O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Hadislar

Siz bu hadisga amal qilasizmi?

 
 

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi», dedilar». Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.

Bu hadisni barchamiz yaxshi bilamiz. Sahih, ishonchli hadis. Ulamolar ushbu hadis to‘g‘risida “Bu hadis – Islomning ustunlaridan biri”, “Bu hadis – Islomning qoidalaridan biri”, “Bu hadis – Islomning madori bo‘lgan hadislardandir” degan gaplarni aytishgan.

Hadisdagi “mo‘min bo‘la olmaydi” degani “komil mo‘min bo‘la olmaydi” degan ma'nodadir.

Shu darajada ulug‘ hadis, o‘zi ham, ma'nosi ham, undan chiqadigan hukmlari ham ulug‘dir. Xo‘sh, biz unga qanchalik amal qilamiz?!

Qani, insof bilan aytaylikchi, o‘zimiz uchun yaxshi ko‘rgan narsani musulmon birodarimiz uchun ham ilinamizmi, ravo ko‘ramizmi?!

Avtobus o‘rindig‘ida ketyapsiz. Tik turgan odam yo‘q. Ammo hamma o‘rindiqlar band. Shu payt bir musulmon kishi avtobusga chiqdi. O‘tirib ketishni istaysiz, o‘zingizga yoqadi. Darhol o‘rningizdan turib, o‘zingizga yoqqan narsa – o‘tirib ketishni o‘sha yangi yo‘lovchiga ilinasizmi, unga joy bo‘shatasizmi?!

Juma kuni masjidga keldingiz. Hamma ichkarida, salqin joylarda o‘tiribdi. Siz salqinda o‘tirganlarning so‘nggisi bo‘lib turibsiz. Yoningizga bir namozxon dindoshingiz kelib o‘tirdi. U o‘tirgan joy oftob nuri tushib turgan, issiq taftini urib turgan joy edi. Salqinda o‘tirish mazza. Darhol joyingizni u bilan almashasizmi?!

Uydagi taom ortib qoldi. “Ertaga yermiz” deb sovutgichga qo‘ydingiz. Ertasi kuni yangi taom pishirilgani sababli sovutgichda ovqat borligi esingizdan chiqib qoldi. Oradan bir necha kun o‘tgach o‘sha ovqatga ko‘zingiz tushib qoldi. Olib, isitib yemoqchi bo‘ldingiz, “Ikki kunlik ovqatni yeymanmi?” degan narsa xayolingizdan o‘tdi-da, yemadingiz, ammo tashlab yuborishga ko‘zingiz qiymayapti. Shu taomni, ya'ni o‘zingiz yeyishga botinolmagan taomni qo‘shningizga berasizmi yoki unga yangi pishirilgan taomdan chiqarasizmi?!

Biror narsa xarid qilish, oylik maoshni olish va hokazo o‘rinlarda o‘z navbatingizni sizdan keyingi keksa, kutishga, ko‘p tik turishga madori yetmaydigan kishiga berasizmi yoki keksa odam turgani bilan ishingiz bo‘lmaydimi?!

Bu kabi savollarni ko‘plab keltirish mumkin. Maqsad savolni ko‘paytirish emas, balki shu kabi savollarga javobimiz qanday bo‘lishi kerakligini o‘rganishdir.

Agar siz yuqoridagi savollarga “Ha, ilinaman, ravo ko‘raman” deb javob bergan bo‘lsangiz, buning uchun Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar ayting!

Bordiyu bu savollarga javobingiz “Afsus, bunday qilmayman” degan jumla bo‘lsa, u holda Alloh taolodan kechirim so‘rang, Unga tavba qiling.

Bu hadisga amal qilsak, jamiyatda o‘zaro ahillik, birodarlik, insonparvarlik va odamlar orasida mehr kuchayadi, o‘zimiz ham komil mo‘min bo‘lamiz. 

Azizlar, yuqoridagi buyuk hadisga amal qilib, komil mo‘min bo‘laylik!

Alloh taolo barchamizni ushbu hadisga amal qiluvchilardan va komil mo‘minlardan aylasin, omin!

Jahongirxon Abrorov - O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot kotibi


Kiritilgan vaqti: 19/02/2020 12:06;   Ko‘rilganligi: 45
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/islam/hadiths/siz-bu-hadisga-amal-qilasizmi
Chop etilgan vaqti: 03/04/2020 11:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing