O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

27.12.2019 y. Amallar niyatga bog‘liqdir

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الْمُطَّلِعِ عَلَى الضَّمَائِرِ وَالنِّيَّاتِ، وَصَلَّى اللهُ وَسَلَّمَ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ الْمَبْعُوثِ بِالْآيَاتِ الْمُحْكَمَاتِ، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنِ اسْتَنَّ بِسُنَّتِهِ مِنَ الْبَرِيَّاتِ، اَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Niyat – dinimizdagi eng muhim amallardan biri bo‘lib, oddiy ishlar ham niyatni yaxshiligi sababli savobli amallarga aylanadi va niyatning yomonligi tufayli gunoh ishlar qatoriga kiradi. Niyat – qalb amalidir. Agar qalbdan niyat qilib, uni tilda ham zikr etsa, yanada yaxshi. Musulmon kishi dunyo hayotida qilayotgan har bir ishini ibodat darajasiga ko‘tarishga harakat qilishi kerak. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالْإِنْسَ إِلَّا لِيَعْبُدُونِ

ya'ni: “Men jinlar va insonlarni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Zoriyot surasi, 56-oyat).

Yana bir oyati karimada Alloh taolo O‘z bandalarini faqat ezgu ishlar qilishga chorlab, bunday deydi:

فَمَنْ كَانَ يَرْجُوا لِقَاءَ رَبِّهِ فَلْيَعْمَلْ عَمَلًا صَالِحًا وَلَا يُشْرِكْ بِعِبَادَةِ رَبِّهِ أَحَدًا

ya'ni: “Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin”!  (Kahf surasi, 110-oyat).

Shuning uchun har bir banda chinakam ma'rifatga erishish uchun yaxshi niyat orqali ezgu amallarni ko‘paytirishi lozim. Darhaqiqat, biz qiladigan amallarimiz uchun niyatimizga ko‘ra ajr-savobga erishamiz. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

"إِنَّمَا الْأَعْمَالُ بِالنِّيَّاتِ وَإِنَّمَا لِكُلِّ امْرِئٍ مَا نَوَى" ... (مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ).

ya'ni: “Amallar faqat niyatlarga ko‘radir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo‘ladi” (Muttafaqun alayh).

Imom Ahmad ibn Hanbal ushbu hadis haqida: “Ilmning uchdan biri shu  hadisda”, – desalar, Imom Shofe'iy “Ilmning yarmi shu hadisda”, – deb aytganlar. Imom Abu Dovud esa “Bu hadis Islomning madori bo‘lgan hadislardandir”, – deganlar. Mazkur zotlar aytgan ma'lumotlarning o‘ziyoq dinimizda niyatga katta ahamiyat berilganini ko‘rsatib turibdi.

Ushbu hadisga ko‘ra, har bir katta yoki kichik ishni yaxshi niyat bilan bajarsak, savob olamiz. Masalan, yeyish, ichish kabi muboh amallar ibodat va kasbu korga quvvat bo‘lish niyatida bajarilsa, ibodatga aylanib, evaziga ajr olinadi. Ammo faqat qornini to‘ydirish uchun yeb-ichilsa, savob bo‘lmaydi.

Kishi rizq axtarib ko‘chaga chiqishdan oldin “Alloh taolo ahl-oilam nafaqasini zimmamga farz qilgan, shuni ado etish uchun O‘zidan yordam so‘rab, ishga chiqyapman, agar Alloh muvaffaq qilsa, oilam oldidagi shariat yuklagan vazifani bajaraman, topgan pulimdan muhtojlarga va xayrli ishlarga ehson qilaman” deb yaxshi niyat qilsa, uning har bir qadami va olgan har bir nafasi ibodatga aylanadi.

Kishining masjidda o‘tirishidan maqsadi namozni kutish bo‘lsa, o‘tirganini o‘ziga savob oladi. Dam olish niyatida o‘tirsa, dam olishi mumkin, lekin savob olmaydi.

Kishi uyquga yotish oldidan “uxlab tetiklashib olsam, Allohga yanada ko‘proq ibodat qilaman”, deb niyat qilsa, uning uyqusi ham ibodatga, savobli amalga aylanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"مَنْ أَتَى إِلَى فِرَاشِهِ وَهُوَ يَنْوِي أَنْ يَقُومَ يُصَلِّي مِنَ اللَّيْلِ فَغَلَبَتْهُ عَيْنَاهُ حَتَّى أَصْبَحَ: كُتِبَ لَهُ مَا نَوَى، وَكَانَ نَوْمُهُ صَدَقَةً عَلَيْهِ مِنْ رَبِّهِ عَزَّ وَجَلَّ"  (رواه الإمامُ النسائي عن أبي الدَرْداء رَضِي اللهُ عنه).

ya'ni: “Kim tunda turib namoz o‘qimoqni niyat qilib, to‘shagiga yotsa, ammo uyqu zo‘rlik qilib bomdodda uyg‘onsa, u kishiga niyat qilgan amalining savobi yoziladi va uyqusi unga Alloh taoloning sadaqasi hisoblanadi” (Imom Nasoiy rivoyatlari).  

Ilm talab qilishdan maqsad talabi ilm – farz degan niyatda bo‘lsa, savob oladi, kelajakda ilm orqali mol-dunyo va mansabga erishib, o‘ziga va o‘zgalarga manfaat yetkazishni niyat qilgan bo‘lsa, unga alohida savob oladi.

Hayvonlarni boqishda “dinimiz hayvonlarga mehribonlik ko‘rsatishga buyurgan” degan niyatda boqsa, savob oladi, u orqali pul topib, oilani boqishni niyat qilsa, unga alohida savob oladi.

Bu qoida inson hayotidagi har bir narsaga nisbatan qo‘llanilaveradi. “Islom dini – oson din” deyilishining ma'nosi ham shu. Islomda odat va zarurat hisoblangan narsalarni ham ibodatga aylantirish juda oson. Birgina niyatni tuzatish bilan barcha amallar savobga aylanadi.

Imom Jafar ibn Hayyon rahmatullohi alayh shunday deganlar:

"اَلنِّيَّةُ مُلاَّكُ الْأَعْمَالِ فَبِصِحَّتِهَا تَصِحُّ وَبِفَسَادِهَا تَفْسُدُ" (أخرجَه الإمامُ أحمدُ في الزهد).

ya'ni: “Niyat amallarning boshqaruvchisidir. Agar niyat to‘g‘ri bo‘lsa, amal ham to‘g‘ri va savobli bo‘ladi. Agar niyat buzuq bo‘lsa, amal ham buzuq bo‘ladi” (Imom Ahmad “Zuhd” kitoblarida keltirganlar).

Demak, musulmon inson shunchalar baxtli insonki, u o‘z hayotining har bir lahzasini, har bir amalini Allohga ibodatga aylantirishi mumkin. Musulmon insonning ibodatga aylanmaydigan amali yo‘q, uning shaxsiy, oilaviy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va boshqa amallari barchasi ibodat bo‘lishi mumkin. Buning uchun esa undan ko‘p narsa talab qilinmaydi. O‘z dinining ko‘rsatmalarini o‘rgansayu, niyatini shunga moslasa, kifoya. Shu bilan butun boshli bir hayot ibodatga aylanadi.

Solim ibn Abdulloh rahmatullohi alayhning Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayhga yo‘llagan maktubida bunday satrlar bor edi: “Bilginki, Allohning bandaga yordami, albatta, uning niyatiga qarab bo‘ladi. Kimning niyati xolis, mukammal bo‘lsa, unga Allohning yordami ham to‘la-to‘kis bo‘ladi. Yordamning noqis bo‘lishi, bandaning niyati nuqsonligidandir”.

Hadisi qudsiyda shunday marhamat qilingan:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عنهما عَنِ النَّبِيِّ صلى اللهُ عليه وسلم، فِيما يَرْوي عَنْ رَبِّهِ عَزَّ وَجَلَّ، قَالَ: قَالَ إِنَّ اللهَ كَتَبَ الْحَسَناتِ وَالسَّيِّئاتِ، ثُمَّ بَيَّنَ ذَلِكَ، فَمَنْ هَمَّ بِحَسَنَةٍ فَلَمْ يَعْمَلْها كَتَبَها اللهُ لَهُ عِنْدَهُ حَسَنَةً كامِلَةً، فَإِنْ هُوَ هَمَّ بِها فَعَمِلَها كَتَبَها اللهُ لَهُ عِنْدَهُ عَشْرَ حَسَناتٍ، إِلى سَبْعِمائَةِ ضِعْفٍ، إِلى أَضْعافٍ كَثيرَةٍ، وَمَنْ هَمَّ بِسَيِّئَةٍ فَلَمْ يَعْمَلْها، كَتَبَها اللهُ لَهُ عِنْدَهُ حَسَنَةً كامِلَةً، فَإِنْ هُوَ هَمَّ بِها فَعَمِلَها كَتَبَها اللهُ لَهُ سَيِّئَةً واحِدَةً

(رواه الإمامُ البخاري والإمام مسلم)

ya'ni: Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Alloh taolodan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda shunday deganlar: “Albatta Alloh taolo yaxshilik va yomonliklarni yozib, uni bayon qilib qo‘ydi: “Kim bir yaxshilikni qasd qilsayu, amalga oshira olmasa, Alloh taolo O‘z huzurida unga komil bir yaxshilik qildi, deb yozib qo‘yadi. Agar qasd qilib, bajarsa, Alloh taolo unga yaxshi amali uchun o‘ntadan yetti yuz barobar va undan ham ziyodagacha ajr berur. Agar biror yomonlikni qasd qilsayu, uni amalga oshira olmasa, Alloh taolo O‘z huzurida unga komil bir yaxshilik qildi, deb yozadi. Agar yomonlikni qasd qilsayu, bajarsa, Alloh taolo unga bitta yomonlik yozadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Bir kishi olimlarga aytdi: “Menga bir yo‘l ko‘rsatingki, u orqali Alloh taologa doimo maqbul amallar qilay, butun hayotim Alloh uchun ibodatga aylansin”. Unga aytishdiki: “Yaxshilikni niyat qil, qo‘lingdan kelganicha yaxshi amallar qilaver, agar undan toliqsang yoki amalga oshira olmay qolsang ham, uni davom ettirishda himmat ko‘rsataver. Albatta, yaxshi amal qilishga himmatli bo‘lish – uni bajarish bilan barobardir”.

Muhtaram azizlar! Umrimizning yana bir yili tugab, yangi sahifasi ochilmoqda. Shuning uchun barchamiz o‘tgan umrimizdagi yaxshi-yomon ishlarimizdan xulosa qilib, 2020 yilni faqat yaxshi amallar, savobli ishlar, dunyo va oxiratimiz uchun zaxira bo‘ladigan amali solihlar bilan o‘tkazishni maqsad qilmog‘imiz lozimdir.

Mo‘min-musulmon kishi har kunini qadriga yetib, uni o‘tgan kunidan ko‘ra ko‘proq va yaxshiroq savobli amallar bilan o‘tkazishga harakat qilmog‘i lozim. O‘tgan kundagi ishlariga mag‘rurlanib, o‘sha bilan kifoyalanib qolib, yanada ko‘proq harakat qilishga oshiqmaslik – oqil mo‘minning ishi emasdir.

Albatta, shuni ta'kidlab o‘tish lozimki, bayramni bahona qilib shariatimiz va urfimizga mos kelmaydigan va ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘ladigan ishlarga qo‘l urishdan, xususan, ichkilikbozlik kabi illatlarga berilishdan, farzandlarimizni esa man etilgan pirotexnika vositalarini ishlatmasligidan ogoh etishimiz lozim.

O‘tgan yilni sarhisobini qilib, 2020 yilda umrimizga umr qo‘shilishini, savob va ezgu ishlarimizning ko‘payishini niyat qilib, yaqinlarimizga ham ushbu tilaklarni bildirib, jonajon Vatanimizga tinchlik va barqarorlik, mehribon va mehnatkash xalqimizga farovonlik tilaylik!

Alloh taolo barchamizga har bir ishimizda yaxshi niyatni hamroh aylab, hayotimizni ezgu va savobli ishlar bilan o‘tkazishimizni nasib aylasin! Omin!

 

"Amallar niyatga bog‘liqdir" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 25/12/2019 16:44;   Ko‘rilganligi: 9138
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/juma/27122019-y-amallar-niyatga-bogliqdir
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 04:34
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing