O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Yeguvchilar to‘planadigan eng yomon taom

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Mayyit chiqgan xonadonning qo‘shnilari, yoru do‘stlari yoki mayyitga aloqador kishilar uchun mustahab bo‘lgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan so‘zlarini amalga oshirish hamon sunnatligicha qolgan.

Insonlar aslida vafot etgan xonadonga taom tayyorlab borishlari kerak. Chunki mayyit chiqgan xonadon egalari, ya'ni uning ahli ayollari, o‘g‘il-qiz va farzandlari taom tayyorlashga bo‘sh vaqtlari ham, xohishlari ham bo‘lmaydi. Ularga habibimiz Mustafo sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, ularni mashg‘ul qiladigan og‘ir musibat yetgan.

Lekin uyda yosh bolalar bor, ular ochiqib taomga ehtiyoj sezadilar. Islomning samohati va Payg‘ambar xulqining taqozosi shuki, mayyit chiqgan xonadonga qo‘shnilar va uning yoru-do‘stlari ahamiyat berib, taom tayyorlab, musibat yetgan xonadonga olib borishga chaqiradi.

Afsuski, bugungi kunda hammamizga ma'lum bo‘lgan voqelik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nasihat qilgan ko‘rsatmaga aksar holatlarda tamoman teskari bo‘layotganini ko‘rsatib turibdi. Shuningdek, mayyit egalari marhumni janozaga tayyorlashdan ko‘ra ko‘proq dasturxon bezash bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Mayyitni qabrga qo‘yib kelgandan so‘ng musiybat yetgan xonadon tayyorlagan taomlarni yeyish odatga aylanib ulgurgan.

Aslida yeguvchilar to‘planadigan ushbu taomdan yomonroq taom borligini bilmaydilar.

Birinchidan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nasihat qilgan sunnatga mutlaqo zid va unga qarshi chiqish.

Ikkinchidan, ushbu taomni tayyorlash nafaqat islomiy xulqga, balki insoniy axloqlarga ham to‘g‘ri kelmaydi.

Uchinchidan, ko‘pincha ushbu dasturxonga mayyit qoldirib ketgan merosdan ishlatiladi. Mayyitdan qolgan meros meros'ho‘rlarning mulkiga aylanadi. Ko‘pincha meros'ho‘rlar orasida norasida bolalar ham bo‘ladi. Garchi bu yerda norasida yetimlar bo‘lmasada, meros'ho‘rlarning ba'zilari rozi bo‘lishi va ayrimlari rozi bo‘lmasligi mumkin. Shu jihatdan mayyit egalari tomonidan tayyorlangan ushbu taom yeguvchilar to‘planadigan eng yomon taom sanaladi. Chaqirilgan odamlarni qanday qilib ushbu taomga kelayotganlarini va undan tanavvul qilishga jur'at topayotganlarini tushuna olmaysan kishi.

Biz bu yomon odatni to‘xtatishga va odamlarni Payg‘ambarimiz sunnatiga qaytarishga bor kuchimizni sarf qilishimiz lozim.

Lekin ba'zi odamlar «Bu yerda norasida go‘dak bolalar yo‘q, bu taomni barchaga muvofiq keladigan tarzda tayyorlangan», - deydilar. Garchi ular aytayotganidek tayyorlangan bo‘lsa ham bu taom Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nasihatlariga muvofiq emas.

Ular bu ishni nima uchun qiladilar? Ular o‘zlarining urf odatlariga taslim bo‘lganlari uchun qiladilar. Agar shunday qilmasalar odamlar ularni «Hech narsa qilmadi, o‘zi bular baxilda, shuning uchun qilmagan», deb gapiradilar. Shu sabab majburlikdan ushbu taomni tayyorlaydilar.

Ey do‘stlarim, sizni ushbu odatni yo‘qotishga, imkon qadar bor kuchingizni sarf qilishingizga umid qilamiz. Chunki, bu jirkanch va bema'ni odatdir.

Biz sayyidimiz Mustafo sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini amalga oshirish uchun bor imkoniyatimizni ishga solishimiz lozim.

Muhammad Sa'id Ramazon Butiy

Abdulloh G‘ulomov tarjimasi

Manba: Islom.uz


Kiritilgan vaqti: 18/02/2020 17:49;   Ko‘rilganligi: 1301
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/eguvchilar-toplanadigan-eng-yomon-taom
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 20:38
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing