O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

TINCHLIK NE'MATI

 
 

Insoniyat o‘z taraqqiyotining barcha bosqichlarida, avvalo tinchlik-totuvlikka intilib kelgan. Insoniyat taraqqiyotining barcha bosqichlari jamiyatning tinchlik-totuvlik sharoitiga chambarchas bog‘liqdir. Shu boisdan ham yurt tinchligi – bebaho ne'mat, ulug‘ saodatdir, barqaror taraqqiyot garovidir. Tinchlik – Vatanimizning dunyo siyosiy maydonida olib borayotgan asosiy g‘oyalaridan biridir, zero tinchlikni saqlash umumbashariy masala hisoblanadi. Albatta, tinchlikka o‘z-o‘zidan, yoki balandparvoz so‘zlar bilan erishib bo‘lmaydi, uni izchil va qat'iy harakatlar va ayni vaqtda dunyoning siyosiy maydonida sodir bo‘layotgan  jarayonlarni tafakkur qilib uzoqni ko‘ra olish orqali ta'minlash mumkin. Yurtimiz ham mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab tinchlik-totuvlikni o‘z siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb e'lon qildi va o‘tgan yillar mobaynida bu yo‘ldan og‘ishmay dadil qadamlar bilan taraqiyot sari intilmoqda.

Dunyodagi barcha dinlar ezgulik g‘oyalariga asoslangan va odamzotni yaxshilik, tinchlik, do‘stlikka da'vat etib keladi. Jumladan, Islom dini bu borada eng yetakchi din desak yanglishmaymiz. Dinimizning tinchlikka bo‘lgan e'tibori juda ham katta bo‘lib, shu bilan birgalikda bu har bir musulmon kishining e'tiqodini ajralmas bir bo‘lagini tashkil qiladi. Alloh taolo Qur'oni karimda bu haqda: “...Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!” deb butun insoniyatni tinchlik va xotirjamlikda yashashga chaqirdi.

Xalqimiz tinchlikni yuksak qadrlaydi, shuning uchun ota-bobolarimiz duoga qo‘l ochsa, dastavval tinchlik-omonlik, xotiri jamlik tilaydi. Tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ilohiy ne'matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlarning ro‘yobga chiqishini asl sababchisi ham tinchlik, osoyishtalikdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘ ne'mat ekanligini ta'kidlab shunday deganlar: “Ikki ne'mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlikdir”.

Inson o‘ziga berilgan tinchlik ne'matini tafakkur qilish ila uning bebaholigini, undan kimlardir bebahra ekanligini va bu ne'mat sababidan o‘zi va atrofidagilar uchun ulkan imkoniyatlar eshigi ochiq turganligini biladi. Tinchlik ortidan jamiyat uchun keladigan ne'matlarning sanog‘i yo‘q. Darhaqiqat, tinchlik sababidan ilm-fan yuksalib, yurtda jamiyat farovonligi va taraqqiyoti ravnaq topadi. Yoshlar kelajagi uchun umid va ulkan imkoniyatlar paydo bo‘ladi, yosh avlodda ertangi kun uchun intilish  yuzaga keladi. 

Albatta, ne'matning bardavomligi, uning shukriga bog‘liqdir. Shukr esa ne'matning katta-kichikligiga qarab har xil bo‘ladi. Ba'zi ne'matlarning shukri faqat tilda “alhamdu lillah – Allohga shukr” deyish bilan ado bo‘ladi. Ammo, ba'zi bir ne'matlar borki, ularning shukri til bilan ado bo‘lmaydi, balki o‘sha berilgan ne'matni qo‘lda saqlab qolish uchun muttasil amaliy harakat orqali uning shukri ado etiladi. Tinchlik, xotirjamlik aynan mana shu ne'matlar sirasiga kiradi. Zero, bu ne'mat noshukurlik sababli bir bor qo‘ldan ketsa uni qaytarib olish uchun yillar zarur, unga to‘lanadigan tovonni esa hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Shunday ekan yurtimizda hukm surayotgan bu tinchlik ne'matini qadriga yetib shukrini ado qilish, bu ne'matni bardavomligi yo‘lida muttasil harakatda bo‘lib, hushyorlikni qo‘ldan boy bermaslik yoshu qari barchamizning zimmamizdagi ulkan burchimizdir. Muqaddas dinimizda Vatan himoyasi oliy burch sanalib, ibodat darajasiga ko‘tarilgan. Bu haqda janob Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam: “Kimki Alloh taolo yo‘lida bir kun yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi ro‘za tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimki sarhadni qo‘riqlab turganda halok bo‘lsa, unga ham xuddi shunday ajru-savob mukofoti bo‘ladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda bo‘ladi”, – deb Vatan himoyasi naqadar sharafli burch va tengi yo‘q savob amallardan biri ekanligini uqtiradilar.

Vatan himoyasini tor doirada tushunmaslik lozim. Tinchlikni asrash – Vatan himoyasi faqat harbiy sohadagi yoki shunga oid soha kishilarining burchi bo‘lib qolmay, balki shu jamiyatimizda yashayotgan barcha kishilarning  fuqarolik burchi sanaladi. Biz Vatanni himoya qilish, tinchlikni asrash deganda qo‘lda qurol bilan bilan Vatan sarhadlarini qo‘riqlashni tushunamiz. Aslida jamiyatning har bir fuqarosi – Vatan himoyachisidir. Vatanni himoya qilish deganda faqat qurol bilan emas, balki tinchlikka rahna solayotgan kimsalarga sof tushunchalardan iborat so‘zlar hamda mafkuraviy g‘oyalar bilan qarshi turmog‘imiz darkor. Mamlakatda tinchlikni asrash uchun ham moddiy ham ma'naviy himoya zarur. Ogohlik esa har birimizning muqaddas burchimizdir. Millatning yuksak ma'naviyatli ekanligi, mafkuraviy g‘oya va siyosiy ongining yetukligi, doimiy ogohlik  tinchlikni saqlashning eng muhim omillaridan ekanligini unutmasligimiz lozim.

Nodir Qobilov, Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,

Payariq tuman “Sog‘ish ota” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 15/10/2019 12:25;   Ko‘rilganligi: 4407
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/tinchlik-nemati
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 13:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing