O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Omonatga xiyonat qilmang!...

 
 

Munofiqlikning uch alomati bor, so‘zlasa yolg‘on so‘zlaydi. Va'da berib va'dasiga vafo qilmaydi. Omonatga xiyonat qiladi. (Hadisdan)

Kunlarning birida yo‘lda ketayotib, janjalning ustidan chiqib qoldim. Ikki kishi mushtlashguday bo‘lib, baralla nimalarnidir muxokama qilishardi. Qiziquvchanligim ustunlik qilib, bir to‘da odamlar ichidagi qariyadan voqeaning sababini so‘radim. Otaxon bosh chayqagancha, "Omonatga xiyonat - bu juda katta gunoh" - dediyu boshqa biror so‘z aytmadi. Voqeaning asl mohiyatini tushunmagan bo‘lsamda, sababini anglab yetdim. Ularning qaysidir biri unga ishongan inson omonatiga xiyonat qilgan ko‘rinadi.

Shu o‘rinda bir hikoyat esimga tushdi. O‘g‘irlik bilan nom taratgan o‘g‘riboshining yo‘lida bir mo‘ysafid duch kelib, bir xalta tillo tanga beribdi-da "Bu omonatimni masjiddan chiqgunimcha ushlab tursang" deb iltimos qilibdi. O‘g‘ri ham ikkilanmay xaltani olibdi. Chol esa bemalol namozini o‘qib chiqib, o‘g‘riboshidan tillolarni olib yo‘lida davom etibdi. Bu holatni ko‘rgan o‘g‘rilardan biri nega tillolarni qaytarib berganini, o‘g‘irlik qilish uchun tug‘ilgan qulay imkoniyatni qo‘ldan boy berganining sababini so‘rabdi. Shunda o‘g‘riboshi "U menga omonat deb aytdi. Qilayotgan ishimdan ko‘ra omonatga xiyonat og‘ir gunoh" deb javob beribdi.

Ba'zan shunday hikoyalarni o‘qib o‘ylanib qolamiz. "Biz ham omonatlarga xiyonat qilmayapmizmi?" degan savol hayolimizga keladi. O‘z-o‘zimizda sodir bo‘lgan shunday voqealarni tahlil qilamiz. O‘zimizcha xulosa yasaymiz. Zero, eng katta omonatlarga xiyonat qilayotganimizni bilamizmi?!

Alloh tomonidan bizga berilgan bu aziz jon, umrimiz ham omonat. O‘tib borayotgan har bir daqiqamiz orqali og‘ir gunox qilmayapmizmi? Umrimizni bekorchi narsalarga sarflab, vaqtimizni yutkazib, birovlarning qalbiga ozor berib omonatlarga xiyonat qilmayapmizmi?!

E'tiboringizga ibrat bo‘lishi uchun yana bir hikoyatni taqdim etamiz.

Gavjum bozorning chiqaverishida, temirchilik do‘konida yoshi kirklarga kirgan kishi ustachilik bilan shug‘ullanardi. Kunlarning birida yosh yigit bozordan to‘rt dona non solingan selofan bilan chiqdi-yu, nimadir yodiga tushib bezovtalandi. Atrofga olazarak qarab temirchining yoniga keldi. Qo‘lidagi nonlarni berib, nimalarnidir tushuntirdi va bozor ichiga qaytib kirib ketdi. Oradan vaqtlar o‘tib, qorong‘u tusha boshladi. Ammo boyagi yigitdan darak bo‘lmasdi. Usta xavotir bilan yigitni kutar, omonatni berib, so‘ng xotirjam uyga kaytishni xoxlardi. Lekin yigit kelmadi. Temirchi ertasiga ertalab bozor ichkarisiga kirib, to‘rtta yangi yopilgan non olib, do‘koniga keldi. Bugun ham kuni bilan yigitni kutdi. Har kuni bu xolat takrorlanar, usta tongda issiqqina non solingan selofan bilan do‘konini ochardi. Biroq omonatning egasidan hech qanday darak yo‘q edi.

Kunlar o‘tdi. Temirchi qo‘lidagi omonat bilan bozordan chiqayotib, yelkasini tog‘dek ezib turgan, to‘rtta nonning egasini uchratib qoldi. Xursandligidan uning yoniga borib, qo‘lidagi endigina tandirdan uzilgan, issiqqina nonni yigitga uzatdi. Yigitning omonatini topshirdi va yengil nafas ola boshladi. Nonning egasi esa xatto bu narsani unutib yuborgandi.

Mana, ikki ajoyib hikoya. Xulosa chiqarish va kerakli g‘oyalarni olish o‘zingizga havola. Barchamizni omonatga xiyonatdan o‘zi asrasin. Allohim har kimga insof bersin!!!!

O‘MI - Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 13/01/2020 15:24;   Ko‘rilganligi: 3939
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/omonatga-xiyonat-qilmang
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 10:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing