O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

11.08.2019 y. IYDI QURBON MUBORAK!

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Avvalo Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin! Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, yana bizni shunday ulug‘ kunlarga tinchlik-osoyishtalikda, sog‘-salomatlikda yetkazdi! Bu kunda hamma, boyu kambag‘al barobar xursand bo‘ladigan kundir. Bu kunda Alloh taoloning ko‘plab xayru barakasi yer yuzidagi bandalari ustiga yog‘iladi. Zero, musulmonlarning eng mo‘tabar bayramlaridan biri Qurbon hayiti nishonlanmoqda.

Alloh taolo bu kunda bizlarni hayit namozini o‘qishga, qurbi yetgan kishilarni esa qurbonlik qilishga buyurgan. Bu haqda Qur'oni karimda bir necha oyati karimalar nozil bo‘lgan:

وَالْبُدْنَ جَعَلْنَاهَا لَكُمْ مِنْ شَعَائِرِ اللَّهِ لَكُمْ فِيهَا خَيْرٌ ...   (سورة الحج/36)

ya'ni, (Qurbon qilinadigan) tuya va sigirlarni Biz sizlar uchun Allohning shiorlaridan qildik. Sizlar uchun ularda yaxshilik bordir”  (Haj surasi, 36-oyat).

Yana bir oyati karimada shunday bayon qilingan:

فَصَلِّ لِرَبِّكَ وَانْحَرْ   (سورة الكوثر/2).

ya'ni: “Bas, Rabbingiz uchun namoz o‘qing va qurbonlik qiling! (Kavsar surasi, 2-oyat). Ushbu oyati karimani olimlarimiz qurbonlikning vojib ekanligiga dalolat qiladi, deb tafsir qilishgan.

Fuqaholarimiz qurbonlikni ta'riflab, “Qurbonlik bu – maxsus  hayvonni maxsus vaqtda so‘yishdir”, – deganlar. Qurbonlikni tarixi Ibrohim alayhissalomga bog‘liq bo‘lib, quyida shu haqda qisqacha to‘xtalib o‘tamiz:

Ibrohim alayhissalom o‘g‘illari Ismoil alayhissalomni juda yaxshi ko‘rardilar. Chunki o‘g‘illari Alloh taologa va o‘z otasiga juda itoatkor edi. Ibrohim alayxissalom nima desalar, “Xo‘p bo‘ladi otajon!” - deb aytganlarini qilardi. Alloh Ibrohim va Ismoil alayximassalomlarni imtihon qilmokchi bo‘ldi. Nima uchun? Odamlar ularning imonlari qay darajada kuchli ekanini ko‘rsin va ulardan o‘rnak olishlari uchun.

Bir kuni Ibrohim alayxissalom tush ko‘rdilar. Tushlarida o‘g‘illari Ismoilni so‘yayotgan emishlar. Payg‘ambarlarning tushlari vahiy bo‘ladi. Ibrohim alayhissalom ham bu tushlarini Allohning buyrug‘i deb tushundilar. U kishi o‘g‘illarini juda yaxshi ko‘rardilar. Lekin shunday bo‘lsa ham Allohning buyrug‘ini bajarish lozim ekanini bilar edilar. Ismoil alayhissalomga dedilar:

- “O‘g‘lim, men seni tushimda so‘yayotgan ekanman, sen shunga nima deysan?”

O‘g‘illari hech ikkilanmasdan darhol javob qaytardi:

- “Ey Otajon, sizga nima buyurilgan bo‘lsa, o‘sha ishni qilavering. Men inshoalloh hamma narsaga sabr qilaman”.

Ibrohim alayxissalom o‘g‘illarini yetaklab bir qo‘llarida pichoq bilan shahardan tashqariga yo‘l oldilar. “Mino” degan joyga yetib kelib to‘xtadilar. Shu yerda o‘g‘illarini qurbonlik qilmokchi bo‘ldilar. Ismoil ham otaning va Allohning buyrug‘iga bo‘ysunib yerga yotdi. Ibrohim alayxissalom o‘g‘illarining tomog‘iga pichoqni tiradilar. Ismoilni so‘ymoqchi bo‘lib rosa harakat qildilar. Biroq pichoq Ismoilni hecham kesmadi. Sababi, Alloh pichoqqa “Kesmagin!”, – deb buyruq berib qo‘ygan edi. Ushbu qissani Alloh taolo quyidagicha bayon qilgan:

فَبَشَّرْنَاهُ بِغُلَامٍ حَلِيمٍ   فَلَمَّا بَلَغَ مَعَهُ السَّعْيَ قَالَ يَا بُنَيَّ إِنِّي أَرَى فِي الْمَنَامِ أَنِّي أَذْبَحُكَ فَانْظُرْ مَاذَا تَرَى قَالَ يَا أَبَتِ افْعَلْ مَا تُؤْمَرُ سَتَجِدُنِي إِنْ شَاءَ اللَّهُ مِنَ الصَّابِرِينَ    فَلَمَّا أَسْلَمَا وَتَلَّهُ لِلْجَبِينِ    وَنَادَيْنَاهُ أَنْ يَا إِبْرَاهِيمُ    إِنَّ هَذَا لَهُوَ الْبَلَاءُ الْمُبِينُ    وَفَدَيْنَاهُ بِذِبْحٍ عَظِيمٍ    (سورة الصافات/101-107).

ya'ni: Bas, Biz unga bir halim o‘g‘il (tug‘ilishi to‘g‘risidagi) xushxabarni berdik. Bas, qachonki u (otasi) bilan birga yuradigan bo‘lgach, (Ibrohim): Ey, o‘g‘ilcham! Men tushimda seni (qurbonlik uchun) so‘yayotganimni ko‘rmoqdaman. Endi sen o‘zing nima ra'y (fikr) qilishingni bir (o‘ylab)ko‘rgin! – degan edi, u aytdi: Ey, otajon! Sizga (tushingizda Alloh tomonidan) buyurilgan ishni qiling! Inshoalloh, meni sabr qiluvchilardan topursiz. Bas, qachonki, ikkisi ham (Allohning amriga)bo‘yin sunib, (Ismoilni qurbonlikka) peshonasi bilan (erga) yotqizgan ediki, unga Biz nido qildik: Ey, Ibrohim! Albatta, bu (qurbonlikka buyurishim) ayni sinovdir. Biz (Ismoilning) o‘rniga katta bir (qo‘chqor)so‘yishni badal qilib berdik (Soffat surasi, 101-107 oyatlar).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam qurbonlik Ibrohim alayhissalom boshlab bergan amalliga haqida shunday deganlar:

عَنْ زَيْدِ بْنِ أَرْقَمَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قُلْنَا: يَا رَسُولَ اللَّهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم، مَا هَذِهِ الأَضَاحِىُّ؟ قَالَ:"سُنَّةُ أَبِيكُمْ إِبْرَاهِيمَ عَلَيْهِ السَّلاَمُ"، قَالَ: قُلْنَا: فَمَا لَنَا فِيهَا؟ قَالَ: "بِكُلِّ شَعَرَةٍ حَسَنَةٌ"، قَالَ: قُلْنَا: يَا رَسُولَ اللَّهِ، فَالصُّوفُ؟ قَالَ: "بِكُلِّ شَعَرَةٍ مِنَ الصُّوفِ حَسَنَةٌ" " (رواه الإمام أحمد والإمام الطبراني).

ya'ni: Zayd ibn Arqam raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Biz: “Ey Allohning Rasuli qurbonlikning haqiqati nima?”, deb so‘radik. U zot: “Sizlarning otangiz Ibrohim alayhissalomning sunnati”, dedilar. Biz: “Undan bizga nima naf bor?”, dedik. U zot: Har bir tuk evaziga bitta savob”, dedilar. Biz: “Ey, Allohning Rasuli! Yungchi?”, dedik. U zot: Yungdagi har bir tuk uchun bitta savob”, dedilar”. (Imom Ahmad va Imom Tabaroniy rivoyat qilgan).

Qurbonlik haqida Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

عَنْ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "اِنَّ اَوَّلَ مَا نَبْدَاُ بِهِ فىِ يَوْمِنَا هَذا اَنْ نُصَلِّىَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ اَصَابَ سُنَّتَنَا وَمَنْ ذَبَحَ قَبْلَ الصَّلاَةِ فَاِنَّمَا هُوَ لَحْمٌ قَدَّمَهُ لِاَهْلِهِ لَيْسَ مِنَ النُّسُكِ فىِ شَيْءٍ" (رواه الإمام البخاري).

ya'ni: Darhaqiqat, bugungi kunda ishimizni avval iydul azho (qurbon hayiti) namozini o‘qish, so‘ngra (uylarimizga) qaytib, qurbonlik bilan boshlashimiz kerak. Kimki, shularni bajarsa, u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim, hayit namozidan oldin so‘ysa, u qurbonlik emas, balki o‘z ahli uchun taqdim qilgan go‘shtdir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hurmatli jamoat! Hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish – vojibdir. Qurbonlik qilish hur, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, muqim, ya'ni safarda bo‘lmagan va garchi bir yil aylanmagan zakot nisobiga ega bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Qurbonlikni Zurhijja oyining o‘n, o‘n bir va o‘n ikkinchi kunning ya'ni, bugun, erta va ertadan keyingi kunning Shom namozini vaqti kirgunigacha qilinadi. Qurbonlik uchun so‘yiladigan hayvonlar  kamida besh yoshga to‘lgan tuya, ikki yoshga to‘lgan qoramol, bir yoshga to‘lgan qo‘y va echki qurbonlik qilinadi. Olti oylik qo‘yni ham, agar jussasi bir yoshga to‘lgan qo‘y jussasidek bo‘lsa, qurbonlik uchun so‘yish mumkindir.

Qo‘y va echkini faqat bir kishi qurbonlik qiladi. Tuya va qoramolni yetti kishi birgalikda qurbonlikka so‘yishsa bo‘ladi. Bu haqda hadisi sharifda shunday kelgan:

 عن عثمانَ رضى الله عنه  قال: "فِيْ عَامِ الْحُدَيْبِيَّةِ ذَبَحْنَا مَعَ سَيَّدِنَا رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم اَلْإِبْلَ عَنْ سَبْعٍ وَالْبَقَرَ عَنْ سَبْعٍ" (رواه الإمام مسلم والإمام الترمذي).

ya'ni: “Usmon raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U zot aytadilar: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam bilan Hudaybiyada bir tuyani yetti kishi nomidan va bir sigirni yetti kishi nomidan so‘ydik” (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Ammo bunday sherikchilikda juda ehtiyot bo‘lish kerak. Zero, sheriklarning hammasi musulmon va qurbonlikni niyat qilgan bo‘lishi shart. Ammo ulardan birortasi shunchaki go‘sht uchun qo‘shilgan bo‘lsa, qolgan barcha sheriklarning qurbonligi o‘tmaydi. So‘yilgan hayvonning go‘shti sheriklar o‘rtasida teng taqsimlanishi kerak.

Ikki ko‘zi yo bir ko‘zi ko‘r, yurolmaydigan darajada cho‘loq, ozg‘in, quloq va dumi kesilgan hayvonlarni qurbonlik qilib bo‘lmaydi. Agar quloq va dumining uchdan biri yo bundan kami kesilgan bo‘lsa, qurbonlik qilish mumkin. Hayvon qurbonlik uchun yotqizilganida aybli bo‘lib qolsa, masalan, oyog‘i sinib qolsa, qurbonlikka o‘tadi.

Qurbonlik qilingan va umuman har qanday hayvonning ham oqqan qoni, bezlari, siydik qopi, o‘t qopi, jinsiy a'zolarini yeyish harom.

Qurbonlik go‘shtining uchdan birini – oila ahliga, uchdan birini –qo‘shnilariga, qolganini – muhtojlarga tarqatish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada ko‘pchilik bo‘lsa, uyda qoldirsa ham bo‘ladi. Terisini sotish yoki qassobning xizmat haqiga berish joiz emas. Mabodo sotilsa, puli kambag‘allarga ehson qilinishi kerak.

Qurbonlik qilishdan maqsad – bandaning Alloh taolo amriga bo‘ysinishi va taqvosini namoyon etishdir. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qildi:

لَنْ يَنَالَ اللَّهَ لُحُومُهَا وَلَا دِمَاؤُهَا وَلَكِنْ يَنَالُهُ التَّقْوَى مِنْكُمْ كَذَلِكَ سَخَّرَهَا لَكُمْ لِتُكَبِّرُوا اللَّهَ عَلَى مَا هَدَاكُمْ وَبَشِّرِ الْمُحْسِنِينَ   (سورة الحج/37).

ya'ni: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli - U zotni ulug‘lashlaringiz uchun - ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (Haj surasi, 37-oyat).

Demak, qurbonlik qiluvchi shaxs niyati to‘g‘ri bo‘lishi, amalini xolis Alloh taolo uchun qilgan bo‘lishi lozimdir. Banda ixlos bilan qurbonlik qilib, Alloh yo‘lida jonliq so‘ymoqdami, demak, o‘sha bandaning Alloh taologa taqvosi bor ekan. Allohning roziligi uchun borini qurbon qilishga tayyor ekan.

Aziz jamoat! Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam sunnatlariga muvofiq bayram kunlarida o‘zaro mehr-oqibatni, muruvvatni, hamkorlik va birodarlikni yana ham kuchaytirishimiz ayni muddaodir. Shuningdek, bu muborak kunlarda ota-onalarimizni, ustozlarimizni, qarindosh-urug‘lar, yor-birodarlarni, bemor va muhtojlarni ziyorat qilish, hol-ahvol so‘rash, ularga hadyalar berib, shirin so‘zlarimiz bilan xushnud etish bayram kayfiyatiga yanada quvonch bag‘ishlaydi.

Chunki Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deganlar:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:
"مَا مِنْ أَيَّامٍ اَلْعَمَلُ الصَّالِحُ فِيْهَا أَحَبَّ إِلى اللهِ، مِنْ هَذِهِ الْأَيَّامِ" (رَوَاهُ الإمامُ البُخاري).

ya'ni: Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilindi, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Bu kunlarda qilingan yaxshi ishlar boshqa kunlardagidan Alloh taologa suyukliroqdir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Shunday ekan, ayrim sabablar bilan o‘zaro arazlashgan gina-qudratli kishilar ham bir-birlarini muborak bayram kunida kechirib, o‘zaro uzrlar aytib, bir-birlariga quchoq ochishlari lozim bo‘ladi. Bu kun barchaga quvonch ulashiladigan kundir.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bu kunda yanada mehribonroq, shafqatliroq bo‘lar, yetim-esirlar boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, kam ta'minlanganlardan xabar olar, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar. Hadisda shunday marhamat qilinadi:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "لَيْسَ الْمُؤْمِنُ الَّذِي يَشْبَعُ وَجَارُهُ جَائِعٌ إِلَى جَنْبِهِ" (رواه الإمام الحاكم).

ya'ni: Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi Rusululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “O‘zi to‘q bo‘laturib, yon qo‘shnisi och bo‘lgan kishi komil mo‘min emas”  (Imom Ahmad rivoyati).

Demak, atrofimizdagi qurbonlik qilishga qodir bo‘lmagan qo‘ni-qo‘shnilarimizni ahvollaridan xabar olib, ularga qurbonlik go‘shtlaridan ham ulashishimiz imonimizni yanada mukammal qiluvchi omil ekan.

Aziz jamoat! Mana jonajon yurtimizga Qurbon hayiti ham xotirjamlik va osoyishtalikda kirib keldi. Yurtimiz bo‘ylab bu bayram juda katta tayyorgarlik va o‘ziga xos tarzda, ko‘tarinki kayfiyatda kutib olinishga alohida e'tibor berilmoqda. Bu ham bo‘lsa, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik tufaylidir. Zero, dunyoviy ishlarning ham bir maromda ketishi, oxirat ishlarining ham mukammal va halovat bilan ado etilishida tinchlik va xotirjamlik ne'matining o‘rni beqiyosdir.

Bugungi kunda ba'zi musulmon mamlakatlarning fuqarolari turli fitnalar oqibatida  xuzur-halovatini yo‘qotganini, yuz minglab insonlar hayotdan ko‘z  yumayotganini, kindik qoni to‘kilgan vatanini tark etishga majbur bo‘layotganini guvohi bo‘lmoqdamiz. Allohning O‘zi bizning yurtni bunday balolardan saqlab kelmoqda. Shaharu qishloqlarimiz kun sayin ko‘rkam va obod bo‘lib bormoqda. Hayotimizga beqiyos ma'no va mazmun olib kirgan “tinchlik” deya atalmish bu bebaho ilohiy ne'matni qadriga yetish, uning shukrini qilish, asrab-avaylash –barchamizning burchimizdir. Zero, Alloh taolo marhamat qilib bunday deydi:

مَنْ شَكَرَ فَإِنَّمَا يَشْكُرُ لِنَفْسِهِ وَمَنْ كَفَرَ فَإِنَّ رَبِّي غَنِيٌّ كَرِيمٌ    (سورة النّمل/40)

ya'ni: “Kim shukr qilsa, bas, albatta u faqat o‘zi uchun shukr qilur. Kim noshukurlik qilsa, bas, albatta, Rabbim (hamma narsadan) behojat va karamlidir”. (Naml surasi, 40-oyat).

Vatan tinch bo‘lsa, kelajak avlod osoyishta yashaydi, yurt obod bo‘ladi, o‘zi va oilasi baxtli-saodatli hayot kechiradi va toat-ibodatlari o‘z vaqtida ado etiladi. Demakki, har bir inson butun jamiyat a'zolari uchun muhim bo‘lgan tinchlikni saqlash yo‘lida hamkorlik qilishi – eng zaruriy burch va vojib amaldir. Tinchlikni mustahkamlash yo‘lida har bir kishi o‘z burchini sidqidildan, ixlos va e'tiqod ila bajarmog‘i lozim. “Tinchlikni asrash” deganda faqat qurol bilangina emas, balki kerak bo‘lsa so‘z bilan, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, vatanga tosh otuvchilar va ig‘vogarlarga qarshi g‘oyaviy kurashish, ogohlik va hushyorlikni oshirishga da'vat qilish yo‘llari bilan inson o‘z yurtini, millatini, xalqini himoya qilishi zarur! Bu ham imoniy burchga, musulmon kishining mas'uliyatiga kiradi.

Darhaqiqat, inson uchun berilgan ne'matlarning ichida eng ulug‘i – tinchlik va xotirjamlik ekanligi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning ko‘plab hadislarida bayon qilingan. Jumladan:

عَنْ سَلَمَةَ بْنِ عُبَيْدِ اللَّهِ قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ صلى الله عليه وسلم: "مَنْ أَصْبَحَ مِنْكُمْ آمِنًا فِي سِرْبِهِ مُعَافًى فِي جَسَدِهِ عِنْدَهُ قُوتُ يَوْمِهِ فَكَأَنَّمَا حِيزَتْ لَهُ الدُّنْيَا" (أَخرَجَهُ الاِمَامُ التِّرمِذِي فيِ سُنَنِهِ).

ya'ni: Salama ibn Ubaydulloh raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam aytadilar: “Sizlardan kimki o‘z uyida xotirjamlikda tong ottirsa, tan-joni sog‘ bo‘lsa, o‘sha kundagi yeguvligi bo‘lsa, go‘yoki unda butun dunyo ne'matlari jamlanibdi”(Imom Termiziy “Sunan”ida rivoyat qilgan).

Ma'lumki, dunyodagi barcha musulmonlar qatori yurtimizdan borgan 7200 dan ortiq hojilarimiz ham zimmalaridagi farzlardan biri – haj ibodatini bajarishga kirishishdi. Ular Mino, Arafot, Muzdalifa, Masjidul Harom kabi muborak joylarida haj amallarini bajarib, gunohlardan poklanish bilan birga mustaqil yurtimiz hamda uning rahbarlariga, xalqimiz va barcha musulmonlarimizga Alloh taolodan tinchlik-xotirjamlik, fayzu barakot va ezguliklar, keng rizq va farovonlik tilab duolar qilishyapti. Alloh taolo barchalarining duolarini ijobat aylab, yurtimizga tinch-xotirjam, sog‘-salomatlik yetib kelishlarini nasib aylasin!

Alloh taolo barchalarimizni O‘zining roziligi yo‘lida xolis niyatlar bilan qilayotgan qurbonliklarimizni, ibodatlarimizni dargohida husni maqbul aylasin!

 

"IYDI QURBON MUBORAK!" nomli mav'izasi yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 08/08/2019 07:47;   Ko‘rilganligi: 1718
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/juma/11082019-y-iydi-qurbon-muborak
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 07:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing