O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Ayol- mo‘tabar zot!

 
 

Ayol - avvalo onamiz, hayot yo‘limizdagi yo‘ldoshimiz, opa- singlimiz, qizimizdir. Alloh taolo insonni azizu mukarram etib, uni juft holida yaratdi. Ayol oilaning chirog‘i, farzandlar tarbiyalovchisi hamda insoniyat silsilasini davom ettirish uchun onalik baxti va mas'uliyati berilgan zotdir. Qur'oni karimda bunday deyiladi: "Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jixatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir".

Insoniyat tarixiga nazar tashlasak barcha jamiyatlar ayolga birday yaxshi munosabatda bo‘lmaganini ko‘ramiz.

Muqaddas Islom dinimiz ayolning iffati, sharafi, haq-huquqlarini to‘laligicha ta'minlab berdi. Islom dini bundan o‘n besh asr ilgari ayolni yuksak martabalarga ko‘tardi. Bu ezgu ibrat faqat islom ummatiga emas, balki butun insoniyatga yuksak namuna bo‘ldi. Qur'oni karim oyatlarida shunday deyiladi: “Ular bilan totuv turmush kechiring” (Niso,19).

Ayollar uchun (belgilangan xuquqlar) o‘z me'yorida erkaklar huquqi bilan tengdir" (Baqara.228).

Ayol kishi avvalo ona sifatida qadrlanadi. Qur'oni majid oyatlarining bir necha oyatlarida onani ikrom etish, uning haqqini ado qilishga buyurilgan. Payg‘ambarmiz (s.a.v) muborak hadislarida:

“Jannat onalar oyog‘i ostidadir” - deb marhamat qilganlar.

Dunyo ne'matlari ichidagi eng yaxshisi, bu soliha ayol ekani ta'kidlanib hadisu muborakda shunday deyiladi: “Dunyo o‘zi matodir. Dunyo matolarining eng yaxshisi soliha ayoldir” ( Muslim rivoyati).

“Kimga Alloh taolo soliha ayol nasib etgan bo‘lsa, Alloh uning dinining yarmiga yordam beribdi. Qolgan yarmida Allohga taqvo qilsin”, deganlar.

Boshqa bir xadisda soliha ayolni qanday ayol ekanini shunday tavsiflaydilar: “Agar eri unga qarasa, xursand bo‘ladi, buyursa, itoat etadi va biror joyga chiqsa, uning mol-mulkini muhofaza qiladi” (Abu Dovud rivoyati).

Muoviya al-Qurayshiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ey Allohning Rasuli, bizning birimizda xotinining nima haqi bor?” dedim.

“Qachon taomlansang, uni ham taomlantirasan. Qachon kiyim kiysang, uni ham kiyintirasan. Yuzga urmaysan. Qattiq so‘kmaysan va uydan boshqa joyda hijron qilmaysan, dedilar u Zot”.

Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilishgan.

 Payg‘ambarmizning (s.a.v): Ayollar erkaklarning ajralmas bir qismidir”, degan hadislariga binoan ayol kishi jamiyatning ajralmas bir bo‘lagi ekan, u ijtimoiy hayotda o‘z mavqe'iga ega bo‘lib, ilm olishga ,kasb - hunar qilishga haqlidir. Shunga binoan bugungi kunning ayoli ham unga berilgan haq-huquqlardan oqilona faydalanish bilan bir qatorda, ayollik iffatini saqlab, o‘z sha'niga dog‘ tushurmaslikka harakat qilmog‘i lozim. Ularni turli yomonlik, xavfu-xatardan himoya qilib, salbiy illatlardan asramoqlik hamda ularning hurmatini joyiga qo‘yib, chiroyli munosabatda bo‘lish biz erkaklarning zimmamizdadir. Chunonchi, Rasululloh (s.a.v) biz ummatlariga ayollarga yaxshi munosabatli bo‘lishimiz lozim ekanligiga buyurib bunday marhamat qiladilar: “Mo‘minlarning iymon jihatidan komilrog‘i xulqi yaxshi bulganlardir. Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahli ayollariga yaxshi bo‘lganlaringizdir” (Imom Termiziy rivoyati).

Shuni alohida ta'kidlash joizki, mamlakatmiz ayollarni hurmat qilish, alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish ,ularning huquqlarini himoya qilish, salomatliklari haqida qayg‘urish borasida har qanday davlatlarga namuna bo‘la oladigan davlatdir. Ayollarimiz uylarida mohira beka, sadoqatli yor, mehribon ona bo‘lishlari bilan bir qatorda yurtimizdagi barcha jabhalarda - ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy ,siyosiy sohalarda samarali, fidokorona mehnat qilishmoqda. Biz ularni avvalo, ayol sifatida qolaversa jonkuyar, fidoyi mehnatkash sifatida qadrlamog‘imiz darkor.

Alloh taola barcha ayollarimizga avvalo oilaviy baxt va saodat, tansihatlik va tinchlik-xotirjamlikni ato qilsin.

 Nasrulloxon Nurulloh o‘g‘li - Pastdarg‘om tuman “Chandirobod” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 06/03/2020 17:18;   Ko‘rilganligi: 6185
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/ayol-motabar-zot
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 08:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing