O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Tadbirlar

Bemorlik ham sinovlardan biridir

 
 

Alloh Taolo insoniyatga behisob ne'matlar berish bilan birgalikda, uning uchun sinovlar ham yuboradi. Gohida bu sinovlar boylik, mansab kabi yaxshiliklar misolida berilsa, gohida turli ofatlar va kasalliklar sinov tariqasida beriladi. Bemorlik ham Alloh Taoloning sinovlaridan biri bo‘lib, undan mo‘min kishi ham holi emasdir. Mo‘min kishiga xastalik yetsa, bu Alloh Taoloning unga bo‘lgan muhabbati belgisidir. Zero, kasalliklarning gunohlarga kafforot bo‘lishi va mo‘minning darajasi yuksalishiga sabab bo‘lishi haqidagi ma'lumotlar ulug‘larimizdan marhamat qilingandir. Muqaddas dinimiz insonlarni mehr-muruvvatga, ezgulikka chorlaydi, rahmdillikni tarannum etadi. Bemorlar holidan xabar olish ham mana shunday ulug‘ va savobli amallardan hisoblanadi.

Abu Hurayraroziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan qay biringiz bugun ro‘za tutdi”, dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Men”, dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan qay biringiz bugun kasalning holidan xabar oldi”, dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Men”, dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan qay biringiz bugun janozada ishtirok etdi”, dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Men”, dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan qay biringiz bugun miskinga taom berdi”, dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Men”, dedilar.

Marvon: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishida bir kunda bu xislatlar jam bo‘lsa, u jannatga kiradi”, deb aytganlari menga yetib keldi, dedi.

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Samarqand viloyat bolalar maxsuslashgan sihatgohi 3-bo‘limida davolanayotgan bolajonlar holidan xabar olish uchun Samarqand tumani bosh imom xatibi B.Sharipov ushbu maskanda bo‘ldi. Bolalar bilan yaqindan suhbatlashib, ularni muborak Ramazon oyi bilan qutladi. Kelgusida yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishlari, xalqimiz va dinimizga manfaatli kishilardan bo‘lishlarini Alloh taolodan so‘rab duo qildilar. Shundan so‘ng tuman bosh imom xatibligi, “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyat filiali hamda homiylar ko‘magida ushbu maskanda davolanayotgan bolalar uchun shirinliklar va mevalar ehson qilindi. Necha ming yillardan buyon insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib kelayotgan, ularning bilimli tarbiyali, kasb-hunarli va albatta baxtli bo‘lishining omili – bu kitobga do‘st bo‘lish va kitob o‘qishni kanda qilmaslikdir. Ana shu maqsadlar uchun bolajonlarga ma'rifiy, diniy va badiiy kitoblar ham sovg‘a qilindi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 13/05/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1292
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/events/bemorlik-ham-sinovlardan-biridir
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 01:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing