O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

11.09.2020 y. Yetimlarga g‘amxo‘rlik – ulkan savob

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ أَوصَى بِالإِحْسانِ إِلى الأَيْتامِ، وأَمَرَ لَهُمْ بِجَمِيلِ الرِّعايَةِ وحُسْنِ القِيامِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا ونبينا مُحَمَّدٍ رُعاةِ حُقُوقِ المِسكِينِ واليَتِيمِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, dinimizda jamiyatning har bir a'zosiga alohida e'tibor bilan qaraladi. Katta yoki kichik bo‘lsin, erkak yoki ayol bo‘lsin har bir inson hurmat-ehtiromga loyiqdir.

Alloh taoloning xohish irodasi bilan gohida bolalar yoshligidanoq ota-onasidan ajraladilar. Ular uchun ota-onani o‘rnini bosuvchi kishilarga ehtiyoj tug‘iladi. Yetim bolalar aynan yordam va e'tiborga loyiq jamiyat a'zolaridir. Alloh taolo jamiyatdagi boshqa shaxslarning yetimlarga bo‘ladigan munosabati, ularning mol-mulklariga oid hukmlarni ham Qur'oni karimda va O‘z payg‘ambari Muhammad sallallohu alayhi vasallamning hadisi shariflari orqali bayon qilib bergan.

Musulmon jamiyatining yetimlarga ko‘rsatadigan birinchi e'tibori, yetimlarning dilini og‘ritmaslik, ularning haqqini yemaslik va ular balog‘at yoshiga yetgandan keyin, ularning mol-mulklarini o‘zlariga qaytarib berishdir. Bu haqida Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

 وَابْتَلُوا الْيَتَامَى حَتَّى إِذَا بَلَغُوا النِّكَاحَ فَإِنْ آَنَسْتُمْ مِنْهُمْ رُشْدًا فَادْفَعُوا إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ وَلَا تَأْكُلُوهَا إِسْرَافًا وَبِدَارًا أَنْ يَكْبَرُوا وَمَنْ كَانَ غَنِيًّا فَلْيَسْتَعْفِفْ وَمَنْ كَانَ فَقِيرًا فَلْيَأْكُلْ بِالْمَعْرُوفِ فَإِذَا دَفَعْتُمْ إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ فَأَشْهِدُوا عَلَيْهِمْ وَكَفَى بِاللَّهِ حَسِيبًا

ya'ni: “Yetimlarni, to balog‘at yoshiga yetgunlariga qadar  nazorat qilib (voyaga yetish vaqtini kuzatib) turingiz: voyaga yetganlarini sezsangiz, (qo‘lingizdagi omonat) mol-mulklarini o‘zlariga topshiringiz! Ularni isrof qilib va (ulg‘ayib qolmasinlar deb) shoshqaloqlik bilan yeb yubormangiz! Kim boy bo‘lsa, (etimning mulkidan yeyishdan) saqlansin. Agar kambag‘al bo‘lsa, yaxshilikcha (me'yorida olib) esin. Mol-mulklarini o‘zlariga qaytarganingizda, ularga guvoh chaqiringiz. Alloh hisob-kitobda kifoya qiluvchi zotdir” (Niso surasi, 6-oyat).

Fiqhiy qonun-qoidalarga ko‘ra, shariatimizda yetim deb balog‘atga yetmasidan oldin otasi vafot etgan bolaga aytiladi. Balog‘at yoshiga yetganidan so‘ng yetim hisoblanmaydi. Bu xususda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"لَا يُتْمَ بَعْدَ احْتِلَامٍ، وَلَا صُمَاتَ يَوْمٍ إلَى اللَّيْلِ"

(رَوَاهُ الامام أَبُو دَاوُد عَنْ عَلِيِّ رضي الله عنه)

ya'ni: Ehtilom (balog‘atga yetgan)dan so‘ng yetimlik yo‘qdir. Kunduzi to kechgacha sukut qilib, (boshqa dindagilarda bo‘lgani kabi) jim turish ham yo‘qdir”, (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Demakki, yuqoridagi oyat va ushbu hadisning dalolatiga ko‘ra yetimlarning voyaga yetishlari, ularning mustaqil hayotga qadam qo‘yishlari bilan shart-sharoitlar o‘zgaradi.

Muhtaram jamoat! Bizning diyorlarda yetim-esirlarga alohida g‘amxo‘rlik qilish, ularning boshini silash ulkan savob ekani, yetimning haqqini yeyish og‘ir gunoh ekanligi kabi tushunchalar xalqimizning qon-qoniga singib ketgandir. Bizning ota-bobolarimiz oliyjanob islom dinimizning ta'limotiga amal qilib, yetimlar, moddiy-ma'naviy ko‘mak va himoyaga muhtoj bo‘lganlarga mehr-muruvvat ulashib, kerak bo‘lsa uylaridan joy berganlari faxrlansa arzigulik ishdir.

Yetimni kafolatiga olishning fazilati, unga beriladigan savoblarning ulug‘ligi haqida Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"أَنَا وَكَافِلُ الْيَتِيمِ فيِ الْجَنَّةِ هَكَذَا" وَأَشَارَ بِالسَّبَّابَةِ وَالْوُسَطَى وَفَرَّجَ بَيْنَهُمَا

(رواه البخاري عن سهل بن سعد رضي الله عنه)

ya'ni: Yetimni o‘z qaramog‘iga olgan kishi jannatda men bilan mana shunday yonma-yon turamiz”, - deb ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlari orasini ochib ko‘rsatdilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Keyingi paytlarda “tirik yetimlar” degan iboraning ko‘p eshitilishiga ham asoslar bor. “Tirik yetim” deganda otasi tirik bo‘la turib, farzandlarini tashlab ketgan, ularni nafaqasiz, tarbiyasiz, qiyin sharoitda yashashga majbur qilgan insofsiz, vijdonsiz, otalarning farzandlari tushuniladi. Axir o‘zining rohatini ko‘zlab, oilasini va go‘dak farzandlarini qarovsiz qoldirib ketayotgan insonlarni komil musulmon deb bo‘ladimi!?

Yetimni kafolatga olishning fazilatli bo‘lishi muqobilida, Qur'oni karimda yetimga qahr qilmaslik, unga meros qolgan molga ko‘z olaytirmaslik ta'kidlanadi:

فَأَمَّا الْيَتِيمَ فَلا تَقْهَرْ

ya'ni: “Bas, endi Siz (ham) yetimga qahr qilmang!” (Zuho surasi, 9-oyat).

 Vaholanki, yetimlarga g‘amxo‘rlik qilish borasida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

"خَيْرُ بَيْتٍ فِي الْمُسْلِمِينَ بَيْتٌ فِيهِ يَتِيمٌ يُحْسَنُ إِلَيْهِ، وَشَرُّ بَيْتٍ فِي الْمُسْلِمِينَ

بَيْتٌ فِيهِ يَتِيمٌ يُسَاءُ إِلَيْهِ"

(رواه البخاري عن عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya'ni: Musulmonlarning uyi ichida eng yaxshisi yetimga yaxshi munosabatda bo‘lgan uydir. Musulmonlarning uyi ichida eng yomoni yetimga yomonlik qilinadigan uydir, - deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Yetimni o‘z qaramog‘iga olishga haqliroq kishi avvalo, uning eng yaqin qarindoshlaridir. Chunki, boshqalarga qaraganda qarindoshlari, yaqin kishilari yetimga nisbatan mushfiq va mehribonroq bo‘ladi.

Shariatimiz yetimlarning ta'minotini, agar unga mol meros qolgan bo‘lsa, o‘shandan, mol qolmagan bo‘lsa, yaqin qarindoshlarining mablag‘idan ta'minlanishi belgilab qo‘yilgan. Masalan, yetimni bobosi yoki balog‘atga yetgan akasi, yoki amakisi yetimni moddiy jihatdan ta'minlash vojib bo‘ladi.

Yaqin qarindoshlardan tashqari yetimlarni qaramog‘iga olmoqchi bo‘lganlar, ularni o‘z qarindoshlari davrasida (masalan, bobo va buvilari) qoldirib, homiylik qilsalar yana ham yaxshiroq bo‘ladi.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, pandemiya davrida aholining daromadi kam bo‘lgan qismi birmuncha qiyinchilikka duch keldi. Jumladan, otasini yo‘qotgan yetimlarning ham vaziyati og‘ir bo‘ldi, lekin xalqimizning saxovatli farzandlari ayni mana shu mashaqqatli davrda yetimlarga o‘zlarining xususiy mol-mulklari yoki turli fond va jamg‘armalar orqali yordam berishmoqda. Albatta, Alloh taolo ular sarflagan mablag‘larning o‘rnini bir necha barobar qilib to‘ldiradi va va'da qilgan katta ajrlarini beradi. 

Ma'lumki, dinimiz qoidalariga ko‘ra hech kimi bo‘lmagan yetimlarning homiysi davlatdir. Hozirgi kunda davlatimiz tomonidan ham yetimlar uchun “Mehribonlik uylari” tashkil qilinib, u yerda tarbiya topayotgan bolalarga g‘amxo‘rlik qilib kelinmoqda. Balki, ularga moddiy tomondan hamma sharoitlar yaratib berilmoqda. Biroq, har qancha bo‘lsa-da, ota-onasining mehrini hech kim berolmaydi. Shuning uchun, farzandlarini tirik yetim qilayotgan otalar, o‘z jigarlaridan voz kechib ketayotgan onalar naqadar og‘ir gunoh qilayotganlarini anglamoqlari lozim.

Pandemiya sababli bir qancha oilalar boquvchisini yo‘qotdi. Ular qatorida yetim qolgan bolalar ham bor. Barchamiz atrofimizdagilarga e'tiborli bo‘lib, qiyin ahvolda qolgan yetimlar va beva-bechoralardan xabardor bo‘lib turishimiz, ularga ozmi-ko‘pmi qo‘limizdan kelgancha yordam berib turishimiz dinimiz targ‘iboti va odamiylik talabidir. Alloh taolo bizni baxillikdan saqlab, saxovatli kishilardan qilsin!

Azizlar! Ma'ruzamizning davomida namozning farzlaridan bo‘lmish takbiri tahrimaga oid ba'zi masalalar haqida suhbatlashamiz.

  • Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va takbiri tahrima – “Allohu akbar” lafzini aytib namozga kiriladi.
  • Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni Qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.
  • “Allohu akbar”, deb takbir aytganda “Alloh” lafzidagi “a” tovushini cho‘zib “Aaalloh” desa, yoki “Akbar” so‘zidagi “a” tovushini cho‘zib “Aaakbar” desa, yoki “ba” tovushini cho‘zib “Akbaaar” desa, namozga kirgan bo‘lmaydi, ya'ni namozi buziladi.
  • Imomga iqtido qiluvchi kishi namozga kirishda imomdan oldin “Allohu akbar”ni aytib qo‘ysa, namozga kirishgan bo‘lmaydi. Shuning uchun imom “Allohu akbar” ni “ro” siga kelganda, iqtido qiluvchi kishi “Allohu akbar” ni boshlashi kerak.
  • Namozga kechikib kelgan kishi imomni ruku qilib turganini ko‘rsa va birinchi rukuga ketib, keyin takbiri tahrima aytsa, namozga kirishgan bo‘lmaydi. Chunki takbiri tahrimani tik turgan holda aytish kerak (Manba: “Fatovoi hindiyya” kitobi).

Alloh taolo barchamizni muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zishga tavfiq bersin va buning evaziga va'da qilingan ulug‘ ajru savoblarni olishni nasib qilsin! Omin!

 

"Yetimlarga g‘amxo‘rlik – ulkan savob" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 10/09/2020 14:04;   Ko‘rilganligi: 2774
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/juma/11092020-y-etimlarga-gamxorlik-ulkan-savob
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 19:20
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing