O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

“Baqara” surasining 28-29-oyati tafsiri

 
 

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ

كَيْفَ تَكْفُرُونَ بِاللَّهِ وَكُنْتُمْ أَمْوَاتًا فَأَحْيَاكُمْ ۖ ثُمَّ يُمِيتُكُمْ ثُمَّ يُحْيِيكُمْ ثُمَّ إِلَيْهِ تُرْجَعُونَ(28)

  1. Qanday qilib Allohga kufr keltirasizlar? Holbuki, o‘lik edingiz, U sizni tiriltirdi, so‘ngra sizni o‘ldiradir va yana tiriltiradir,keyin sizlar Unga qaytarilasizlar.

Ushbu oyatda kofirlik naqadar yomon narsa ekani ochiq-oydin dalillar bilan isbot qilinmoqdaki, zarracha aqli bo‘lgan odam bu dalillardan so‘ng mo‘min bo‘lmay iloji yo‘q. Har bir inson o‘ylab ko‘rsa, bir vaqtlar jonsiz edi, unda hayotning asari yo‘q edi, o‘lik hukmida edi. Bir vaqt kelib, unda jon paydo bo‘ldi, hayot asari kirdi. Xo‘sh, bu jonni unga kim berdi? Javob bitta: unga jonni Alloh berdi. Alloh bergan jon bilan tirik turib, Allohni qanday inkor etasan? Qanday qilib Unga kufr keltirasan?!

Balki inson unga jon qayerdan kelganini o‘ylashga ko‘p ham rag‘bat qilmas, lekin oyatda esga solinayotgan ishga – “so‘ngra sizni o‘ldiradir”ga tan bermay iloj yo‘q. Dunyoning eng aqllisiman, degan kofir ham o‘lim oldida noilojdir. U abadiy yashab qolmasligini biladi, o‘limga bosh egadi. Xo‘sh, baribir bir kun kelib, Alloh joningni olar ekan, qanday qilib U Zotni inkor etasan, qanday qilib Unga kufr keltirasan?!

So‘ngra Alloh yana insonni qayta tiriltiradi. Bu ish qiyomat kunida amalga oshiriladi. Kofirlar bu bosqichga ishonmay, tortishadilar. Lekin hujjat-dalillar ularning bu qaysarliklari ham behuda ekanini ko‘rsatadi. Jumladan, insonni yo‘qdan bor qilib, jon ato etgan Alloh uchun barchaning jonini yana o‘ziga qaytarish juda ham osondir. Shunday ekan, qanday qilib ular Allohni inkor etadilar, Unga kufr keltiradilar?!

Oyatning oxirida:

“…keyin sizlar Unga qaytarilasizlar, – deyiladi.

Allohga qaytish haq ekan, qanday qilib ular Allohni inkor etadilar, Unga kufr keltiradilar?!

 

هُوَ الَّذِي خَلَقَ لَكُم مَّا فِي الْأَرْضِ جَمِيعًا ثُمَّ اسْتَوَىٰ إِلَى السَّمَاءِ فَسَوَّاهُنَّ سَبْعَ سَمَاوَاتٍ ۚ وَهُوَ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ (29)

U yer yuzidagi barcha narsani sizlar uchun yaratgan, so‘ngra osmonga yuzlanib, ularni yetti osmon qilib to‘g‘rilagan Zotdir. Va U har bir narsani o‘ta biluvchidir. 

Yer yuzidagi barcha narsaning inson uchun yaratilgani haqidagi xabar insonni ulug‘lashdir. Modomiki, Alloh bu dunyodagi hamma narsani inson uchun yaratgan ekan, demak, inson hamma yaratilganlarning ulug‘idir. Yer yuzida insondan ulug‘ maxluq yo‘q. Inson Allohning yer yuzidagi xalifasidir. Maxluqotlardan birortasi insondan ustun bo‘lishi mumkin emas. Hamma narsalar inson uchun, insonning saodati uchun bo‘lishi kerak.

Alloh dunyodagi jamiki narsalarni insonga hadya etgan ekan, inson ham, o‘z navbatida ana shu ne'matlarni bergan Zotga shukr qilib yashamog‘i lozim.

Shunday ekan, qanday qilib ular Allohni inkor etadilar va Unga kufr keltiradilar?! Alloh taolo dunyodagi jamiki narsalarni yo‘qdan bor qilib yaratgan ekan, o‘lgan insonni qayta tiriltira olmasmidi?!

Oyatning oxirida:

“Va U har bir narsani o‘ta biluvchidir”, deya ta'kidlanmoqda. Haqiqatan shunday. U kofirlarning ishlarini ham bilib turibdi. Ular U Zotdan qo‘rqmaydilarmi?! Nimalariga yoki kimlariga ishonib, Allohni inkor etadilar va Unga kufr keltiradilar?!

Kelasi oyatlarda Allohning amriga bo‘ysunmaslik va qaytarganidan qaytmaslikning oqibatini bayon qilish uchun Odam alayhissalomning qissasi keltiriladi. Qissaning tafsiliga kirishishdan avval, umuman, Qur'oni Karimdagi qissalar nima, ulardan qanday maqsadlar ko‘zlanganligini qisqacha tushunib olishimiz kerak. Chunki bundan keyin qissalar ko‘p keladi. Shuning uchun umumiy tushuncha zarur.

Qur'oni Karimda qissalar turli joylarda va turli munosabatlar bilan keladi. O‘rniga va mavzusiga qarab, qissalar ham o‘zgarib turadi. Ba'zilar uchun takror bo‘lib tuyulgan qissalar aslida har bir o‘rinda alohida o‘zgacha ma'nolarni anglatadi va turli maqsadlarda ishlatiladi.

         Payg‘ambarlar qissasi iymon yo‘lidagi tinimsiz kurashning uzoq yo‘lini aks ettiruvchi bayonotdir. O‘tganlar hayotida iymon uchun kurash qanday borganini, oqibat nima bo‘lganini bilish kelajak avlod uchun ibrat bobida nihoyatda muhimdir. Shu boisdan ham Alloh taolo payg‘ambarlar qissalariga alohida e'tibor beradi va Qur'oni Karimda ulardan yigirma beshtalarining qissalarini keltiradi. Bu o‘rinda birinchi inson va birinchi payg‘ambar bo‘lmish otamiz Odam alayhissalomning qissalari bayon etiladi.

 

(“Tafsiri Hilol” kitobidan)

   Davomi bor...


Kiritilgan vaqti: 26/09/2019 15:25;   Ko‘rilganligi: 2355
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/baqara-surasining-28-29-oyati-tafsiri
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 21:25
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing