lom bola yili

2015 yil — Keksalarni e'zozlash yili

2016 yil — Sog‘lom ona va bola yili

2017 yil — «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»

2018 yil — Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili

2019 yil — Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili

2020 yil—  Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili

Abrorov  Jahongirxon O‘MI - Samarqand viloyat vakilligi matbuot kotibi


Kiritilgan vaqti: 24/01/2020 18:25;   Ko‘rilganligi: 1658
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/2020-yil-ilm-marifat-va-raqamli-iqtisodiyotni-rivojlantirish-yili-deb-elon-qilindi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 14:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing