O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

04.10.2019 y. Musulmonlar fitnalardan saqlanishi lozim

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي قَالَ: "الْفِتْنَةُ أَشَدُّ مِنَ الْقَتْلِ"، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِي قَالَ: "سَتَكُونُ فِتَنٌ الْقَاعِدُ فِيهَا خَيْرٌ مِنْ الْقَائِمِ"، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ

Hurmatli jamoat! Dinimizda jamiyatdagi insof-diyonat, o‘zaro totuvlik, birdamlik va mehr-muhabbat kabi xislatlar qadrlanadi. Chunki tinchlik-totuvlik va o‘zaro hamjihatlik bo‘lgan jamiyat rivojlanadi, gullab-yashnaydi. Odamlar orasida fitna chiqarish, ixtilof solish, bir-biriga qarshi gij-gijlash, ularni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishga harakat qilish qattiq qoralanadi.

Tinchlikni farovonlik va taraqqiyotning bosh mezoni deb bilgan har qanday davlat jamiyatda fitna oralashiga qarshilik qiladi, bunga yo‘l qo‘ymaydi, fitnachilar bilan hech qachon murosaga bormaydi. Insoniyat tarixining ilk kunlaridanoq holat shu. Dushman qayerni egallamoqchi bo‘lsa, qaysi zaminning boyliklarini talamoqchi, xalqini qul qilmoqchi bo‘lsa albatta o‘sha yerda fitna urug‘ini ekishga harakat qilgan, mahalliy fitnachilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan. Bunga tarixdan misol keltirsak. Madina shahrida yashagan Avs va Xazraj qabilalari doim bir-biri bilan adovat qilardi. Islom kelganidan keyin ular do‘st birodar bo‘ldilar. Ularning bu do‘stligini ko‘ra olmagan bir yahudiy, ularga qizg‘in jang bo‘lgan Buos kunini eslatdi. O‘sha kungi janglar, qahramonliklardan boshlangan gap, nizoga aylanib, oxiri ikki qabila o‘zaro jang qilishmoqchi bo‘lishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bu voqeaning xabari yetgach, muhojirlardan bo‘lgan as'hoblari hamrohligida ular yoniga chiqib bordilar. To‘planib turishgan joyga yetib borgach: “Ey musulmonlar jamoasi! Allohdan qo‘rqsangiz bo‘lmaydimi?! Men hali orangizda bo‘la turib sizlar johiliyat chaqiriqlariga chorlaysizmi?! Alloh sizlarni Islomga hidoyatlab qo‘yganidan va u bilan sizlarni mukarram qilganidan, u sababli sizlardan barcha johiliyat ishlarini uzib tashlaganidan, u sababli sizlarni kufrdan qutqarib, dillaringizni birbiriga oshno qilganidan so‘ng-a?!”, dedilar. Shundagina qavm o‘zlariga kelib, dushman makriga aldanib qolganliklarini anglab yetdilar, ikkala qabila a'zolari quchoqlashib, bir-birlaridan kechirim so‘radilar (“As-Siyratun nabaviya” kitobi).

“Fitna” so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, lug‘atda “sinash”, “imtihon qilish”, “olovda toblash” ma'nolarini bildiradi.

Qur'oni karim va hadisi shariflarda esa “fitna” so‘zi bir necha ma'nolarda kelgan. Masalan, “sinov, imtihon”, “haq yo‘ldan to‘sish”, “olovda azoblash”, “shirk, kufr keltirish”, “botilni haq qilib ko‘rsatish”, “zalolatga ketkazish”, “odamlarni qatl qilish va asir olish”, “odamlar o‘rtasidagi kelishmovchilik” ma'nolarini uchratish mumkin. Alloh taolo bandalarini fitnaga solishi ularni sinash, imtihon qilish bo‘ladi. Mo‘minlar farzandlar, mol-davlat va boshqa narsalar sababli “fitna”ga tushadi, ya'ni imtihon qilinadi. Qadimdan mo‘min musulmonlar g‘ayridinlar tomonidan “fitna”ga uchraganlar, ya'ni ularni haq yo‘ldan to‘sishmoqchi bo‘lishgan. Ahli islom o‘rtasiga tashlanadigan “fitna”larga Ali va Muoviya raziyallohu anhumo o‘rtasida bo‘lib o‘tgan voqealar va Jamal voqeasi misol bo‘ladi. Qolaversa, hozirgi kunda musulmonlar o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchiliklar, ularni bir-biriga gij-gijlash, musulmon yurtlarda urush chiqarib, odamlarni qatl va quvg‘in qilish ham katta fitna hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

يَسْأَلُونَكَ عَنِ الشَّهْرِ الْحَرَامِ قِتَالٍ فِيهِ قُلْ قِتَالٌ فِيهِ كَبِيرٌ وَصَدٌّ عَنْ سَبِيلِ اللَّهِ وَكُفْرٌ بِهِ وَالْمَسْجِدِ الْحَرَامِ وَإِخْرَاجُ أَهْلِهِ مِنْهُ أَكْبَرُ عِنْدَ اللَّهِ وَالْفِتْنَةُ أَكْبَرُ مِنَ الْقَتْلِ

ya'ni: “Sizdan “Shahri Harom”da jang qilish (hukmi) haqida so‘ramoqdalar. Ayting: Unda jang qilish katta gunohdir. (Lekin odamlarni) Alloh yo‘lidan qaytarish, Unga kufr keltirish va (hojilarni) Masjidi Haromdan to‘sish hamda aholisini quvib chiqarish Alloh nazdida (ulardan ham) kattaroq gunohdir. Fitna esa qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir(Baqara surasi, 217-oyat).

Diniy manbalarda fitnaning odam o‘ldirishdan ham yomonroq deb hisoblanishi uning xatarlari bir kishining o‘ldirilishidan ko‘ra ancha keng ko‘lamga ega ekanligi bilan izohlanadi. Albatta, mol ilinjida, g‘azab sababli yoki boshqa har qanday omil tufayli bir jonning hayotiga nuqta qo‘yish katta jinoyat. Biroq, jamiyat a'zolari orasida fitna chiqarish odamlarni bir-birlariga nisbatan qayrash, nizo chiqarish va insonlar orasida dushmanchilik kayfiyatini yoyish orqali ko‘p o‘limlarga, ommaviy qirg‘inlarga, birodarkushlik urushlariga, butun boshli millatni taraqqiyotda o‘nlab yillar ortga surib yuboruvchi vayronagarchiliklarga sabab bo‘lishini inobatga olsak, jamiyat uchun bundan ham katta talofat bo‘lmasligini anglaymiz.

“Fitna”ning eng ko‘p ishlatiladigan ma'nosi buzg‘unchilik, fisqu-fasod qo‘zg‘ash, jamiyatda turli asossiz mish-mishlar tarqatish, xalqni o‘z davlatiga qarshi qo‘yishdir. Fitnaning yomon tomoni shundaki, ko‘pchilik uni asl mohiyatini anglamaydi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytadilar:

وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ، لَا تَذْهَبُ الدُّنْيَا حَتَّى يَأْتِيَ عَلَى النَّاسِ يَوْمٌ لَا يَدْرِي الْقَاتِلُ فِيمَ قَتَلَ، وَلَا الْمَقْتُولُ فِيمَ قُتِلَ، فَقِيلَ: كَيْفَ يَكُونُ ذَلِكَ؟ قَالَ: الْهَرْجُ، الْقَاتِلُ وَالْمَقْتُولُ فِي النَّارِ

(رواه الامام مسلم عنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

 ya'ni:Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, bu dunyo, toki qotil nima uchun o‘ldirayotganini, maqtul nima uchun o‘ldirilayotganini bilmaydigan kun kelmaguncha, yo‘q bo‘lmaydi”. “Bu qanday ro‘y beradi?” – deyildi.Harj (fitna aralashgan urush bo‘ladi), o‘ldirgan ham, o‘ldirilgan ham do‘zaxda!” – dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Afsuski, dunyodagi notinch hududlar haqida taammul qilgan kishi bu hududlar musulmon diyorlariga to‘g‘ri kelayotganini anglaydi. Musulmon musulmonni talamoqda, azoblamoqda, o‘ldirmoqda. O‘ldirayotgan nima uchun o‘ldirmoqda, o‘ldirilgan nima uchun qatl qilingani so‘ralsa, tayinli javob yo‘q, hech biri bilmaydi.

“Isloh”, “jihod”, “Islomiy davlat qurish” kabi niqoblar qiyofasidagi urushlar, xunrezliklar qanchadan-qancha odamlarni o‘z domiga tortib ketdi. O‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lmagan kishilar bunday hollarda o‘zlarining chet eldagi ustozlarining “fatvo”lari bilan fitnani oqlamoqchi bo‘ladilar. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:

انَّ بَيْنَ يَدَيْ السَّاعَةِ الْهَرْجَ قِيلَ: وَمَا الْهَرْجُ؟ قَال: الْكَذِبُ وَالْقَتْلُ قَالُوا: أَكْثَرَ مِمَّا نَقْتُلُ الْآنَ؟ قَالَ: إِنَّهُ لَيْسَ بِقَتْلِكُمْ الْكُفَّارَ، وَلَكِنَّهُ قَتْلُ بَعْضِكُمْ بَعْضًا، حَتَّى يَقْتُلَ الرَّجُلُ جَارَهُ، وَيَقْتُلَ أَخَاهُ، وَيَقْتُلَ عَمَّهُ، وَيَقْتُلَ ابْنَ عَمِّهِ قَالُوا: سُبْحَانَ اللَّهِ! وَمَعَنَا عُقُولُنَا؟ قالَ: لَا، إِلَّا أَنَّهُ يَنْزِعُ عُقُولَ أَهْلِ ذَاكَ الزَّمَانِ، حَتَّى يَحْسَبَ أَحَدُكُمْ أَنَّهُ عَلَى شَيْءٍ وَلَيْسَ عَلَى شَيْءٍ
 (رواه الامام أحمد في المسند عن أبي موسى الأشعري رضي الله عنه)

ya'ni: “Albatta, Qiyomatdan avval harj bo‘ladi”. “Harj nima?” – deb so‘raldi. “Yolg‘on va qatl” – dedilar. “Hozirda biz u (mushrik)larni qatl qilganimizdan ham ko‘proq bo‘ladimi?” – deyishdi. “U sizlar kofirlarni o‘ldirishi emas, balki biringiz boshqangizni o‘ldirishidir. Hatto kishi o‘z qo‘shnisi, aka-ukasi, amakisi va amakivachchalarini qatl qiladi!” – dedilar. “Ajabo! Aqlimiz joyida bo‘ladimi?” – deyishdi. “Yo‘q, o‘sha zamonnning odamlarining aqli tortib olinadi. Ularni biror narsa (ya'ni, haq) ustida deb o‘ylaysiz, lekin ular haq ustida bo‘lmaydilar” (Imom Ahmad “Musnad” kitobida rivoyat qilgan).

Bir muncha muddat musulmonlarning boshiga turli kulfatlarni yog‘dirgan ISHID balosi ham ana shunday fitnalarning biridir. Ularning da'volari har qancha balandparvoz bo‘lmasin, baribir katta fitna o‘yindagi kichik bir “qo‘g‘irchoq” bo‘lib qolaveradi.

Fitnaning yana bir mudhish jihati shundan iboratki, uning jamiyatda urchishi yanada kattaroq inqirozlarga olib kelmasligi uchun har bir o‘zini bilgan davlat qonun doirasida qat'iy choralar ko‘radi. Bu esa, ba'zan o‘z navbatida fitnaga aloqador bo‘lmagan begunoh insonlarning ham talofat ko‘rishiga olib keladi. Chunki, fitna o‘z nomi bilan vaziyatning chigalligi, kim aybdoru, kim aybsiz ekanini aniqlab bo‘lmaydigan darajadagi tanglikni keltirib chiqaradi.

  Shunday ekan, shu yurtda yashovchi har bir inson millati, ijtimoiy mavqei, kasb-koridan qat'i nazar fitnalarga murosasiz qarshi turish darkor. Zero ommaviy baloga sababchi bo‘ladigan fitnaga ommaviy ravishda qarshi turish bilangina bas kelish mumkin. Yomonlikdan omonda qolishning birinchi va eng samarali yo‘li undan chetda turishdir. Uning ichiga kirgan odam undan qutila olmaydi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"سَتَكُونُ فِتَنٌ الْقَاعِدُ فِيهَا خَيْرٌ مِنْ الْقَائِمِ وَالْقَائِمُ فِيهَا خَيْرٌ مِنْ الْمَاشِي وَالْمَاشِي فِيهَا خَيْرٌ مِنْ السَّاعِي وَمَنْ يُشْرِفْ لَهَا تَسْتَشْرِفْهُ وَمَنْ وَجَدَ مَلْجَأً أَوْ مَعَاذًا فَلْيَعُذْ بِهِ"

(رواه الامامُ البخاري عن ابي هريرة رضي الله عنه ).

ya'ni:  “Albatta, kelajakda ko‘p fitnalar bo‘ladi. U vaqtda (jim) o‘tiruvchi tik turuvchidan yaxshi, tik turuvchi (fitnaga qarab) yuruvchidan yaxshi, yuruvchi yuguruvchidan yaxshidir. Kim fitnani kuzatib tursa, fitna uni o‘ziga jalb qiladi. Demak, kim boshpana yoki panoh bo‘ladigan joy topsa, o‘shani lozim tutsin!” – dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Diqqat qilinsa fitna haqidagi hadislarda unga aralashmaslik, o‘zini chetga olish tavsiya qilinadi. Hadisi sharifdagi “Kim fitnani kuzatib tursa, fitna uni o‘ziga tortadi” jumlasining tasdiqini ham hayotda ko‘rdik. ISHID ning targ‘ibotini yaqindan kuzatib borgan ko‘pchilik yoshlar uning to‘riga ilinib qoldilar. Yana bilishimiz kerak bo‘lgan muhim nuqta shundan iboratki, fitna o‘chog‘iga borish “fitna”ni va fisqu fasodni rivojlantirish bo‘ladi.

Yana bir katta fitna musulmonlar orasida e'tiqodiy va fiqhiy masalalarda ixtiloflar chiqarishdir. Qur'oni karimda ba'zi kishilar odamlarni fitnaga solish va o‘z talqiniga ko‘ra ma'no berish uchun mutashobeh oyatlarni o‘zlariga dastak qilib olishi xabar beriladi. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:   

فَأَمَّا الَّذِينَ فِي قُلُوبِهِمْ زَيْغٌ فَيَتَّبِعُونَ مَا تَشَابَهَ مِنْهُ ابْتِغَاءَ الْفِتْنَةِ وَابْتِغَاءَ تَأْوِيلِهِ وَمَا يَعْلَمُ تَأْوِيلَهُ إِلَّا اللَّهُ...

ya'ni: “Ammo dillarida og‘ish bor kimsalar odamlarni fitnaga solish va o‘z talqiniga muvofiq ma'nolar berish uchun uning (Qur'onning) mutashobih oyatlariga ergashadilar. Holbuki, unday oyatlar ta'vilini (asl ma'nosini) faqat Allohning O‘zigina bilur...”(Oli Imron surasi, 7-oyat).

Hozirgi kunimizda ham odamlar orasiga turli ixtilof urug‘larni sochayotgan odamlar asosan mutashobeh oyatlarni o‘zlariga dalil qiladilar. Ming yillardan beri amal qilinayotgan mazhablarni tashlab, mazhabsizlikka da'vat etadilar. Bu bilan o‘zlariga ergashganlarning ham gunohlarini bo‘yinlariga oladilar. Hadisi sharifda shunday deyiladi:

مَنْ دَعَا إِلَى هُدًى كَانَ لَهُ مِنْ الْأَجْرِ مِثْلُ أُجُورِ مَنْ تَبِعَهُ لَا يَنْقُصُ ذَلِكَ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْئًا، وَمَنْ دَعَا إِلَى ضَلَالَةٍ كَانَ عَلَيْهِ مِنْ الْإِثْمِ مِثْلُ آثَامِ مَنْ تَبِعَهُ لَا يَنْقُصُ ذَلِكَ مِنْ آثَامِهِمْ شَيْئًا

(رواه الإمام مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim hidoyatga chaqirsa, unga (o‘z ajri bilan birga) ergashuvchilarning ajricha ajr bo‘ladi, bu narsa ergashuvchilarning savobini kamaytirmaydi. Kim zalolatga chaqirsa, unga (o‘z gunohi bilan birga) ergashuvchilarning gunohicha gunoh bo‘ladi, bu narsa ergashuvchilarning gunohini kamaytirmaydi” (Imom Muslim rivoyati).

         Bunday fitnadan saqlanishning yo‘li, islom ummati qabul qilgan, to‘g‘riligiga ijmo qilgan fiqhiy mazhablarga amal qilishdir. Firqalanishni qo‘yib, ittifoq bo‘lishga qiziqtiruvchi dalillar juda ko‘p. Ixtilof chiqqanda ko‘pchilikka ergashish to‘g‘risida Payg‘amabarimiz alayhissalomdan shunday buyruq kelgan:

فإذَا رَأَيْتُمْ اِخْتِلاَفًا فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الْأَعْظَمِ

(رواه الامام  ابن ماجه عن أنس بن مالك رضي الله عنه)

ya'ni: “Qachon ixtilofni ko‘rsangiz, katta jamoatni mahkam tutinglar” (Imom Ibn Moja rivoyati).

“Katta jamoat”dan murod to‘rt fiqhiy mazhabga amal qiladigan va ko‘pchilikni tashkil qiladigan musulmonlardir. Ixtilof chiqqanda ularning yo‘lidan yurish kerak bo‘ladi. Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi, Umar raziyallohu anhu xutbalarida shunday deganlar:

عَلَيْكُمْ بِالْجَمَاعَةِ وَإِيَّاكُمْ وَالْفِرْقَةَ، فَإِنَّ الشَّيْطَانَ مَعَ الْوَاحِدِ، وَهُوَ مِنَ الْاِثْنَيْنِ أَبْعَدُ

ya'ni: “Jamoatni mahkam tutinglar, firqalanishdan saqlaninglar. Chunki shayton bir kishi bilan birga bo‘ladi. Ikki kishidan esa uzoqroqda bo‘ladi”.

         Ixtilof va fitnadan qochishning yana bir chorasi, bilmagan narsalarini ishonchli, mazhabni mahkam tutgan ahli sunnat olimlaridan  so‘rab olishdir. Payg‘ambarimiz alayhissalom:

...فَإِنَّمَا شِفَاءُ الْعِيِّ السُّؤَالُ...

 (رواه الامام ابو داود عَنْ جَابِرٍ رضي الله عنه )

ya'ni: “...Bilimsizlikning davosi so‘rashdir”, – dedilar.

Fitnalar qarshisida har kimning asl qiyofasi fosh bo‘ladi. Haqiqiy xalqparvar, vatansevar, iymonli kishilar kimlar-u, xoin-xudbinlar kim - hammasi aniq bo‘ladi.

Yaqin tariximizda, davlatimiz endi mustaqillikni qo‘lga kiritgan paytlarda yosh davlatimizga turli siyosiy, iqtisodiy va diniy fitnalar uyushtirildi. Sir emas, o‘sha fitnalarga aralashganlarning ba'zilari jazoga tortildi. Lekin davlatimiz hukumati doim kechirimlilik yo‘lini tutib keldi. Ayniqsa, keyingi yillarda yurtboshimiz tomonidan ketma-ket afvlar e'lon qilinmoqda. Minglab kishilar oila a'zolari bag‘riga qaytib, sog‘lom turmush tarziga qaytmoqda. Ular hayotda o‘z o‘rinlarini topib ketishlari uchun har tomonlama yordam berilmoqda, ish joylari topib berilmoqda, moddiy yordam ko‘rsatilmoqda. Zero dinimiz kechirimli bo‘lishga targ‘ib qiladi. Bu haqda Alloh taolo marhamat qiladi:

فَاعْفُ عَنْهُمْ وَاصْفَحْ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ...

ya'ni: “...Ularni afv eting va kechiring! Albatta, Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi” (Moida surasi, 13-oyat).

 Musulmon o‘lkalar, jumladan, bizning jonajon vatanimizdagi taraqqiyot, bugungi ijobiy o‘zgarishlar kimlargadir yoqmasligi va ular bizni chalg‘itish uchun fitnalar uyushtirishi tabiiy. Biz esa bu fitnalarga aldanmasligimiz kerak. Fitnalarning nechog‘li zararli, yomon oqibatlarga olib kelishini hayotda ko‘rdik, bu xatoni takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Xalq ichiga fitna solmoqchi bo‘lganlarga har birimiz nasihat qilib, o‘tgan og‘ir kunlarni eslatib, bugungi tinch-xotirjam kunlarimizga shukr qilishni targ‘ib qilishimiz kerak. Shukr va sabr bandani Alloh taolo oldida martabasini ko‘taradigan amallardan hisoblanadi. Tinchlik, salomatlik katta ne'mat. Ular  bor joyda rivojlanish, erkinlik, inson qadr-qimmati o‘z o‘rnida bo‘ladi. Bemalol ibodat qilishga imkon topiladi. Vaholanki, shu kunlarda ham fitna o‘choqlarida qurbon bo‘layotgan, uy-joysiz qolib, qochoq bo‘lib yurgan, urushdan qo‘rqib, bolalarini maktabga ham chiqarmay qo‘ygan millionlab insonlar bor. Bu voqealarni tafakkur qilgan kishi, aslida inson o‘z uyida xotirjam istirohat olishi ham ulkan ne'mat ekanini anglaydi.

Alloh taolo fitna va qiyinchilikda qolgan insonlarga ham xotirjamlikni qaytarsin!  Jonajon o‘lkamizni turli xil fitna-fasod va balo-ofatlardan O‘z hifzu himoyasida saqlasin, xalqimizning tinch-xotirjam va farovon hayotida bardavom qilsin! Omin!

 


Kiritilgan vaqti: 02/10/2019 08:41;   Ko‘rilganligi: 2002
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/juma/04102019-y-musulmonlar-fitnalardan-saqlanishi-lozim
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 10:38
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing