O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Isrof baraka zavolidir

 
 

Isrof so‘zi lug‘atda “chegaradan chiqish” ma'nosini anglatadi. Istilohda esa moddiy sarf xarajatlarda o‘z ifodasini topadi.

Bu haqda Alloh taolo Quroni karimda shunday deydi: “Ular infoq qilganlarida isrof ham va xasislik ham qilmaslar. U ikkisi o‘rtasida mo‘tadil bo‘lurlar”.(Furqon. 67)

Umar ibn Abdulaziz qizi Fotimani uzatayotganda Abdumalik ibn Marvon so‘radi: - Qanday xarajat qilmoqchisan? - Ikki gunohning o‘rtasidagi chiroyli holatda, – deb yuqoridagi oyatni tilovat qildi Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayh Ibn Kasirning tafsirida “Nafaqalarini hojatdan tashqari isrof qilib sovurib ham yubormaydi, o‘z ahliga ularning haqlarini poymol qilib baxillik ham qilmaydi” deyilgan.

Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam marhamat qiladi: “Yenglar, ichinglar, kiyinglar va sadaqa qilinglar. Isrof va mutakabbirlik bo‘lmasa bas”. (Abu Dovud va Nasoiy rivoyati)

Hazrat Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “O‘zingga va ahli baytingga isrof qilmasdan va sovurmasdan qilgan xarajating, sadaqa qilganing sen uchun bo‘lur. Riyo va shuhrat uchun bo‘lgani shaytonning nasibasidur”.

Shuni aloxida aytishlik kerakki moliyaviy mablag‘lar isrofidan tashqari har bir sohada ham isroflar bo‘ladi. Shulardan mashhurrog‘i – suvning isrofi. Suvning isrof bo‘lish holatini har joyda kuzatish mumkin. Lekin ko‘pchilik bunga e'tibor bermaydi. Holbuki suv – Alloh taolo bandalarga in'om etgan ne'matlarning saralaridandur. Bu ne'matni tejash kerak. Har bir sohada bo‘lgani kabi suvning isrofi ham gunoh sanaladi. Hattoki ibodat uchun ishlatilganda ham isrof qilmaslik  kerak.bunga misol tariqasida Payg‘ambar alayhissalomning ushbu so‘zlarini kelirib o‘taman Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Sa'd ibn Abu Vaqqos raziyallohu anhuning tahorat olayotib suvni me'yoridan ortiq ishlatganini ko‘rib qoldilar. - Hoy, Sa'd! Bu qanday isrofgarchilik? – dedilar. - Ey Allohning rasuli, tahoratda ham isrof bo‘ladimi? – so‘radi Sa'd raziyallohu anhu. - Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham, dedilar.

Endi yuqorida qisqacha keltirilgan fikrlardan xulosa oladigan bo‘lsak  hayotda inson uchun eng zarur bo‘lgan ishlardagi me'yorning ortig‘i shunchalik isrof bo‘lsa, to‘y-maraka va boshqa ziyofatlardagi isrofgarchilikning yuki qanchalik og‘ir bo‘lishini tasavvur qilib ko‘rish mumkin. Shuning uchun hayotda hamisha isrofdan uzoqda bo‘laylik chunki Isrof baraka zavolidir.

Azizlar biz bugungi kunda ko‘plab sinovlarni boshimizdan o‘tkazyapmiz. Ushbu kunlarda karantin qoidalariga rioya qilishimiz zarur, aks holda isrofgarchilikka yana bir bor yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz. 

  Nurbek Mo‘sayev - Narpay tumani Salovot ota jome masjid imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 13/07/2020 12:01;   Ko‘rilganligi: 1688
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/isrof-baraka-zavolidir
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 18:34
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing