O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Bir hadis tufayli hayoti tubdan o‘zgarib ketgan aktrisa

 
 

Madiha Kamel o‘z davrida nafaqat Misrning, balki butun arab kinosining eng yorqin yulduzlaridan biri edi. Ammo bir hadisni eshitgach, u hayotini tubdan o‘zgartirishga qaror qilgan.

Madiha 1948 yilning 3 avgustda Iskandariyada o‘rtahol oilada tug‘ildi, ular oilada oltita farzand edi. U o‘quvchilik davridayoq maktabdagi tomoshalarda turli rollarni ijro eta boshlagan.

1962 yilda Madiya Qohiraga ko‘chib borib, universitetga o‘qishga kirdi. Shu yillarda teatrda rollar o‘ynay boshladi. O‘sha paytda Misrda kino va teatr rivoj topayotgan edi. Shuning uchun iste'dodli aktrisa e'tibordan chetda qolmadi. 1966 yilda u taniqli aktyor Farid Shauki bilan "30 kun qamoqda" filmida bosh rolni o‘ynadi.

Keyingi yillarda uning shuhrati o‘ta yuksaldi, u nafaqat Misrda, balki butun arab dunyosida mashhur aktrisaga aylandi. "Aybdorlik" (1967), "Kecha eshigi" (1969), "Sukkariya" (1973), "Yolg‘onchi" (1975), "Yerdan uzoq" (1976), "Uyqusiz ko‘zlar" (1981), "Eplab qutqaring" (1985), "Men" (1987), "Jimjitlik" (1989), "Qohira" (1990) – bular u ishtirok etgan filmlardan ba'zilari.

1992 yilda aktrisa taniqli rejissyor Odil Asarning "Iblis darvozasi" filmida bosh rolni ijro qila boshladi. Ammo ish tugash arafasiga kelganida, Madiha suratga olinishdan bosh tortishini va kinoni butunlay tark etishini aytdi. Bularning barchasi hayratga solgani uchun direktor avvaliga uni shunchaki hazillashyapti deb o‘yladi. Ammo aktrisa so‘zida qat'iy turib oldi. Suratga olish jarayonini yakunlash uchun qiyofadosh topishga to‘g‘ri keldi.

O‘limidan oldin bergan intervyusida Madiha bu qarorini shunday izohlagan edi: “Bir kuni men Rasulullohning (s.a.v.) hadislarini o‘qib qoldim: "Kuchsiz mo‘mindan ko‘ra, kuchli mo‘min Allohga yaqin va suyukliroqdir". Men bu haqida ko‘p o‘yladim va bandalari kuchli bo‘lganida Alloh rozi bo‘lishini angladim. Men kuchli bo‘lishga qaror qildim va hayotimni tahlil qildim. Men shon-sharaf, pul va sahnani eng zaif narsa deb bildim va ular meni ham kuchsiz qiladi deb hisobladim. Imon va xotirjamlik esa eng qadrli va kuchlidek, bularni yuqoridagi bilan solishtirib bo‘lmaydi. Kinodan ketishga qaror qildim”.

Madiha hayotini butunlay o‘zgartirib, ro‘mol o‘rab, ibodat qilishga, dinni o‘rganishga va kambag‘allarga yordam berishga bag‘ishladi. Kinodan ketgach, deyarli intervyu bermadi (bergan bitta intervyusi badiiy doiralar tomonidan adovat bilan kutib olinganligi sababli nashr etilmadi), va yolg‘izlikni afzal ko‘rdi. Kichikroq kiyim atelyesi ochib, u yerda kiyim-kechak ishlab chiqarib pul topdi. O‘sha paytdan boshlab, uning faqat ikkita fotosurati va do‘stlarining guvohliklari qoldi. Aktrisa 1997 yil 13 yanvarda vafot etdi. U atigi 48 yoshda edi.
Uning o‘limi ham o‘zi orzu qilganidek Ramazon oyida yuz berdi. Saharlikdan keyin u bomdod namozini o‘qib, Qur'on tilovati payti yurak xurujidan vafot etdi.

Manba: azon.uz


Kiritilgan vaqti: 17/02/2020 16:07;   Ko‘rilganligi: 1229
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/bir-hadis-tufayli-hayoti-tubdan-ozgarib-ketgan-aktrisa
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 09:14
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing