O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

KECHIRIMLILIK – MO‘MINGA XOS

 
 

Barchamizga yaxshi ma'lumki, inson zotiga Alloh  taolo tomonidan  ato etilgan ulug‘ sifat va fazilatlardan biri – bu kechirimli bo‘lishdir. Alloh taolo insonlarning tashqi ko‘rinishini go‘zal va hushbichim qilib yaratgan. Agar inson siyrati va ichki dunyosini ham chiroyli qilsa, shunda u inson  mukammallik  darajasiga yetishi mumkin.

Alloh taolo Qur'oni karimning bir qancha oyati karimalarida bandalarini bir-birlarining xato kamchiliklari va ayb-nuqsonlarini kechirishga buyurgan. Jumladan:

 “Agar sizlar afv etsangiz, koyimasangiz va kechirsangiz, u holda, albatta, Alloh (ham sizlarga nisbatan) mag‘firatli va rahmlidir” (Tag‘obun surasi 14-oyat).

Demak, kishi birodarini kechirishi bilan Alloh taolo ham uning gunohini kechirar ekan.

Barcha yaxshi xulq va sifatlarni o‘zlarida mujassam qilgan Zot –  Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam kechirimli bo‘lish fazilatida ham eng go‘zal namuna edilar.

Oisha raziyallohu anho onamizdan Payg‘ambarimizning xulqlari haqida so‘ralganda shunday javob berganlar:

 “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam fahsh ishlarni qiluvchi, fahsh so‘zlarni so‘zlovchi va bozorlarda baqir-chaqir qilib yuruvchi inson emasdilar. Yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmas edilar, balki afv etib, kechirib yuborar edilar” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyatlari).

Demak, kechirimli bo‘lish va g‘azabini yutishda barchalarimiz  Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olishimiz kerak bo‘ladi.

Kishi g‘azabini yutib, birodarini kechirsa, unga jannatda huri iynlar va'da qilingan.

Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

 “Kimki qodir bo‘la turib, g‘azabini yutsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uni chaqirib, butun xaloyiq oldida shahlo ko‘zli hurlardan xohlaganicha olishga ixtiyor beradi” (Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Odamlarning xato va kamchiliklarini kechirish – g‘azabni yutishning davomidir. Ya'ni, haqiqiy taqvodor faqatgina g‘azabini yutmaydi, balki ana shu g‘azabini qo‘zg‘agan odamdan o‘ch olishga kuchi yetsa ham, uni kechiradi.

Kechirimli bo‘lish ulkan savob va jannatga kirish uchun sababdir.

Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

ya'ni: “Qiyomat kuni bo‘lganda bir jarchi nido qiladi: "Odamlarga kechirimli bo‘lganlar qayerda? Parvardigoringizni huzuriga kelinglar va savobingizni olinglar! Qaysi bir musulmon kechirimli bo‘lsa, jannatga kirishlikka haqlidir" (Imom Ibn Murdavayh rivoyatlari).

Dinimizda yomonlikka doimo yaxshilik bilan javob qaytarish fazilatli amallardan sanaladi. Albatta, yomonlikka yaxshilik bilan javob qaytarish faqat sabr toqatli, ikki dunyoda ham ulug‘ nasibaga ega bo‘ladigan kishilarning fe'lidir. Bilib bilmay ayb-nuqson va xato-kamchiliklarni qilgan kishilarga bir imkoniyat berib, ularni kechirishimiz – insoniy va musulmonlik burchimizdir.

Ma'lumki, Uhud jangida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning old tishlari sinib, yuzlari qonga belandi, bu holat as'hoblariga juda og‘ir botdi. Hatto ayrimlari: “Ularni duoyi bad qilsangiz-chi?” deyishgacha bordi.

 Shunda U Zot:  “Meni Alloh taolo la'natlovchi va ta'na qiluvchi qilib yubormadi, balki yaxshilikka chaqiruvchi va olamlarga rahmat qilib yuborgan. Ey Alloh! Ularni to‘g‘ri yo‘lga boshla, albatta ular bilmaydilar”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Muqaddas islom dinimiz insonlarni kechirimli bo‘lishga targ‘ib qiladi. Chunki kechirimli bo‘lishda insonlar uchun ko‘p manfaatlar bor. Avvalo, kechirgan inson o‘zini yengil tortib, Allohdan bo‘ladigan ajrga loyiq bo‘lsa, kechirilgan inson esa kechirguvchiga nisbatan bo‘lgan adovati ketib, qalbida unga nisbatan iliqlik va mehr paydo bo‘ladi. 

Jasur Xushbaqov Bulung‘ur tumani “Beshariq changal” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 01/04/2020 13:11;   Ko‘rilganligi: 14340
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/kechirimlilik-mominga-xos
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 02:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing