O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

09.10.2020 y. Dinimizda meros masalasi

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم 

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي تَوَلَّى بِنَفْسِهِ تَقْسِيمَ الْمِيرَاثِ بَيْنَ الْوَرَثَةِ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى مَنْ قَالَ "مَنْ تَرَكَ مَالًا فَلِوَرَثَتِهِ" وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ اَمَّا بَعْدُ   

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, har bir inson, bir kun kelib Allohning qazoi qadariga binoan, o‘lim sharbatini tatiydi. Shunday ekan, har bir kishi o‘zidan keyin qoladigan mol-mulkning adolat bilan taqsimoti haqida ham o‘ylab ko‘rishi va merosxo‘rlar orasida nizo va yuzko‘rmaslik holatlarini imkon qadar oldini olishi zarurdir.

Shariatimizda “marhumning barcha mol-mulki tirik vorislariga o‘tishi – meros deyiladi. Meros haqida Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

لِلرِّجَالِ نَصِيبٌ مِمَّا تَرَكَ الْوَالِدَانِ وَالْأَقْرَبُونَ وَلِلنِّسَاءِ نَصِيبٌ مِمَّا تَرَكَ الْوَالِدَانِ

وَالْأَقْرَبُونَ مِمَّا قَلَّ مِنْهُ أَوْ كَثُرَ نَصِيبًا مَفْرُوضًا

ya'ni: “Erkaklar uchun ota-onalari va yaqin qarindoshlari qoldirib ketgan (meros)dan ulush bordir. Ayollar uchun (ham) ota-onalari va yaqin qarindoshlari qoldirib ketgan (meros)dan ulush bordir. Bu ozmi-ko‘pmi, farz qilingan ulushdir” (Niso surasi, 7-oyat).

Azizlar! Keyingi vaqtlarda xalqimiz orasida merosni taqsimlashga doir masalalarda ayrim tushunmovchiliklar sodir bo‘lmoqda. Natijada merosxo‘rlar o‘rtasida, aka-uka, opa-singil va qavm-qarindoshlar o‘rtasida turli oilaviy nizolar kelib chiqishi kuzatilmoqda. Shunday ekan, har bir mol-mulki bor shaxs tiriklik vaqtida farzandlariga meros taqsimotiga oid masalalarni tushuntirishi va ota-ona vafotidan keyin meros talashib silai rahmni uzmasligi haqida pand-nasihat qilishi darkor.

Shariatimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra, kishi vafot etganidan keyin u qoldirgan mol-dunyoga nisbatan tartib bilan quyidagi to‘rt ish bajariladi:

  • Mayyitni kafanlash va dafn qilish. Ya'ni, kishi vafot etgandan keyin undan qolgan mol-mulk birinchi navbatda kafanlash va dafn marosimiga sarflanadi. Bu haqda meros ilmiga oid “Sirojiyya” kitobida shunday deyilgan:

اَلْأَوَّلُ يُبْدَأُ بِتَكْفِيْنِهِ وَتَجْهِيْزِهِ مِنْ غَيْرِ تَبْذِيْرٍ وَلاَ تَقْتِيْرٍ

ya'ni: Mayyitdan qolgan mol-mulk isrof ham, ziqnalik ham qilinmasdan birinchi navbatda uni kafanlash va dafn etishga sarflanadi.

  • Kafanlash va dafndan so‘ng mayyit qoldirgan moldan uning qarzlari to‘lig‘icha ado qilinadi. Bu haqda hazrati Ali raziyallohu anhu shunday deganlar:

أنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَضَى بِالدَّيْنِ قَبْلَ الْوَصِيَّةِ

(رواه الامام الترمذي عن علي رضي الله عنه)

ya'ni: “Albatta, Rusululloh sallallohu alayhi vasallam mayyitning qarzini vasiyatdan oldin deb hukm chiqardilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Afsuski, gohida qoldirilgan moldan mayyitning qarzlari uzilmasdan merosxo‘rlar merosni bo‘lib olishadi va bu bilan katta gunohni bo‘ynilariga olishadi. Ba'zida qarzdor odam hech qanday mol qoldirmasdan vafot etsa, uni to‘lashga farzand yoki boshqa merosxo‘rlarini majburlab bo‘lmaydi. Lekin shunday holatda qarzni mayyitning nomidan farzandlar yoki boshqa kishi to‘lab bersa, qarz ado bo‘ladi. Mayyit qarzdan xalos va hisob-kitobi oson bo‘ladi.  Qarzni to‘lagan kishi esa ulkan savobga erishadi.

3) Mayyitning vasiyatlari, agar shar'an joiz vasiyatlar bo‘lsa, ular mayyitni kafanlash, dafn qilish va qarzini to‘lashdan qolgan molning uchdan biridan bajariladi. Merosxo‘rlarga esa vasiyat qilinmaydi. Chunki ular shunday ham meros oladilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam quyidagicha marhamat qilganlar:

إِنّ الله تَبَارَكَ وَتَعَالَى قد أَعْطَى لكُلّ ذِي حَقّ حَقّهُ فَلاَ وَصِيّةَ لِوَارِثٍ

(رواه الامام الترمذي)

ya'ni: “Alloh taboraka va taolo har bir haq egasiga haqini berdi. Meros oluvchiga vasiyat qilish yo‘q” (Imom Termiziy rivoyat qilganlar).

Ba'zilar merosxo‘riga biror mol-mulk bermoqchi bo‘lib, unga vasiyat qiladi. Vasiyat qilingan kishi esa vasiyat qiluvchining vafotidan keyin vasiyat qilingan narsani talab qiladi. Vaholanki, vasiyat bunday holatda durust bo‘lmaydi va bu vasiyat o‘z-o‘zidan bekor bo‘ladi. Bu muammoni yechimi shuki, kishi o‘z merosxo‘riga bir narsani bermoqchi bo‘lsa, tiriklik paytida vasiyat qilishni o‘rniga hadya qilishi kerak. Shu bilan muammo bartaraf bo‘ladi, inshaalloh. Shuning uchun har bir mol-mulk egasi vasiyat bilan hadyaning farqiga borib, shunga qarab ish tutmog‘i lozim.

Shuni ham unutmaslik kerakki, farzandlarga hadya qilishda adolatli bo‘lib, barcha farzandlarni birdek ko‘rish kerak. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

"اِتَّقُوا اللهَ وَاعْدِلُوا فِي أَوْلاَدِكُمْ"

(متفق عليه عن النعمان بن بشير رضي الله عنه)

ya'ni: “Allohga taqvo qilinglar va farzandlaringiz orasida adolatli bo‘linglar” dedilar (Muttafaqun alayh).

Ushbu hadisga binoan musulmon inson moliyaviy masalalarda o‘z farzandlarining barchasini barobar ko‘rishi kerak bo‘ladi. Agar teng imkoniyatli farzandlarning biriga mol berib, boshqasiga bermasa yoki biriga oz, ikkinchisiga ko‘p bersa adolatsizlik bo‘ladi.

Agar uzr sababli ota-ona o‘z bolalaridan biriga ko‘proq, boshqasiga ozroq mol hadya qilsa bo‘ladi. Misol uchun, biri bemor, ikkinchisi sog‘, biri kambag‘al, ikkinchisi boy, birining bolalari ko‘p, ikkinchisiniki oz.

4) Mayyitning yuqoridagi sarf-xarajatlardan ortib qolgan mol-dunyosi Qur'oni karim, sunnat va ijmo'da ko‘rsatilganiga binoan haqdor merosxo‘rlarga bo‘lib beriladi. Masalan, Qur'oni karimda bunday marhamat qilingan:

وَإِنْ كَانُوا إِخْوَةً رِجَالًا وَنِسَاءً فَلِلذَّكَرِ مِثْلُ حَظِّ الْأُنْثَيَيْنِ

ya'ni: “Agar (merosxo‘rlar) aka-uka va opa-singillar bo‘lsa, (har) bir erkakka ikki ayol hissasi (berilur)” (Niso surasi, 176-oyat). Boshqa oyati karimada shunday marhamat qilingan:

وَلَهُنَّ الرُّبُعُ مِمَّا تَرَكْتُمْ إِنْ لَمْ يَكُنْ لَكُمْ وَلَدٌ فَإِنْ كَانَ لَكُمْ وَلَدٌ فَلَهُنَّ الثُّمُنُ مِمَّا تَرَكْتُمْ

ya'ni: “U (xotin)larga sizlar qoldirgan (meros)dan – agar farzandlaringiz bo‘lmasa – to‘rtdan bir (hissa) tegur. Agar farzandingiz bo‘lsa, ularga siz qoldirgan (meros)ning sakkizdan biri tegur”.

Bundan boshqa bir qancha oyati karimalarda kim qancha ulush olishi batafsil bayon qilingan. Shunday ekan, meros taqsimoti oyat va hadislarda zikr qilingan ulushlarga muvofiq amalga oshiriladi. Masalan, bir kishi vafot etdi. Uni xotini, uch o‘g‘il va bir qiz farzandi bor. Mana shu holatda farzandlar borligi uchun xotinga meros molining sakkizdan bir ulushi beriladi. Qolgan molning barchasi “bir o‘g‘ilga ikki qiz hissasi” qoidasiga muvofiq  bo‘linadi. Farzandlar borligi uchun amakilar va ammalar merosxo‘r bo‘lmaydilar.

Misol uchun, ushbu suratda vafot etgan kishidan sakkiz million so‘m pul qolgan bo‘lsa, shuni 1/8 (sakkizdan bir qismi ya'ni bir million so‘m) xotinga beriladi. Keyin, qolgan yetti qismni har bir o‘g‘il bolaga ikki hissadan va qiz bolaga bir hissadan beriladi. Ya'ni har bir o‘g‘il bolaga ikki milliondan va qiz bolaga esa, bir million beriladi (Agar marhumning ota-onasi hayot bo‘lsa taqsimot boshqacha shaklda bo‘ladi).

Afsuski, hozirgi kunda ba'zi xonadonlarda meros masalasi kishi vafotidan so‘ng bir necha yil o‘tgandan keyin ko‘tarilmoqda. Vaholangki, bu masala aslida dafndan keyin hal qilinishi kerak edi.

Azizlar! Kishi merosdan o‘ziga tegadigan haqqini kechishi yoki haqqini olib boshqa merosxo‘rga berishi joizdir.

Shuni unutmaslik kerakki, meros taqsim qilinmasdan oldin mayyitning molidan xayri-ehson qilib yubormaslik kerak. Ayniqsa, mayyitning balog‘atga yetmagan farzandlari bo‘lsa, bunday qilishdan nihoyatda ehtiyot bo‘lish lozim. Ota yoshlik holida olamdan o‘tib, ortidan yetim farzandlari qolsa, undan qolgan mol-mulk uning bolalari to balog‘atga yetgunicha avaylab, saqlab turilishi lozim bo‘ladi. Lekin ko‘pincha mayyitning xotini yoki ota-onasi bu mol-mulkni shariat ko‘rsatmasiga nomuvofiq sarflab yuborishadi. Alloh taolo bundan ogohlantirib shunday degan:

إِنَّ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ أَمْوَالَ الْيَتَامَى ظُلْمًا إِنَّمَا يَأْكُلُونَ فِي بُطُونِهِمْ نَارًا وَسَيَصْلَوْنَ سَعِيرًا

ya'ni: “Yetimlarning mol-mulklarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar, albatta, qorinlarida olov yegan bo‘lurlar va albatta, do‘zaxda kuygaylar” (Niso surasi, 10-oyat). Boshqa bir oyatda esa shunday deyiladi:

وَتَأْكُلُونَ التُّرَاثَ أَكْلاً لَّمّاً

ya'ni: “Merosni esa (o‘z ulushingizga o‘zgalarnikini) qo‘shib yeyaverasiz” (Fajr surasi, 19-oyat). Mufassirlar oyati karimadagi “qo‘shib yeyaverasiz” jumlasini halolga haromni, o‘zining hissasiga boshqalarning hissasini, ayniqsa ayollar va bolalarning hissasini qo‘shib yeyish, deb tafsir qiladilar.

Ming afsuski, hozirgi kunda ba'zi aka-ukalar va opa-singillar ota-ona vafotidan so‘ng meros talashib elu yurt oldida uyatli holatlarga tushib qolmoqdalar. O‘tkinchi dunyoda ana shu hech kimga vafo qilmagan dunyo matosini deb urush-janjallar girdobida qolayotganlarni, bir-birlari bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketganlari ma'lum.

Buning oqibatida dinimizda farz bo‘lgan silai-rahm uzilib ketyapti. Silai rahmni uzilishiga ham meros ilmini bilmaslik va unga amal qilmaslik sabab bo‘lmoqda. Silai rahmni uzish katta gunohlardan ekani hammamizga ma'lum va mashhurdir. Bir onaning qornidan tushgan farzandlar begona bo‘lib ketishi muqaddas dinimiz ta'limotiga, qolaversa, insoniylik tamoyillariga mutlaqo ziddir.

Shunday ekan, har birimiz meros ilmini o‘rganib, meros masalasida o‘zganing haqqidan hazar qilib, meros taqsimotini esa, ahli ilmlar bilan maslahatlashib va merosga oid kitoblardan foydalanib har bir haqni o‘z egasiga yetkazishimiz lozim bo‘ladi.

Shuningdek, har bir mol-mulk egasi tiriklik paytida o‘zgalarning amonatlarini ado qilib, qarzlardan qutilib, vafotidan keyin merosxo‘rlarni o‘rtalarida nizo chiqmasligiga harakat qilmog‘i ayni muddaodir.


Hurmatli azizlar! Ma'ruzamizning fiqhiy masalalar qismini tayammumga bog‘liq ba'zi hukmlar haqida suhbatlashamiz.

Tayammum arabcha so‘z bo‘lib, “qasd qilish”, degan ma'noni bildiradi. Shariatimizda esa poklik hosil qilish uchun pok yer jinsini qasd qilish (ya'ni, yuzga va qo‘lga surtish)dir. Pok yer jinsi deganda -  tuproq, qum, tosh va shu kabilar tushuniladi. Tayammum tahoratning ham, g‘uslning ham o‘rniga o‘tadi.

Tayammum qilish joiz bo‘lishi uchun odam suv ishlatishdan ojiz bo‘lishi kerak. Suvdan ojiz bo‘lish turlicha bo‘lishi mumkin:

- Suv ≈2 km.dan uzoqda bo‘lishi;

- suv ishlatsa kasal bo‘lishi yoki kasallik ziyoda bo‘lishi;

- quduq kabi joydan suv olishga kerakli vositalar bo‘lmasa.

Tayammmum quyidagicha qilinadi:

- dastlab tahoratsizlikni ketkazishni niyat qilib, pok tuproqni qasd qiladi; 

- keyin ikki qo‘lini pok yer jinsiga uradi, qo‘llarini yuziga surtadi;

- keyin yana qo‘llarini pok yer jinsiga uradi va chap qo‘l kaftining ichi bilan o‘ng qo‘lini tirsaklari bilan mas'h qiladi, o‘ng qo‘l kaftining ichi bilan chap qo‘lini tirsaklari bilan mas'h qiladi. Bunda qo‘llarning hamma joyini mas'h qilish shart;

Tayammumni tahoratni buzuvchi narsalar buzadi. (“Al-Muxtor”, “Al-ixtiyor”).

Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lida sobitqadam qilib, meros hukmlariga amal qilishni nasib etsin! Omin!

 

"Dinimizda meros masalasi" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 08/10/2020 09:58;   Ko‘rilganligi: 2701
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/juma/09102020-y-dinimizda-meros-masalasi
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 17:26
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing