O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

“Baqara” surasining 31-32-oyatlari tafsiri

 
 

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ

وعَلَّمَ آدَمَ الأسْمَاءَ كُلَّهَا ثُمَّ عَرَضَهُمْ عَلَى الملائكه فَقَالَ أَنْبِئُونِي بِأَسْمَاءِ هَؤُلاءِ إِنْ كُنْتُمْ صَادِقِينَ (31) قَالُوا سُبْحَانَكَ لَا عِلْمَ لَنَا إِلَّا مَا عَلَّمْتَنَا إِنَّكَ أَنْتَ الْعَلِيمُ الْحَكِيمُ (32)

31. Va Odamga ismlarning barchasini o‘rgatdi, so‘ngra ularni farishtalarga ko‘rsatib: “Agar rostgo‘ylardan bo‘lsangiz, manavilarning ismlarini menga aytib bering­chi”, – dedi. 

Alloh taolo Odamni O‘zining yer yuzidagi xalifasi qilayotgan paytda unga ulug‘ bir sirni berganligi ushbu oyatdan bilinib turibdi. U ham bo‘lsa, Odamga ismlarning barchasini o‘rgatishidir. Ya'ni inson o‘zini o‘rab turgan barcha ashyolarning belgisi sifatida ismni, ma'noni ishlatadi. His qilinadigan, jismga ega bo‘lgan narsalarni fahmlash uchun nutqiy ramzlarni ishlatish qudrati inson hayotida eng ulug‘ qudratlardan biri hisoblanadi. Aks holda birovga tog‘ni tushuntirmoqchi bo‘lsang, uni tog‘ning oldiga olib borib, aylantirib ko‘rsatishdan o‘zga chora bo‘lmas edi. Agar Alloh taolo insonga ushbu qobiliyatni bermaganida, yer yuzida hayotni tasavvur qilish qiyin bo‘lar edi.

Rivoyatlarda kelishicha, “Buning ismi ot, bunisi tuya, mana bu quyosh, bu esa yulduz”, deb hatto kichkina narsalargacha o‘rgatilgan. Ya'ni Odamning yer yuzida xalifa bo‘lishining asosiy sabablaridan biri ilm olishga iste'dodining borligidir. Hozirda insonning ilm yordamida borliqning sirlarini kashf etayotgani ham o‘shanda berilgan qobiliyat natijasidir.

32. (Ular:)O‘zing poksan! Bizda Sen bildirgandan boshqa ilm yo‘q. Albatta, Sen O‘zing o‘ta ilmlisan, o‘ta hikmatlisan, – dedilar. 

Farishtalar bu yerda yuksak odob misolini ko‘rsatdilar. Bilmagan narsalarini so‘zsiz “Bilmaymiz”, deb aytdilar. Bilmagan narsasini tan olib, vaqtida “Bilmayman” deyish ham katta odob, ham katta ilm hisoblanadi.

"Tafsiri hilol" kitobidan


Kiritilgan vaqti: 08/10/2019 15:15;   Ko‘rilganligi: 2438
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/baqara-surasining-31-32-oyatlari-tafsiri
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 22:20
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing