O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Yon qo‘shnim-jon qo‘shnim

 
 

Insonning yaxshi-yomon kunida qo‘ni-qo‘shni asqotadi. Xalqimizda “Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni yaxshi” degan naql bor. Shuning uchun mahalladagi barcha yig‘inlarda ishtirok etish, maraka va marosimlarda qatnashish, bemorlardan hol so‘rash, muhtojlardan xabar olib turish kabi ishlar kishining fazilatini oshiradi.

Alloh taolo marhamat qiladi: “Ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qo‘shnilarga, yon qo‘shnilarga, yonboshdagi sohiblarga, ko‘chada qolganlarga va qo‘lingizda mulk bo‘lganlarga yaxshilik qilinglar” (Niso surasi, 36). Oyati karimada qo‘shnilar ikki toifaga ajratilib, zikr qilingan; qarindosh va qarindosh bo‘lmagan qo‘shnilar.

Mo‘min kishi dini, millati va nasabidan qatiy nazar, hammaga birdek yaxshi muomalada bo‘lishi kerak. Hadisi sharifda ham “Kim Alloh taologa va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga ozor bermasin” deyilgan (Muttafaqun alayh). Ikki odam bir vaqtda o‘z uyiga chaqirganida uyi yaqinrog‘inikiga borish, ehson va hadyalarni ham uyi yaqinlardan boshlash haqidagi hadislar ham insonlarni qo‘shnilarga yaxshi munosabatda bo‘lishga chaqiradi. Ayniqsa, bayram kunlari qo‘shnilar bir-biriga hadyalar ulashishi oralaridagi mehr-muhabbatni yanada ziyoda qiladi. Xalqimizning go‘zal odatlaridan biri - hayit kunlari qo‘ni-qo‘shnilar bir-biriga osh ulashadi. Aslida bu arzimas narsadek tuyilar, ammo dono xalqimiz mana shu kichik bir ish bilan ham qo‘shnilar orasi qanchalik mustahkam rishta, mehr-oqibat paydo bo‘lishini bilganlar.

Qo‘shnilarga yaxshilik qilish borasida Imomi Azam (rahmatullohi alayh)dan go‘zal o‘rnak bor. U zotning qo‘shnisi ichkilikka berilgan kimsa edi. Uyiga ichib kelib, baqirar, to‘palon qilar, uning dastidan u zot oromini yo‘qotgan edi. Bir kecha qo‘shnisining ovozi chiqmay qoldi. Tong otgach, u zot qo‘shnisini surishtirdi. U mastligi sabab qamalganini bilgach, voliy huzuriga bordi va uni qamoqdan ozod qildi. Birga qaytib kelishar ekan yigit “Meni qutqardingiz. Alloh sizga ajrr bersin!”, dedi. U o‘sha kundan boshlab ichkilikni tashladi.

Alloh hammamizga sloih qo‘shni nasib etsin.

Adulhamid NORBEKOV - Kattaqo‘rg‘on shahar “Mashrab” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 20/11/2019 12:02;   Ko‘rilganligi: 1456
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/yon-qoshnim-jon-qoshnim
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 03:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing