O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

21.02.2020 y. “Takfir” tushunchasi

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ رَبِّ الْعَالَمِيْن، وَأَفْضَلُ الصَّلاَةِ وَأَتَمُّ التَّسْلِيْمِ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْن، أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Bugungi suhbatimizni ham islom aqidasiga bevosita bog‘liq bo‘lgan mavzuga bag‘ishlaymiz. Suhbatimizda islom olamida ayanchli oqibatlarga sabab bo‘layotgan, jaholat tufayli fitnalarga zamin yaratayotgan “takfir” tushunchasini mazmun-mohiyatini sharhlab o‘tamiz. “Takfir” tushunchasi  “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma'nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan turib, “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas! Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:

لا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً

ya'ni: “Sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar”
(Niso surasi 94-oyat).

Demak, Alloh taolo bu  oyati karimada shoshma-shosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarib, ish ko‘rishdan qaytarmoqda.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday dedilar:

"‏ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ"

(رَواهُ الإمامُ مسلم عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه).

ya'ni: “Uch narsa imonning aslidandir. “La ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya'ni, haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, uni qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

"وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ"

 (رَواهُ الإمامُ البُخاري عن ثابتٍ بنِ الضَحَّاكِ رضي الله عنه).

ya'ni: “Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: “Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi”, – deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekanligi haqida Alloh taolo shunday degan:

وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا 

ya'ni: “Kimda-kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Allohning g‘azabi va la'nati yog‘ilur va Alloh unga ulkan azobni tayyorlab qo‘ygandir (Niso surasi 93-oyat).

Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mushhur hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

"أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر؛ فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا؛ إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ، وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ"

(رواه الإمامُ مسلم عن عبدِ اللهِ بْنِ عُمَرَ رضي الله عنه)

ya'ni: “Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Bu ma'nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta'kidlangan.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ta'limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq o‘zlarini ehtiyot qilganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.

Islom tarixidan ma'lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur'at etganlar “Xavorij” firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, islomdan chiqadi”, – dedi. Bora-bora “Xavorij”larning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishi bo‘lmay qoldi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning behisob qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik islomga katta zarar yetkazgan kuch bo‘lmaganini ta'kidlaydilar.

Afsuski, hozirgi kunda ham “Xavorij” firqasining g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘amlari” yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar. Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolariga ko‘ra, “Hozirda musulmonman deb yurganlarning uchdan ikkisi mushrik va kofir bo‘lib ketgan” (Alloh asrasin!).  Bularning bu “fatvosi”ning puch ekani Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ ya'ni: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz” degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.

Mashhur sahobiy Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi:

هَلْ كُنْتُمْ تُسَمُّوْنَ شَيْئاً مِنَ الذُّنُوبِ كُفْراً أَوْ شِركاً أَوْ نِفَاقاً؟ قَالَ: مَعَاذَ اللهُ، وَلَكِنَّا نَقُولُ: مُؤْمِنِيْنَ مُذْنِبِيْنَ

ya'ni: “Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U zot: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz” dedilar” (“Majma'uz zavoid va manba'ul favoid” kitobi).

Ahli sunna val jamoa e'tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar. Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A'zam rahmatullohi alayh o‘zlarining “Fiqhul akbar” kitoblarida shunday deganlar:

وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا

ya'ni: “Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.

Buyuk muhaddis olim Abu Ja'far Tahoviy al-Hanafiy ham o‘zining “Al-Aqida at-tahoviya” asarida shunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.

Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ

ya'ni: Mashhur hanafiy ulamolardan Ibn Nujaym rahmatullohi alayh aytadilar: “Agar musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush-shifo” kitobi).

Ammo hozirgi  kundagi adashganlar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqizini qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, – deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga tamomila ziddir.

O‘tgan asrimizning zabardast olimi Muhammad Said Ramazon Butiy rahmatullohi alayh bir maqolalarida quyidagilarni yozadilar: “Men sahobalarning zamonlarini o‘rgandim, ulardan birortasining gunoh qilgan kimsani kofirga chiqarganlarini ko‘rmadim. Tobeinlarning davrlarini tekshirdim, ularning ichlarida “Mo‘tazila”, “Jahmiyya”, “Xavorij” va boshqa firqalar bo‘lishiga qaramasdan, ular ham hech kimni gunohi sababli kofirga chiqarmaganlar. Endi hozirgi kundagi har bir gapida musulmonni kofirga chiqarayotgan kimsalarga nima deyish mumkin. Ular: “Biz sahoba va tobeinlarga ergashamiz”, degan da'voni ko‘taradilaru, lekin qilayotgan ishlari aslo sahoba va tobeinlarning amallariga to‘g‘ri kelmaydi. Ular musulmonni kofirga chiqarishni xuddi bandani Allohga yaqinlashtiradigan tasbeh singari ko‘p ishlatadilar”.

(Imom-xatiblar mav'izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda takfirning salbiy oqibatlari, uning xatari haqida gapirib beradilar...)

Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-elpi tushinish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e'tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar

  وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ

ya'ni: Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz! (Baqara surasi 152-oyat) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya'ni, gapni kofirlikka buradilar. Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya'ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne'matni yashirish – noshukrlik qilishdir” deganlar.

Bu kabi misollarni Qur'oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin. Shunday ekan, Qur'oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.

Muhtaram jamoat! Tangani ikki tomoni bo‘lgani kabi, har bir musulmon qalbini shubhalardan, tilini kufriy lafzlar (kishini kofirlikka yetaklaydigan so‘zlar)dan nihoyatda ehtiyot qilishi zarur. Ulamolarimiz kufr lafzlari haqida aqida kitoblarida alohida boblar yozganlar.

Shunday ekan, musulmon kishi islom shiorlari (muqaddas tushunchalar)ni masxara qilishi va past sanashi orqali dindan chiqib qoladi. Masalan, Alloh taoloni sherigi yoki bolasi bor deyish, Alloh taologa Unga noloyiq bo‘lgan sifatlar nisbatini berish, Alloh yoki payg‘ambarlarni masxara qilish, ular buyurgan topshiriq va qaytariqlarni inkor qilish, din amallari va shiorlarini past sanash va masxaralash, Qur'oni karim, farishtalar, jannat, do‘zax, Qiyomat kuni, qayta tirilish va namoz kabi farzlarni inkor qilish, ularni mensimaslik, masxara qilish va odamlarni kuldirish uchun ular haqida latifa to‘qish kishini imoniga futur yetkazadi.   

Bu haqda mashhur muhaqqiq olim Imom Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh “Sahih Buxoriy”ga sharh yozgan o‘zlarining “Fathul Boriy” kitoblarida bunday deganlar: 

مَنْ ثَبَتَ لَهُ عَقْد الْإِسْلَام بِيَقِينٍ لَمْ يَخْرُج مِنْهُ إِلَّا بِيَقِينٍ (الفَتْحُ البَّارِي)"

ya'ni: “Kimning islomi (musulmonligi) aniq bo‘lsa, u islomdan faqat aniq kufr bilangina chiqadi” (Alloh asrasin!).

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q! Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar. Shunday ekan, musulmon shaxs sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da'vo qilar ekan, ushbu qoidani mahkam tutishi lozimdir.


Muhtaram jamoat! O‘tgan juma ma'ruzalarida tahoratning farzlari bilan batafsil tanishayotgan edik. Bugun ana shu mavzuni davom ettirib, tahoratda oyoq yuvishga tegishli masalalar bilan tanishib chiqamiz.

Tahoratning to‘rtinchi farzi – oyoqlarni to‘piq bilan qo‘shib yuvishdir. Bir kishining qo‘li tirsagining yoki oyog‘i to‘pig‘ining yuqorisidan kesilgan bo‘lsa, bu a'zolarni yuvish o‘z-o‘zidan soqit bo‘ladi. Lekin tirsak va to‘piqdan ozginasi qolgan bo‘lsa, o‘sha yerni yuvish farz bo‘ladi. Oyog‘ini kesib tashlasa ham, bilmaydigan darajada oyog‘i shol bo‘lgan kishi tahoratda oyog‘ini yuvishi shart hisoblanadi.

Oyoqlari yorilgan kishi yorilgan joylariga malham surtgan bo‘lsa-yu, tahorat qilganda malham ostiga suv yetmasa, qaraladi: Agar suvning malham ostiga yetishi yorilgan joylariga zarar qilsa, tahorati joiz sanaladi. Agar zarar qilmasa, malham ostiga suv yetkizmaguncha, tahorati joiz hisoblanmaydi.

Tahoratda oyoq barmoqlarini xilol qilish – sunnati muakkada sanaladi. “Xilol qilish” deganda – oyoq barmoqlari orasidan suv tomchilab turgan qo‘l barmoqlarini o‘tkazib, barmoqlar orasiga suv yetkazish tushuniladi. Oyoqlari semiz, barmoqlarining orasiga suv yetmaydigan kishining oyoq barmoqlari orasini xilol qilishi farz bo‘ladi.

Oyoq barmoqlarini xilol qilishda – chap qo‘lining jimjiloq barmog‘i yordamida o‘ng oyog‘ining barmoqlaridan boshlab chap oyog‘ining kichik barmog‘igacha suv yetkazadi. Bunda jimjiloq barmog‘ini oyoq barmoqlarining ostidan kiritadi.

Agar barmoqlarining tirnog‘i barmoqlarning uchini to‘sadigan darajada uzun bo‘lsa, tahorat paytida tirnoqlarning ostiga suv yetkazish vojibdir (manba: “Fatavoyi hindiyya” kitobi).

 

 "“Takfir” tushunchasi" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 20/02/2020 16:02;   Ko‘rilganligi: 1684
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/juma/21022020-y-takfir-tushunchasi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 11:21
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing