O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xalqaro hamkorlik

Markazga AQSHning Darelsalam islamic world travel sayyohlik shirkati sayyohlaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi

 
 

Mamlakatimizda keyingi yillarda diniy-ma'rifiy soha faoliyatini takomillashtirish, islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma ajdodlarimiz ilmiy merosini tadqiq etishga katta e'tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bunyod etilgan va o‘z faoliyatini boshlagan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga keyingi kunlarda mahalliy mehmonlardan tashqari xalqaro mehmonlar tashrifi ham tobora ortmoqda.

Joriy yilning 14 iyun kuni Imom Buxoriy yodgorlik majmuasiga AQSHning “Darelsalam Islamic World Travel” sayyohlik shirkati dasturi asosida amerikalik 93 nafar musulmon sayyohlardan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Dastlab mehmonlar Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilib, u buyuk muborak zotning haqqiga Qur'on tilovat qildi.

Dastlab ushbu majmua majlislar zalida mehmonlar va Markaz ilmiy xodimlari o‘rtasida tadbir davra suhbati tarzida tashkil etildi. Uchrashuvda Samarqand viloyati bosh imom xatibi Z.Eshonqulov mehmonlarni Samarqandga tashrifi bilan tabriklab, kelgusida o‘zaro ilmiy-amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida gapirdi.

Tadbirda IBXITM direktori Sh.Ziyodov so‘zga chiqib, yangi bunyod etilgan markazning tashkil etilishi faoliyati va vazifalari to‘g‘risida ma'lumotlar berdi hamda mehmonlarga ilmiy xodimlar tomonidan ulug‘ ajdodlarimizning bebaho ma'naviy merosini tadqiq etish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima qilish va o‘rganish hamda mavjud manbalarni xalqimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish kabi mas'uliyatli vazifalar bilan shug‘ullanib, ilmiy tadqiqotlar olib borayotganligi to‘g‘risida ham ma'lumotlar berdi.

Amerikalik islomshunos olim Yosir qozi va Buyuk Britaniyalik Shayx Abu Iso Ne'matullo, buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriyning qoldirgan boy ilmiy merosi u ulug‘ zotning aql-zakovati, cheksiz qobiliyatini namoyon etib, beixtiyor qalbda faxr va g‘urur tuyg‘ularini his etishga undashini ta'kidladi va hadis yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy xodimlarimizga ijozalar taqdim etdi.

Shundan so‘ng Sh.Ziyodov mehmonlarni markazga taklif etib, ularni binoning kirish qismi peshtoqlariga yozilgan Qur'on oyatlari va hadislar bilan tanishtirib, markazning bunyod etilishi tarixi, uning faoliyati va vazifalari hamda ilmiy xodimlarning buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida gapirib berdi.

Shundan so‘ng mehmonlarga Imom Buxoriyning turli davrlarga tegishli hadis ilmiga oid asarlari, ekspozitsiyalar hamda zamonaviy axborot beruvchi vositalar to‘g‘risida ma'lumotlar berildi. Mehmonlar muzeydagi buyuk muhaddis Imom Buxoriyning Bag‘doddagi imtihon jarayoni aks etgan surat va ilmiy safarlari tasvirlangan devoriy suratlarni qiziqish bilan tomosha qildilar. Mehmonlar tomonidan markazdagi muzey va tarixiy qo‘lyozmalar fondi ushbu maskanning tom ma'noda xalqaro ahamiyat kasb etishi, uning dunyo miqyosidagi nufuzi va salohiyati yuksakligini ko‘rsatib turishi qayd etildi. Xorijiy sayyohlar Markaz jamoasi bilan ilmiy jarayonda kechgan davra suhbatlaridan mamnun ekanligini ta'kidladi.

Markaz rahbariyati va mehmonlar kelgusidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va ilmiy-amaliy aloqalarni izchil davom ettirish to‘g‘risida kelishib olishdi.

Diniy-ma'rifiy tadbirlar bo‘limi

ilmiy xodimi

J.Jumayev

Manba: bukhari.uz


Kiritilgan vaqti: 15/06/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 274
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/press/international-cooperation/markazga-aqshning-darelsalam-islamic-world-travel-sayyohlik-shirkati-sayyohlaridan-iborat-delegatsiya-tashrif-buyurdi
Chop etilgan vaqti: 27/05/2020 10:41
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing