O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Ahli ilmlarga yordam berish zarurati

 
 

Ma'lumki, ilm olish, odamlarga ziyo tarqatish fazilati juda ulug‘. Olimlar, ahli ilmlar dunyoda ham, oxiratda ham yuksak maqomlarga erishishlari haqida ko‘p hadislar naql qilingan. Bu masalada avval to‘xtalib o‘tilgan. Hozir men o‘quvchilar diqqatini bir jihatga, ya'ni, ahli ilmlarga yordam berish, ularni moddiy tarafdan qo‘llab-quvvatlash masalasiga qaratmoqchiman. Zero, bu xayrli an'ana bizda, umuman, musulmon diyorlaridan avvaldan bo‘lib kelgan.

Chunki ahli ilmning asosiy vazifasi ilm olish, bilganini odamlarga o‘rgatish, ma'rifat tarqatish. Lekin boshqa tarafdan uyam tirikchilik qilishi, oilasini boqishi kerak. Ro‘zg‘or tebratish, pul topish bilan ovora bo‘lib, ilmni tashlab qo‘ygan kishilarni ham ko‘rganmiz, ular haqida eshitganmiz. Shuning uchun boy-badavlat kishilar yon atrofga teranroq nazar tashlab, ahli ilmlarga ko‘mak berib turishsa, o‘zlariga ham, jamiyatga ham ko‘p foydasi tegadi.

Hech bir joyda olimlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi, hech bir inson onasidan olim bo‘lib tug‘ilmaydi, balki ustozlar rahnamoligi, saxiy kishilar saxovati evaziga ulamolar yetishib chiqadi. Chunonchi, kitob yozayotgan, tarjima bilan shug‘ullanayotgan ahli ilmlarga nashr ishlarida yordamlashilsa, buning savobi juda ulug‘ bo‘ladi.

Mavridi kelgani uchun aytaman: vaqtida menga ham moddiy yordam berilgan, kitob chiqarishda ko‘maklashilgan. Agar meni moddiy va ma'naviy tarafdan qo‘llab turuvchi insonlar bo‘lmaganida, balki, men ilmiy faoliyatimni davom ettirolmasdim, chunki o‘sha paytlarda ancha yosh bo‘lganman... Feysbukdagi do‘stlar safida 2-3 nafar yaxshi insonlar bor, ular menga juda ko‘p yordam qilishgan... Alloh taolo ularning ahli oilasiga, davlatiga baraka bersin, ikki dunyo saodatiga erishtirsin, farzandlaridan ulamolarni chiqarsin.

Aytmoqchi bo‘lganim: o‘ziga to‘q, boy-badavlat kishilar ahli ilmlar, talabalar holidan xabar olib, ularni moddiy jihatdan ta'minlab turishsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Chunki nafs uchun, orzu-havaslar yo‘lida ham millionlab pullar sarflanayapti. Allohga, oxirat kuniga shubhasiz ishonadigan mo‘min banda biladiki, ilm rivoji, oxirat saodati uchun sarflangan pullar kuni kelib o‘z natijasini beradi, inshaalloh!

Ziyovuddin RAHIM


Kiritilgan vaqti: 05/12/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2270
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/ahli-ilmlarga-yordam-berish-zarurati
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 12:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing