O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

“Sahihul Buxoriy” asari islom dinida muhim manba

 
 

Islom dunyosida “Hadis ilmining sultoni” deya shuhrat topgan Imom Buxoriy bobomizning hayoti va ilmiy merosi bugungi kunda kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan mutolaa qilinib, tadqiqotchilar tomonidan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

Bu zotning to‘liq ismlari Abu Abdulloh Muhammad Ibn Ismoil al-Buxoriy bo‘lib, islom olamining yirik mutafakkiri - buyuk muhaddis, muhaddislar sultonidirlar. U zot Buxoroda (810m./194h. yilda) tug‘ilib, Samarqand yaqinidagi Xartang qishlog‘ida (870-256 h. yilda) vafot etganlar.

Bolalik chog‘laridanoq Buxorodagi yetuk allomalardan dars olib, hadis ilmida kuchli xotira va o‘tkir zehn sohibi bo‘lib voyaga yetdi. Buxoriy dastlab o‘z yurtidagi ustoz va mashoyixlardan hadis eshitib so‘ngra, Imom Buxoriy o‘n olti yoshida onasi va akasi Ahmad hamrohligida Makka shahriga haj qilgani borib, o‘sha yerda qoldi va hadis ilmini o‘rganishda davom etdi. U yerdagi zabardast ulamolardan Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislarini yozib olib, o‘sha davrdagi Islom olamida mashhur bo‘lgan ilmiy markazlarga safar qildi, ilm talabida qishloq va shaharlarni kezdi, hadis ilmidagi bahs-munozalarda ishtirok etdi. Natijada, Imom Buxoriy hadis ilmida kamolotga erishib, o‘zi yod olgan 600 mingga yaqin hadislarni sahih va g‘ayri sahihlariga ajratdi.

Biz Buxoriy avlodlarimiz, u zot tug‘ilgan va yashab ijod qilib o‘tgan zamin farzandlarimiz. Buxoriy hazratlari qoldirgan meros faxrimizdir. U zot yozib qoldirgan merosni o‘rganib, uni hayotga tatbiq qilish bilan e'zozlash va asrab avaylashga harakat qilmog‘imiz lozim.

Imom Buxoriy kelajak avlodlar uchun qoldir ilmiy merosining bizga ma'lum bo‘lgani, yigirma to‘rtga yaqin bo‘lib, ular: “Al-jome' as-sahih”, “Al-adab al-mufrad”, “At-ta'rix as-sag‘iyr”, “At-ta'rix al-avsot”, “At-ta'rix al-kabir”, “Kitob al-ilal”, “Birr ul-volidayn”, “Asomi us-sahoba” va “Kitob al-kuna” kabi asarlardir. Ulardan bir nechasigina  bizgacha yetib kelgan bo‘lib, ba'zilari jahonning turli mamlakatlari kutubxonalarida saqlanmoqda. Islom tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk muhaddisning asarlari hozirgi kunga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Buyuk muhaddisning asarlari ichida eng mashhur asari, shubhasiz, “Al-jome' as-sahih”dir. Bu asar Islom olamida “Sahih Buxoriy” nomi bilan ham mashhur.

Yurtboshimiz ta'birlari bilan aytsak, “Buyuk vatandoshimiz bashariyatga tengsiz ma'naviy meros qoldirib ketdi.  Bu merosning gultoji - eng ishonchli hadislar to‘plami – “al-Jome' as-Sahih” Islom dinida Qur'oni karimdan keyin e'zozlanadigan ikkinchi manbadir. Butun dunyo musulmonlarining ittifoqiga ko‘ra, u bashariyat tomonidan bitilgan kitoblarning eng ulug‘idir”.

Imom Buxoriyning “Al-Jome' as-Sahih” (“Ishonchi hadislar to‘plami”) asari haqida so‘z ketganda shuni aytish mumkinki, mazkur manba Islom dini ta'limotida Qur'oni karimdan keyin asosiy manba sifatida foydalaniladi. Imom Buxoriy yashagan davrdan oldin ta'lif etilgan hadis kitoblarida sahih va g‘ayri sahih hadislar aralash holda berilgan bo‘lib, o‘quvchi ulardagi  biror hadisni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini, hadis rivoyat qiluvchining ahvolini tekshirmay va aniqlamay turib, bilolmasdi. Buning uchun o‘quvchi o‘sha hadisga aniqlik kiritish maqsadida ulamolardan so‘rashga majbur bo‘lardi.

Mana shunday og‘ir davrda Imom Buxoriy “Al-Jomi' as-Sahih” kitobini 16 yilda yozib tugatib, unga 9082 dan ortiq sahih hadislarni 3881 ta boblarga ajratib tartibli ravishda jamladi.

Mashhur olim Shamsiddin Zahabiy “Tarixul‑islom” kitobida: “Buxoriyning “al-Jome' as-sahih”i Alloh taoloning kitobidan keyingi Islomning eng ulug‘ va afzal kitobidir. Hozirgi kunda bu kitob odamlar uchun eng oliy sanaddir”, deb yozadi.

Imom Buxoriyning hadislar to‘plami “Al-Jome' as-sahih” musulmonlar axloq-odobi, ibodati, ijtimoiy mezonlarini belgilovchi manba va umuminsoniy qadriyatlar namunasidir.

U kishining “Sahihul Buxoriy” kitobi dunyo musulmon ulamolari tomonidan yakdillik bilan eng mo‘tabar hadis to‘plami sifatida e'tirof etilgan. Bunday bahoga sazovor bo‘lgan hadis to‘plamlari ulamolar orasida “kutub tis'a” (to‘qqiz to‘plam) deb yuritiladi. Ushbi kitoblar ichida eng mo‘tabar eng mashhuri “Sahihul Buxoriy”dir.

Boshqa asarlar kabi “Al-jome' as-sahih”ga ham ko‘pdan-ko‘p sharhlar bitilgan bo‘lib, muhim manba sifatida u qayta-qayta nashr ham qilingan.

Imom Buxoriyning shoh asari “Al-Jome' as-Sahih”ga bag‘ishlanib, arab tilida juda ko‘p sharhlar va hoshiyalar yozilgan, ular hajm va ahamiyati jihatidan xilma-xildir. Qator manbalarda[1] keltirilishicha, ularning soni yuzga yaqindir.

Imom Buxoriyning ijodiy merosi o‘zining hajmi, zamonasining diniy va ijtimoiy fanlarini to‘la-to‘kis qamrab olganligi bilan kishini hayratga soladi.

O‘ylab ko‘ring, o‘z davrida ham o‘zi va yozgan asarlari yetuk olimlar tarafidan tan olingan insonning qoldirgan ilmiy merosi qanday baholanishi kerak. Bu kabi insonlarning ilmiy merosidan faxrlansa arziydi.

Buyuk muhaddis bobomizning hurmati uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  1997 yil 29 apreldagi qarori bilan allomaning mavjud maqbarasi o‘rnida maxsus yodgorlik (majmuasi) majmui borpo etildi. Bu yodgorlik majmui alloma Imom Buxoriy tavalludining hijriy 1225 ylligi munosabati bilan dalatimiz birinchi prezidenti I.Karimov rahbarligida yaratilgan loyiha asosida barpo etildi. 2017 yilda davlatimiz rahbari Sh. Mirziyoev tomonidan Buyuk muhaddisning ma'naviy merosini o‘rganib keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va hadis ilmi oliy maktabiga asos solindi.

Imom Buxoriy hazratlari va u zotning qoldigan ilmiy meroslari nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun musulmon olamining faxri-iftixoridir. “Sahihul Buxoriy” dagi hadislar mazmunan har bir mo‘minning ishonchini, e'tiqodini mustahkamlaydi va shu bilan birga insonni ma'naviy kamolotga da'vat etadi. Shunday ekan, hadislar komil insonni shakllantirishda va undan yoshlar tarbiyasida foydalanishda muhim manba bo‘lib hisoblanadi.

[1] Masalan, Qastaloniyning “Muqaddima”, Umar Rizo Kahholaning “Mu'jamu-l-muallifin” kabi manbalarida

Barot AMONOV - Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy tadqiqot markazi bo‘limi boshlig‘i


Kiritilgan vaqti: 15/11/2019 09:57;   Ko‘rilganligi: 3794
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/sahihul-buxoriy-asari-islom-dinida-muhim-manba
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 12:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing