O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Halollik – ikki dunyo saodati

 
 

Ramozon kunlari edi. Xizmat yuzasidan qo‘shni malhalladagi taziyaxonada edim. Ustozimiz Nuriddinxon Islomov ham taziya izhor etgani tashrif buyurdi. Shu joyda suhbat asnosida bir otaxon uztozdan zakot va uning hukmlari haqida savol so‘radi.

Ustoz, “Zakot shunday narsaki, musulmon kishi uchun ro‘zadan keyin, hajdan oldin turadigan zimmasidagi farzdir. Zakot, mol mulkingiz nisobiga yetganda beriladi. Uning shu dunyoda ham bir qancha foydalari bor. Bu moliyaviy ibodatni ado etgan kimsaning mol-mulkida baraka bo‘ladi. Men sizlarga bo‘lib o‘tgan voqeani aytib beraman”, dedilarda  bundan ancha yil oldin bo‘lib o‘tgan voqeani hikoya qila boshladilar.

“Yosh o‘spirin paytlarim edi. Rahmatli qiblagohimiz bilan har hafta shaharga juma namozini o‘qishga borar edik. Dadamning Registon maydoni yaqinida bir vodiylik etikdo‘z oshnasi bo‘lar edi. Har doim o‘sha birodari bizni o‘z xonasiga yo namozdan oldin yoki keyin taklif etar, xonadagi pechkaga o‘tin qalab choy qaynatar, achchiq choy bilan bizni ziyofat qilib, so‘ng kuzatib qo‘yar edi.

Bir safar yo‘limiz o‘ng bo‘lib, shaharga ancha barvaqt yetib bordik. Odatdagidek bizni etikdo‘z bobo yana hujralarida pechga o‘t yoqib, choy bilan mehmon qildi. Vaqt bo‘lib, juma namozini o‘qish uchun harkatga tushdik. Usta bobo nimjongina eshikni bir amallab yopib qo‘ydi. Eshikning ahvoli bu bo‘lsa,  amaki xonani yolg‘iz tashlab ketishdan xavotirlanmasmikan, degan fikr xayolimdan o‘tdi. Juma namozini ado qilib bo‘lgach, etikdo‘z amaki bizni qo‘yardan qo‘ymay yana xonasiga taklif qildi va pechkaga o‘tin qaladilarva va choy qaynatib oldimizga quydilar. Choyni ichib suhbatlashib turganimizda etikdo‘z amakining to‘satdandan ranggi o‘zgarib ketdi. Dadam rahmatli, ha birodar, nima bo‘ldi, mazzanggiz qochdimi? deb so‘radi. Yo‘q, hammasi joyida faqat, meni bor topgan tutganim mana shu pechni ichida edi. Biror joyga chiqsam, o‘g‘irlanishidan qo‘rqib mana shu joyda saqlar edim, dedi.

Dadam,  “Mol-mulkingizdan zakot berib turasizmi?”, deb so‘ragan edi.

U kishi, “Ha, har yili berib kelaman”, deb javob berdi.

         “Zakotni berib, birovning haqqiga xiyonat qilmagan bo‘lsangiz Allohning O‘zi asraydi, qo‘ying, ko‘p siqilmang, dedi dadam.

         Amaki otashkurak bilan pechni kovlay boshladi va “Eshonbobo, aytganingiz to‘g‘ri chiqdi. Mana, pullarimni Allohni O‘zi asrabdi”, deb chet-chetlari sal kuygan, biroz qoraygan pullarni ko‘rsatdi”.

         Ustoz hikoyasini tugatar ekan “Agar so‘zlarimga ishonmasangiz, hozirgi kunda 90 yoshni qoralagan otaxonimiz, etikdo‘z Omonqul bobodan borib so‘ranglar” dedi.

         Men paytini topib Omonqul boboni ziyorat qildim va u kishidan ham shu voqeani eshitdim.

         Shundan so‘ng men, bu hayot davomida har bir inson to‘g‘ri yashab, halol kasb-hunar qilsa, o‘zganing haqiga xiyonat etmay, zakot va to‘lovlarni  o‘z vaqtida ado etsa, albatta, topgani barakali bo‘ladi, bu dunyoda rohat-farog‘atda umr kechiradi degan xulosaga keldim.

G‘olib RASULOV – Tayloq tumani “Sada Qayrog‘och” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 13/11/2019 11:46;   Ko‘rilganligi: 1236
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/halollik-ikki-dunyo-saodati
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 14:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing