O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

30.10.2020 y. Olamlarga rahmat bo‘lgan Payg‘ambar

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ الَّذِي أَرْسَلَ رَسُولَهُ رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ وَجَعَلَهُ أُسْوَةً حَسَنَةً لِلْمُؤْمِنِيْنَ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى نَبِيِّنَا الرَّؤُوفِ بِالْمُؤْمِنِيْنَ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ

Olamlarga rahmat bo‘lgan Payg‘ambar
(sallallohu alayhi vasallam)

Muhtaram jamoat! Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamni olamlarga rahmat va hidoyat nuri qilib yubordi. U Zot sababli insoniyatni zulmatlardan nurga chiqardi. U Zotni bu dunyoda hidoyat yo‘lboshchisi qildi. U Zot sallallohu alayhi vasallam keltirgan din va undagi ko‘rsatmalar barcha olamlarga – insonlar va hayvonlar olamiga ham, jamodot va nabotot olamiga ham mehr-muhabbat, rahm-shafqat manbaidir. Alloh taolo O‘zining Kalomida bejizga:

وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ

ya'ni: “(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz”, deya ta'kidlamagan (Anbiyo surasi, 107-oyat).

Oyatdagi “rahmat” juda keng ma'noni anglatadi. Ularni bilish uchun Muhammad alayhissalomning axloq-odoblari, siyrat va shamoillari, mehr-oqibatlari, ezguliklar va fazilatlar manbai ekanlaridan xabardor bo‘lishimiz zarur. Bugungi suhbatimizda shulardan ba'zisi bilan tanishib chiqamiz.

  • Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ummatlariga nisbatan shafqatlari va mehribonliklari;

Nabiy alayhissalom o‘z ummatlariga ota o‘z farzandiga shafqatli va mehribon bo‘lganidan ko‘ra shafqatli edilar. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

لَقَدْ جَاءَكُمْ رَسُولٌ مِنْ أَنْفُسِكُمْ عَزِيزٌ عَلَيْهِ مَا عَنِتُّمْ حَرِيصٌ عَلَيْكُمْ بِالْمُؤْمِنِينَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ

ya'ni: “Batahqiq, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan, sizning mashaqqat chekishingiz Uning uchun og‘ir bo‘lgan, sizning (saodatga yetishingizga) tashna, mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan Payg‘ambar keldi” (Tavba surasi, 128-oyat).

Ushbu oyati karimada Payg‘ambarimiz alayhissalomning asosiy sifatlaridan bir nechtasi zikr qilinmoqda. Darhaqiqat, dunyo tarixida U Zotdek kishilarga marhamatli, mehribon inson bo‘lgan emas. Nabiy alayhissalomning eng suyukli ayollari Oisha raziyallohu anho onamiz aytadilar: “Bir kuni Nabiy sallallohu alayhi vasallamning xursand holda ko‘rib, U Zotga: “Ey Allohning rasuli, meni duo qiling”, dedim. Shunda U Zot: “Ey Alloh, Oishaning o‘tgan va kelajakda bo‘ladigan, oshkora va maxfiy gunohlarini kechirgin!” – deb duo qildilar. Oisha onamiz (bu duodan quvonib) shunday kuldilarki, xursandliklaridan boshlari Rasulullohning tizzalariga tushdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Duoim seni quvontirdimi?” – deb so‘radilar. “Sizdek zotning duosi meni quvontirmasmidi?!” – dedilar Oisha onamiz. Shunda sarvari olam: “Allohga qasamki, bu mening ummatim uchun har bir namozimda qiladigan duoimdir!” – dedilar” (Imom Bazzor rivoyatlari).

Payg‘ambarimiz alayhissalom duolari Alloh taoloning huzurida qaytarilmaydigan buyuk Zot o‘z ummatlarining haqqiga har namozlarida “Ey Alloh, ummatimning o‘tgan va kelajakda bo‘ladigan, oshkora va maxfiy gunohlarini kechirgin!” – deb duo qilar ekanlar. Bundan ham ortiq mehribonlik bormi dunyoda?!

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Har bir Nabiyning shaksiz qabul bo‘ladigan duosi bo‘ladi. Barcha Nabiylar o‘z duolarini (bu dunyoda) qilib bo‘ldilar. Men o‘z duoyimni qiyomat kuni ummatimga shafoat bo‘lishi uchun berkitib qo‘yganman. U mening ummatimdan Allohga hech narsani shirk keltirmay o‘lganlarga, albatta, yetguvchidir”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

U Zot alayhissalom katta duolarini ummatlari eng muhtoj bo‘ladigan payt – oxirat uchun saqlab qo‘ygan ekanlar. Bu hadisda U Zotning ummatlariga bo‘lgan mehrlari, lutflari, shafqatlari yaqqol ko‘rinib turibdi. Ummatlarini o‘zlaridan ham, oilalaridan ham ustun ko‘rib, ularni duo qilishni ko‘zlamoqdalar.

  • Insoniyatning eng buyuk muallimi va murabbiyi ekanliklari;

Alloh taolo Qur'oni karimda Payg‘ambarimiz  alayhissalomni bir nechta muhim sifatlarini keltirib o‘tgan:

 هُوَ الَّذِي بَعَثَ فِي الْأُمِّيِّينَ رَسُولًا مِنْهُمْ يَتْلُو عَلَيْهِمْ آَيَاتِهِ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ

وَإِنْ كَانُوا مِنْ قَبْلُ لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ

ya'ni: “U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur'on) va Hikmatni o‘rgatadigan payg‘ambarni yuborgan zotdir. Haqiqatan, (ular) ilgari aniq zalolatda edilar” (Juma surasi, 2-oyat).

Oyati karimadagi “omilar” deganda Payg‘ambarimiz alayhissalom davrilaridagi arablar nazarda tutilgan. Zero, o‘sha davrda arablar o‘qish, yozishdan ko‘ra ma'lumotlarni yodda saqlashni afzal ko‘rardilar, savodxonlari juda kam edi. Arab yozuvi asosan Nabiy alayhissalomning payg‘ambar bo‘lib kelganlaridan boshlab butun Islom olamida tez sur'atda rivojlandi. O‘qish va yozishga targ‘ib etadigan oyat va hadislarga amal qilish natijasida, arab tili mukammal shaklga keldi, musulmon halqlar orasida ilm-ma'rifat rivoj topdi.

Alloh taolo Rasululloh sallallohu alayhi vasallam orqali qo‘pol, qattiqqo‘l, jaholat botqog‘iga botgan qavmlarni qisqa muddatda insonparvar, ilm va ma'rifatli, oliy janob insonlarga aylantirdi. Imom Qirofiy rahmatullohi alayh: “Agar farazan Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning biror-bir mo‘jizalari bo‘lmaganida ham sahobalarining o‘zi U Zotning nabuvvatlari isboti uchun yetarli edi”, – deganlar.  

Ha, U Zot ilmga, ma'rifatga va hikmatga boy muallim va eng mehribon buyuk murabbiy edilar. Alloh taoloning yuksak hikmatiga ko‘ra o‘qish yozishni ta'lim olmagan – ummiy bo‘lsalarda, insoniyatning eng ilmlisi va ma'rifatlisi bo‘lganlar.

  • Go‘zal va oliy xulq egasi ekanliklari;

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam insonlarning eng go‘zal xulqlisi edilar. Bu haqda Alloh taolo U Zotni madh etib, shunday marhamat qilgan: 

وَإِنَّكَ لَعَلَى خُلُقٍ عَظِيمٍ

ya'ni: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat).

Ushbu maqtov oddiy maqtov emas. Balki u olamlarning Robbisidan kelgan maqtovdir. Zero, hech bir inson bunday sharafga erishgan emas. U Zot o‘zlarining muborak hadisi shariflaridan birida:

إِنَّمَا بُعِثْتُ لِأُتَمِّمَ مَكَارِمَ الْأَخْلَاقِ

ya'ni: “Men yaxshi xulqlarni to‘liq qilish uchun yuborilganman”, – deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Barcha ishlarida namuna bo‘lgan, go‘zal axloqlar nabiysi – sevikli Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatlariga qarata doimo: “Sizlarning yaxshilaringiz, axloqi yaxshilaringizdir”,  der edilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

  • Qo‘pollik qilganlarga ham yumshoqlik bilan javob qaytarardilar;

Sarvari olam eng halim, bosiq va muloyim inson edilar. Alloh taolo U Zotning ushbu xususiyatlarini maqtab O‘zining kalomida shunday marhamat qilgan:

فَبِمَا رَحْمَةٍ مِنَ اللَّهِ لِنْتَ لَهُمْ وَلَوْ كُنتَ فَظًّا غَلِيظَ الْقَلْبِ لانفَضُّوا مِنْ حَوْلِكَ

ya'ni: “Allohning rahmati sababli (Siz, ey Muhammad) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar...” (Oli Imron surasi, 159-oyat).

Nabiy alayhissalomning halimliklariga quyidagi hadisda ham yorqin namoyon bo‘ladi. Anas raziyallohu anhu aytadilar: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam bilan birga ketayotgan edim. U Zotning egnilarida dag‘al matodan bo‘lgan kiyim bor edi. Oldilariga bir a'robiy kelib, ridolaridan qattiq tortdi. Tortish natijasida kiyim Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning yelkalarida iz qoldirganini ko‘rdim.

A'robiy: “Ey, Muhammad! Huzuringdagi moldan menga ham ulush bersinlar”, dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam unga o‘girilib qaradilar va tabassum qilib, so‘ng unga ham moldan ulush berishni buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

  • Muhtojlarning hojatini ravo qilishlari;

Sahoba Abu Sa'id Xudriy raziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bevalar, miskinlar, qul-xizmatchilar bilan birga yurar, ularning ehtiyojlarini ta'minlar, bundan aslo tortinmas va orlanmas edilar (Imom Nasoiy va Imom Abu Dovud rivoyatlari).

  • Kamtar va tavozeliliklari;

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam liboslarini o‘zlari yamab, jonivorlar sutini o‘zlari sog‘ar edilar. Oisha onamiz raziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ko‘ylaklarini yamar, oyoq kiyimlarini tikar, er kishi uyda qiladigan barcha ishlarni bajarar edilar” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Ibn Abbos raziyallohu anhumo aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tahorat olish (da suv quyib turish) va sadaqa berish ishlarini hech kimga buyurmas, faqat o‘zlari bajarar edilar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam qulning ham, hurning ham chaqirig‘ini birdek qabul qilar edilar. U Zot kambag‘allar bilan birga majlis qurar va miskinlar bilan birga ovqatlanar edilar.

  • Kamtar hayot kechirsalar-da, ehsonlari shohlarnikidan ham a'lo edi;

Nabiy sallallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiysi bo‘lganlar. U Zot huzurlarida dinor yoki dirham bo‘lsa, uxlashga yotmaganlar. Agar biror narsa ortib qolsa va uni bergani odam bo‘lmasa, o‘sha narsadan qutilmagunlaricha, muhtoj odamga bermagunlaricha uxlamaganlar. Anas raziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi keldi. Unga ikki tog‘ o‘rtasidagi sadaqa qilish uchun boqiladigan qo‘ylardan ko‘pini berib yuborishga buyurdilar. U kishi o‘zining qavmiga kelgach: “Ey qavm! Islomni qabul qilinglar! Darhaqiqat, Muhammad yo‘qchilikdan qo‘rqmasdan bularni berdi”, – dedi (Imom Muslim, Imom Ahmad rivoyati).

Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan nama so‘ralsa, o‘shani berar edilar. Ko‘pincha yil oxirigacha biror narsa kelmasa, o‘zlari muhtoj bo‘lib qolar edilar.

  • Har bir ishni oxiriga yetkazardilar:

Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam biron ish yoki narsani ertaga qoldirmas edilar” (Imom Termiziy rivoyati).  

  • Poklik va ozodalikka e'tibor berishlari;

Nabiy alayhissalom insonning vujudi, kiyimi va unga xos narsalar pokligi bilan birga, uning atrofidagi narsalar ham ozoda bo‘lishiga katta ahamiyat berar edilar. U Zotning o‘zlari bu borada barchaga o‘rnak edilar. O‘z hadisi shariflarida: “Poklik iymonning yarmidir”, – der edilar (Imom Muslim rivoyatlari). Boshqa bir o‘rinda: “Albatta, Alloh taolo pokdir, poklik va ozodalikni yoqtiradi. Poklaninglar, yon-atroflaringni ozoda tutinglar, hovli, uy-joylaringizni toza tutinglar”, – der edilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

(Imom-xatiblar mav'izaning mana shu o‘rnida Payg‘ambarimizning poklikka jiddiy e'tibor qaratganlari bugungi kunda, xususan pandemiya sharoitida naqadar dolzarb ekanligi haqida o‘z so‘zlari bilan, jonli tarzda namozxonlarga tushuntirib  beradilar...).

Muhtaram jamoat!  Suyukli Payg‘ambarimiz alayhissalomning fazilatlarini, go‘zal xislatlari, oliy xulqlarini sanab adog‘iga yetkazib bo‘lmaydi. Afsuski, hozirda duyoning ba'zi joylarida sarvari olamning sha'nilariga nisbatan odobsizliklar qilinmoqda. Buning sababi ularning Nabiy alayhissalomning olamlarga rahmat ekanlarini, insoniyatga taqdim etgan ulkan xizmatlarini bilmasliklaridir. Aslida bunday g‘ayri insoniy hatti harakatlar ularning o‘zlariga ziyon keltiradi xalos. Zero, Quyoshga qarata chang solmoqchi bo‘lgan kimsaning o‘z usti boshi kir bo‘ladi, Quyoshga zarracha ham ta'sir qilmaydi.

Biz ummat o‘laroq insoniyatning eng buyugi – suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari, sunnatlari, go‘zal shamoillari va yuksak axloqlarini qunt bilan o‘rganishimiz va yosh avlodlarga o‘rgatishimiz zimmamizdagi oliy burchimizdir. Alhamdulillah, hozirda Habibimiz alayhissalomning muborak siyratlariga bag‘ishlangan turli-tuman kitoblar nashr etilgan. Biz oila a'zolarimiz davrasida shu kitoblardan mutolaa qilishni joriy qilaylik. Farzandlarimiz qalbida Nabiy alayhissalomga nisbatan muhabbatni uyg‘otaylik. Zero, hazrati Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

"أدِّبُوا أوْلادَكُمْ على ثلاثِ خِصالٍ: حُبِّ نَبِيِّكُمْ ، وَحُبِّ أهْلَ بَيْتِهِ ، وقِراءَةِ القُرآنِ ، فإِنَّ حَمَلَةَ القُرآنِ في ظِلِّ الله يَوْمَ القِيامَةِ يَوْمَ لا ظِلَّ إلاَّ ظِلُّهُ مَعَ أنْبِيائِهِ وأصْفِيائِهِ (رواه الامام الطبرانى)

ya'ni: “Farzandlaringizga uch xislat: Nabiyyingizga , U zotning ahli baytiga va tilovati Qur'onga muhabbat asosida odob beringlar. Chunki, Qur'on egalari Qiyomat kuni Allohning soyasidan boshqa soya bo‘lmaydigan kunda, U Zotning soyasida anbiyolar va asfiyolar bilan birga bo‘lurlar, – deganlar (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Alloh taolo barchamizga Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishni, U Zotdan o‘rnak olishni nasib etsin! Omin!

 

"Olamlarga rahmat bo‘lgan Payg‘ambar" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 30/10/2020 07:14;   Ko‘rilganligi: 1894
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/juma/30102020-y-olamlarga-rahmat-bolgan-paygambar
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 11:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing