O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

“Baqara” surasining 30-oyati tafsiri

 
 

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ

وَإِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلاَئِكَةِ إِنِّي جَاعِلٌ فِي الأَرْضِ خَلِيفَةً قَالُواْ أَتَجْعَلُ فِيهَا مَن يُفْسِدُ فِيهَا وَيَسْفِكُ الدِّمَاء وَنَحْنُ نُسَبِّحُ بِحَمْدِكَ وَنُقَدِّسُ لَكَ قَالَ إِنِّي أَعْلَمُ مَا لاَ تَعْلَمُونَ (30)

  1. “Esla, Robbing farishtalarga: “Albatta, Men yer yuzida xalifa qiluvchiman”, – dedi. Ular: “Unda buzg‘unchilik qiladigan, qon to‘kadigan kimsani qilasanmi? Holbuki, biz Seni hamding ila poklab yod etib va Seni muqaddaslab turibmiz”, – dedilar. (U Zot:) “Men siz bilmaydigan narsani bilaman”, – dedi”. 

Ushbu oyatdan ma'lum bo‘lyaptiki, Alloh taolo Odamning O‘zining yer yuzidagi o‘rinbosari – xalifasi bo‘lishini iroda etgan ekan. Demak, insonga ulkan ishonch bildirilgan, u ulug‘ Allohning xalifasi bo‘lishdek oliy maqomga loyiq ko‘rilgan. Bunday marhamatning o‘ziga yarasha buyuk mas'uliyati ham bor. Inson shuni anglagan holda, uni xalifa qilib qo‘ygan Zotning topshiriqlarini bajarmog‘i, yaratgan Zot munosib ko‘rgan oliy maqomga dog‘ tushirmaslikka harakat qilmog‘i kerak.

 Farishtalarning “Unda buzg‘unchilik qiladigan, qon to‘kadigan kimsani qilasanmi?” degan gaplaridan bilinadiki, ular o‘zlarigagina ma'lum yo‘l bilan insonning yer yuzida fasod, buzg‘unchilik qilishi va qon to‘kishini bilganlar, ayni chog‘da, ular farishtalik tabiati bilan o‘zlari aytib turgan tasbehu hamdlarni va qilib turgan ulug‘lashlarni ushbu maxluqotlarning yaratilish maqsadi deb bilganlar. Ammo Allohning ilmi boshqa, farishtalar buni bilmaydilar. Shuning uchun ham:

Men siz bilmaydigan narsani bilaman”, dedi Alloh taolo.

Ya'ni odamlardan ba'zilarining buzg‘unchilik qilishi yoki qon to‘kishi yer yuzida xalifa yaratish irodasiga to‘siq bo‘la olmaydi. Shuningdek, farishtalarning tasbeh va hamd aytib, Allohni hamisha ulug‘lab turishlari ham U Zotni ulardan boshqa mavjudotni yaratishdan to‘sa olmaydi.

 

(“Tafsiri Hilol” kitobidan)

   Davomi bor...


Kiritilgan vaqti: 02/10/2019 14:06;   Ko‘rilganligi: 2574
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/baqara-surasining-30-oyati-tafsiri
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 18:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing