O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Саҳобалар ҳаёти

SALMON FORSIY.Haqiqat izlovchi (4-qism)

 
 

Xandaq qazishda qattiq ishlagan odamlar orasidan Salmon ham munosib o‘rin egallagan edi. Rasululloh ham cho‘qmorni olib, musulmonlar bilan birgalikda xandaq qazdilar. Bir payt Salmon qaziyotgan joydan katta tosh chiqib qoldi. U kuchli va baquvvat edi, cho‘qmori bilan bir ursa, ancha-muncha toshni parchalab yuborishga qodir edi, ammo bu tosh qarshisida ojiz qoldi. Atrofidagi sheriklarini chaqirib, har qancha urinishmasin, hech naf bermadi. Salmon Rasulullohning huzurlariga borib, xandaqni boshqa tomondan, ya'ni yo‘nalishini o‘zgartirib qazishga ruxsat so‘radi. Payg‘ambar Salmon bilan borib, o‘sha xarsangni ko‘rgach, cho‘qmorlarini qo‘llariga oldilar va tosh parchalari tegib ketmasligi uchun sahobalariga chetroq turishni buyurdilar. So‘ng Allohning nomini aytib, muborak qo‘llari bilan cho‘qmorni tutgan holda, jiddu jahd bilan urdilar. Tosh yorildi. Toshning yoriqlari orasidan nur chiqib ketdi. Salmon roziyallohu anhu bu haqda: “Toshdan nur chiqqanini ko‘rdim. Atrofni yoritib yubordi”, - degan edi. Rasululloh takbir aytib: “Menga forsning kalitlari berildi. Kisroning shaharlari va Hayraning qasrlari menga qarab nur sochayapdi. Shak-shkbha yo‘qki, ummatim ular ustidan g‘olib bo‘lajak”, - dedilar.

So‘ngra cho‘qmorni ko‘tarib, ikkinchi marta toshga zarba berdilar. Yana tosh yorig‘i orasidan nur chiqib, hamma yoqni yoritib yubordi. Rasululloh yana takbir aytib: “Menga Rum davlatining kalitlari berildi. Uning qizil qasrlari men tomon nur sochyapdi. Shak-shubha yo‘qki, ummatim o‘sha qasrlarning tepasida bo‘ladi”, - dedilar. Uchinchi marta zarba berdilar. Tosh parcha-parcha bo‘lib ketdi. Rasululloh bilan musulmolar birgalikda takbiru tahlillar aytishdi. Keyin esa, Payg‘ambarimiz o‘z sahobalariga Suriya, San'o va boshqa shaharlarning qasrlari tepasida tez kunda Alloh taoloning bayrog‘i hilpirab turishini ko‘rayotganlarini aytib, bashorat berdilar. Musulmonlar buni eshitib: “Bu Alloh va Payg‘ambari bizlarga va'da qilgan narsadir. Alloh va Payg‘ambarining so‘zi rostdir”, - deya hayqirishdi. Xandaq qazish maslahati Salmon Forsiydan chiqqan edi. Shu bilan birga, ba'zi g‘ayb sirlarining ochilishiga sababchi bo‘lgan xarsangtosh ham unga yo‘liqdi. Salmon Rasulullohning toshga urgan zarbalari tufayli undan chiqqan nurni ko‘rdi va aytgan bashoratlarini birma-bir eshitib turdi. Bu bashoratlar keyinchalik ro‘yobga chiqqaniga guvoh ham bo‘ldi. U Rum va Fors shaharlarini ko‘rdi. San'o, Suriya, Misr va Iroq qasrlarini ko‘rdi. Yer yuzining barcha joylarini kezib, baland minoralardan yaxshilik va hidoyat nurlarini taratayotgan muborak azon ovozini o‘z qulog‘i bilan eshitdi.   

         Davomini kuzatib boring

  Zayniddin ESHONQULOV – O‘MI Samarqand viloyati vakili

“Payg‘ambar atrofidagi kishilar” kitobidan.


Kiritilgan vaqti: 18/11/2019 12:49;   Ko‘rilganligi: 328
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/articles/sahaba/salmon-forsiyhaqiqat-izlovchi-4-qism
Chop etilgan vaqti: 13/07/2020 21:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing