O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

SILAI RAHM FAZILATLARI

 
 

         “Silai rahm” arabcha so‘z bo‘lib, “sila” - bog‘lamoq, “rahm” –qarindoshlak, ma'nolarini anglatadi ya'ni, “qarindoshlik  rishtasini bog‘lash” ma'nosidadir. Qarindoshlar deganda, avvalo ota-ona, farzandlar, aka-uka, opa-singillar va yaqin qarindoshlar tushuniladi. Islom dinida avvaldan qarindoshlar bilan yaxshi muomala qilishga buyuriladi. Hattoki, qarindoshlar bilan bordi-keldi qilib, ular bilan rishtalarni bog‘lashni ibodat darajasiga ko‘targan.

Qarindoshlikning oliy namunasi yaqinlari bilan chiroyli muomalada bo‘lish, imkon topsa ularga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatishdir, past darajasi esa hech bo‘lmasa salom-alik qilib turishdir. Shariatda o‘ziga to‘q inson nochor qolgan yaqin qarindoshlarga yordam ko‘rsatishi vojibdir.

       Silai rahm qilish borasida Qur'oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

    “Sizdan nimani nafaqa qilishni so‘rarlar. Nafaqa qilgan yaxshiligingiz ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga va yo‘qsil yo‘lchiga bo‘lsin. Nimaiki yaxshilik qilsangiz, albatta, Alloh uni o‘ta biluvchidir, – deb ayt.”. (Baqara surasi, 215-oyat).

Qarindoshlar - ota-onaning yaqin kishilari bo‘lganligidan ularga yaxshilik qilish bevosita ota-onadan  keyingi  o‘ringa qo‘yiladi. Imom Buxoriy va Imom Muslim Anas raziallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda,  Rasullulloh sallolohu alayhu vassalam: “Kimki rizqi keng va umri uzoq bo‘lishini yaxshi ko‘rsa, qarindoshlari bilan aloqasini yaxshilasin”, deganlar.

         Darxaqiqat, qaysi xonadonda qarindosh urug‘lariga nisbatan o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, e'tibor, rahm-shavqat bo‘lsa, o‘sha joyda fayzu baraka bo‘lib, Allohning rahmati yog‘iladi. Aks holda, rizqidan baraka, hayotidan huzur halovat ko‘tariladi.

         Yana Imom Buxoriy va Imom Muslim Jubayir ibn Mut'im raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Qarindoshlari bilan aloqani uzgan kishi jannatga kirmaydi”, deganlar.

         Ibn Moja Savbon raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Taqdirni hech narsa qaytara olmaydi magaram duo qaytara oladi va umrni hech narsa uzaytira olmaydi, magaram ota-ona  va qarindoshlarga qilingan  yaxshilik o‘zaytira oladi. Har bir kishi qilgan gunohi sababidan rizqidan mahrum bo‘ladi”, deganlar.

         Alloh  taolo bandalariga nihoyatda mehribonligidan ularga o‘zini rozi qilib, jannatga kirish yo‘llarini kengaytirib qo‘ydi. Aka-uka, opa-singil, qarindosh-urug‘lar bilan yaqin munosabatda bo‘lish, xursandchiliklariga sherik bo‘lish, musibatlariga hamdard bo‘lish,  muhtoj bo‘lganda yordam berish, hamda qarindoshchilik rishtalarini o‘zmay, kek saqlamay kechirib yuborish, ularga nisbatan   qalbida hasad va adovat saqlamaslik,  keksalar duolarini olib, yoshlari haqiga xayrli duolar qilish, o‘rtada qarindoshlik muhabbati ziyoda bo‘lishi uchun bor kuch-g‘ayratini safarbar qilish va shunga o‘xshash xayrli ishlar mo‘minni jannatga olib boradi.

Silai rahm mavzusida hulosa qiladigan bo‘lsak, oson va yengil amallar bilan bo‘lsada silai rahmni o‘rnatgan kishi oyatlarda qoralangan kimsalar qatoriga kirmaydi. Biroq zimmasiga vojib bo‘lgan, o‘zi qodir bo‘lgan silai rahmni to‘liq amalga oshirmasa, u dinimizni talab qilgan amalini  ado etgan bo‘lmaydi, balki oyat hadislarda ogohlantirilgan kishilar toifasiga kirib qoladi.

 ZAYNIDDIN NURIDDINOV – Ishtixon tuman “Dehqonobod” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 22/01/2020 10:46;   Ko‘rilganligi: 2526
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/silai-rahm-fazilatlari
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 05:50
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing