O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Xarajati yengil nikoh barakalidir

 
 

 Muqaddas dinimiz kishilarni bir-birlariga mehr-oqibatli bo‘lishga, begonalarga ham yaxshi muomala qilishga hamda xayru ehson ulashishga buyuradi.

Fazilatli va ixlosmand halkimiz qadimdan amal qilib kelayotgan bu sunnatlar jumlasiga nikoh to‘yi marosimini xam kiritish mumkin. Nikoh ikki begona, nomahramni bir-biriga halol qilinganligi sababli, uni e'lon qilish ulamolar nazdida sunnatdir va bizning urfimizda ushbu udum “to‘y”, deb yuritiladi.

Qadimda ajdodlarimiz katta xursandchilik bilan sodda va samimiy tarzda nishonlaydigan to‘ylarni, bugun o‘zimiz uchun jiddiy tashvishga aylantirib oldik. To‘y arafasida qo‘shimcha  marosimlar, katta sarpolar, sovg‘a-salomlar, tog‘orayu tugunlar qo‘shdik. Biroq, bunday sarf-harajatlar, ortiqcha dabdababozligu obro‘ talashishlarning oqibati haqida o‘ylamadik. O‘ylasak-da, tortinish, oriyat singari kechinmalar birovdan kam bo‘lmagan to‘y o‘tkazish vasvasasi tomon boshladi. Oqibatda: voyaga yetgan o‘g‘lini uylantirish, qizini uzatishni o‘ylab, otalar pul topish maqsadida o‘zga yurtlarda sarsonu sargardon bo‘lmoqda. G‘ariblikda pul topish o‘yin emas, hatto sog‘liqlariga putur yetkazib qo‘ymokdalar. Aslida esa dinimiz yengillik dini. Barcha masalada bo‘lgani kabi to‘y masalasida ham mo‘tadil yo‘lni tutish maqsadga muvofiqdir.

Imom Bayhaqiydan rivoyat qilinishicha Nabiy (s.a.v) aytdilar: “Eng barakali nikoh  -  harajatlari yengil bo‘lganidir”, dedilar. Ya'ni, nikohning barakali bo‘lishi, ikki yoshning baxti to‘kis bo‘lishi sabablaridan biri nikoh xarajatlari va dabdabalarining kamroq, yengilroq, sharoitdan kelib chiqqan holda bo‘lishidir.

Ba'zan bo‘y yetgan qizlarimizning tengi chiqsa ham, yanada yaxshiroq joydan umid qilib, sepi tayyor emasligi, “hozircha sharoitimiz yo‘q”, deya bahona qidirib, uning umrini o‘tkazamiz. Sodda sep va kamharj to‘y-tomosha o‘rniga dabdabali to‘yni ko‘nglimiz tusaydi. Bunday to‘y o‘tkazish uchun o‘rtahol sharoitli oilalar hatto yillar davomida yig‘inishlarini ko‘z oldimizga keltiraylik. Tengi chiqqan qizlarimizni uzatmasak, bekorchi sarpolaru, qimmatbaho mebellarni deb to‘ylarni kechiktirsak, oilasiz erkak va ayollar  ko‘payadi, zinoga yo‘l ochiladi, nasablar kesiladi. Jamiyatda salohiyat va iffat kamayadi.

Ba'zi yigitlarimiz esa hamma sharoitimni yaxshilab olaman, deb oila qurmay yurishadi, yoshlari o‘tib qoladi. Har narsada me'yor bo‘lgani kabi oila qurishda ham juda yosh va o‘ta katta yoshli bo‘lish yaramaydi. Vaholanki, bir kasb yoki hunarning boshini tutgan, ro‘zg‘or uchun yetarlicha mablag‘ topa oladigan yigitlar kambag‘allikdan cho‘chib uylanmay yurishlari to‘g‘ri emas. Hanafiy mazhabiga ko‘ra uylanish - uylanmasdan umrini ibodatda o‘tkazishdan afzal, balki sunnatdir. Shuningdek, Alloh o‘z fazli karami bilan nikohga baraka bersa, kambag‘al bo‘lganlar turmush qurganlaridan so‘ng boyib ketganlik holatlariga ham guvoh bo‘lganmiz.Uylanguncha bo‘sh, yalqov bo‘lgan yigitlar uylangandan keyin g‘ayratli, shijoatli, harakatchan bo‘lib qolishlari ko‘plab uchraydi. Shuning uchun muqaddas dinimiz imkoniyati bo‘lgan yigitlarni uylanishga targ‘ib qiladi. Lekin, nikoh sunnatining e'loni hisoblangan to‘yni obro‘ to‘plash musobaqasiga aylantirish, dabdababozlik, isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yish dinimizda qoralanadi. Yillar davomida yemay-ichmay yiqqan davlatini va buning ustiga olgan qarzlarini bir kunda sovurib, keyin yillar davomida qarz to‘lash kimga qanday foyda?! To‘y kuni o‘nlab mashinalarni yollagan kuyov to‘ydan keyin avtobusda yurishga ham mablag‘ topolmay qolsa, unga baxt tatiydimi?!

Bugungi kunda yoshlarimizga gunoh qilsa ham, isrof qilsa ham gapirmasak, o‘z oyog‘imizga o‘zimiz bolta urgan bo‘lmaymizmi?! Keyin bu isroflarning jabrini barchamiz tortishga majbur bo‘lmaymizmi?! Illo, barchamizni to‘ylarda isrof qilish, manmanlik, dabdababozlik tufayli nochorlar ko‘ngliga ozor yetkazish, farzandlarimiz, elu yurt oldida uyatli vaziyatda qolishdan Yaratganning O‘zi asrasin, to‘g‘ri yo‘lida sobitqadam qilsin.

Nozbuvi TEMIROVA - O‘MI Samarqand viloyat  bosh otinoyisi 


Kiritilgan vaqti: 05/02/2020 17:27;   Ko‘rilganligi: 1165
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/xarajati-engil-nikoh-barakalidir
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 19:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing