O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Yaxshilik - inson ziynati

 
 

Yaxshilik  haqida Qur'oni Karimda ko‘plab oyatlar kelgan.

Qanday yaxshilik qilsangiz, shubhasiz Alloh uni bilguvchidir” (Baqara surasi, 215-oyat);

Qanday yaxshi amal qilsangiz, albatta Alloh biladi” (Baqara surasi, 197-oyat);

Bas, kim (hayoti-dunyodalik paytida) zarra misqolicha yaxshilik qilsa, (Qiyomat kuni) o‘shani ko‘rur” (Zalzala surasi, 7-oyat);

Kim biron yaxshilik qilsa, bas, o‘zi uchun (ya'ni, o‘z foydasiga qilgan) bo‘lur” (Josiya surasi, 15-oyat);

Abu Zarrdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Menga ummatimning yaxshi va yomon amallari ko‘rsatildi. Yo‘ldan aziyat beradigan narsalarni olib tashlanishini yaxshi amallar sirasidan topdim...", deydilar.

Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim rizqi keng bo‘lishini hamda umri uzun bo‘lishini yaxshi ko‘rsa, qarindoshlari bilan bordi-keldi qilsin", dedilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Shu o‘rinda faqat rizqim keng bo‘lsin degan niyat bilan emas balki, chin ixlos bilan bu amal ado etilsa ikki tomon ham manfaat ko‘radi.

Yana Abdulloh ibn Amir ibn Ossdan (r.a.) rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Bir qarindoshidan yaxshilik ko‘rgandagina bordi-keldi qilgan odam silai rahm qiluvchi emas. Balki yomonlik ko‘rganda ham bordi-keldi qilaveradigan kishi silai rahm qiluvchi, deyiladi", dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Akobirlar aytishadiki, hattoki "kishi atrofidagi insonlarga ochiq yuz bilan qarashi" ham yaxshi amallardan ekanligi zikr qilingan.

Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ikki ne'mat borki, u haqda kishilarning ko‘pchiligi ziyon topib, bebahra qolishadi. Sihat-salomatlik va bo‘sh vaqt", dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

 Albatta, dasturxon boshida o‘tirganda duogo‘y otaxonu onaxonlarimiz qo‘l ko‘tarib, birinchi navbatda "sihat-salomatlik va tinchlik-xotirijamlik"ni so‘rashganida ham katta hikmat bor.

Shuningdek, vaqt qadrini g‘animat bilib, o‘zimizga, atrofu aknof, qo‘ni qo‘shni, qavmi qarindoshlar yoru do‘stlar, qo‘yinki, tanigan va tanimagan insonlarga ham vaqti kelsa, qo‘ldan kelsa, imkon boricha yaxshilik qilinsa bu vaqtlar bizning foydamizga xizmat qiladi.

Bizga berilgan imkoniyatdan unumli foydalanib, tanimiz sihatligida, quvvatimiz borida kishilarga yaxshilik ulashsak, umrimiz sermazmun bo‘ladi, rizqimiz halolidan ziyoda bo‘lib, hayotda munosib o‘rin topishimizga zamin bo‘ladi.

 ISMOILXON A'LAMXON O‘G‘LI - Urgut tuman “Ahmad Yassaviy” jome masjidi imom xatibi tomonidan Abu Zakariy Yahyo ibn Sharaf Navaviyning "Riyozus solihiyn" (solihlar gulshani) asari asosida tayorlandi.


Kiritilgan vaqti: 19/02/2020 15:12;   Ko‘rilganligi: 5196
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/yaxshilik-inson-ziynati
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 18:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing