O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Yaxshilik talabgori bo‘ling

 
 

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib shunday deganlar: “Butun umringiz davomida yaxshilik talabgori bo‘lib, Alloh azza va jallaning rahmat shabadalariga yo‘liqing! Zero, Allohning rahmati jumlasidan bo‘lgan shabadalari borki, ularni bandalaridan xohlaganiga nasib qiladi” (Tabaroniy, Bayhaqiy, Ibn Abdul-Barr, Abu Nuaym, Ibn Asokir va boshqalar rivoyati).

Darhaqiqat, Islom hidoyatida tarbiya ko‘rgan hamda uning sof va pok buloqlaridan bahra olib ulg‘aygan musulmon kishi o‘zi yashab turgan jamiyatdagi barcha insonlarga naf keltirishga, ulardan zararni daf qilishga sayu-harakat qiladi. Chunki, u haqiqat, yaxshilik, fazilat kabi odob-axloq asosida tarbiya olgan.

Zotan, har bir kunini, yoinki har bir soniyasini o‘zgalar korini oson qilishga, o‘ksiklarning ko‘nglini ko‘tarishga baxshida etadigan insonlar chinakam fidoyilardir. Insonlar xizmatida bo‘lish, ularga imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zish va hojatlarini ravon qilishda doimo sa'y-harakatda bo‘lish - ulkan saodat. Ayniqsa yaxshilik, xayr, saxovat amali Ramazon oyida bo‘lsa uning savobi bir necha karra bo‘ladi.

Bulung‘ur tumanida faoliyat olib borayotgan imom xatiblar jamiyatni sof e'tiqod, ma'naviyat, dinu diyonat, ezgulik va ilmu ma'rifatga chorlash bilan bir qatorda ularning ijtimoiy, iqtisodiy muammolarini bartaraf etishda ko‘makchi bo‘lib kelmoqda. Muborak Ramazon oyida bu ishlar yana ham avjiga chiqqan. Imom xatiblar “Vaqf” xayriya jamoat fondining joylardagi vakili sifatida muruvvatli kishilar hamkorligida tumandagi kam ta'minlangan, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan oilalarga moddiy ko‘mak berib kelmoqdalar. Ramazon oyining o‘tgan davri mobaynida jami 4 million 600 ming so‘mlik ehson qilingan bo‘lib, bu kabi xayrli ishlar yana davom etadi. Siz ham yaxshilik talabgori bo‘ling, aziz Vatandosh!


Kiritilgan vaqti: 14/05/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1303
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/yaxshilik-talabgori-boling
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 15:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing