O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

ISTIQLOL BERGAN ULUG‘ VA AZIZ NE’MATLAR

 
 

Haqiqatan ham, biz yashayotgan jannatmakon yurt bo‘lmish, O‘zbekiston bebaho maskan.

Yurtboshimizning "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu hujjat oldingi yillarda Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab qabul qilingan qarorlardan bir yarim oycha oldin imzolandi. 25 yil yirik sana. Mustaqilligimiz chorak asrlik, g‘oyat og‘ir va murakkab, shu bilan birga, sharafli yo‘lni bosib o‘tdi.

Bu yilgi bayram: "Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!" degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi asosida amalga oshiriladi.

Davrlar o‘tgani sari mustaqilligimiz tarixini o‘rganish, bu ulug‘ ne’matga qanday erishganimiz mohiyatiga yetish, istiqlolimiz qadrini chuqur anglashning ahamiyati tobora ortib boraveradi. O‘tgan chorak asr mobaynida biz qanday ulkan rivojlanish yo‘lini bosib o‘tganimizni o‘ylasak, avvalo, hayolan: "Kim edigu kim bo‘ldik?" degan hayotiy savolga javob izlaymiz. Ammo, ko‘ngil buning o‘zi bilangina taskin topmaydi. Chunki, tabiiy ravishda: "Ertaga qanday yangi marralarni egallashimiz kerak?" deb ham o‘ylay boshlaymiz. Bu esa, katta umidvorlik bilan oldimizga: "Eng taraqqiy topgan davlatlar qatoriga kirish borasida qanday ustuvor vazifalarni belgilab olishimiz kerak?" degan savolni qo‘yish imkonini ham beradi.

Yaratganning inoyati hamda yurtboshimizning jonkuyarliklari tufayli ota-bobolarimiz (Fitrat, Cho‘lpon, A.Qodiriy, Usmon Nosir kabilar) orzu qilib, qalblarda armon bo‘lib qolgan istiqlol, ozodlik, ibodatlarni emin-erkin ado etayotganimiz, minglab fuqarolarimiz haj va umra ibodatlarini bajarib kelayotgani, mustaqillik, tinchlik sharofatidandir.

“Ey menga ertaklar suylagan zamin,

Ergashib izingdan qolmasman sening.

O‘zgalar nazdida bog‘i eraming,

Diydang yaprog‘iga olmasman sening.

Vatan qayda bo‘lmay sen hamrohimsan,

Bobolarim yotar sajdagohimsan.

M.Yusuf.

Mustabid tuzum davrida omborga aylangan masjid va madrasalarimiz qayta tiklanib, foydalanishga topshirildi. Mamlakatimizda turli din va millat vakillari barcha jabhada emin-erkin istiqomat qilmoqda. Bu tahsinga loyiq ish, albatta.

Yurtboshimiz “Dunyoda bo‘layotgan voqea va hodisalardan hamisha ogoh bo‘lish, ona Vatanimizdagi tinch, osoyishta va farovon hayotni yanada mustahkamlash uchun har bir inson o‘z hissasini qo‘shmog‘i, el-yurt taqdiri, kelajagi uchun daxldorlik tuyg‘usini diliga jo qilmog‘i darkor” deb ta’kidlaganlar.

Prezidentimiz yana: “Odamlarda “Ha, tepada rahbarlarimiz bor ekan, ular tinchlikni ta’minlaydi. Xavotir bo‘lmaslik kerak” va hakazo kabi fikrlar tug‘iladi. Bunaqa qarashlarga mutlaqo qarshi chiqish kerak. Bunaqa qarashni umuman qabul qilmaslik kerak” deb, aytadilar.

Yurt tinchligi va kelajagi uchun davlatimizning har bir fuqarosi, unda yashaydigan har bir millat va din vakili o‘z hissasini qo‘shmog‘i zarur. Buning uchun har kim o‘z vasifasini a’lo darajada bajarishi lozim bo‘ladi.

Hammamiz uchun tabbaruk bo‘lgan uchta so‘z bor. Iymon, Vatan va Istiqlol. Bu so‘zlarning mazmun-mohiyatini bugun har birimiz yurakdan his etib turibmiz. Iymon – buyuk Alloh va Rasuliga ishonish Uning rahmati va mag‘firatidan umidvor bo‘lish va uning farmonlariga itoatda bo‘lishdir.

Vatan – bu muqaddas zamin, buyuk ajdodlarimiz yurti va kelajak avlodlarimiz iftixoridir. Uni asrab-avaylash, uning bag‘rida ertangi kunga umid bilan yashash iymon va muhabbat tayanchidir. «Vatanni sevmok iymondandir» degan, hikmatli so‘zda keng ma’no bor. Albatta, qalbida iymoni bor har bir kishi vatanni sevadi.

Istiqlol – Allohning ulug‘ ne’matlaridan bo‘lib, istiqlol tufayli mamlakatimizda islom dini ravnaqi yo‘lida keng imkoniyatlar ochildi. E’tiqod erkinligi qonuniy ravishda kafolatlanib qo‘yildi. Barcha milliy va diniy qadriyatlar tiklandi. Masjid va madrasalar binolari, nodir tarixiy manbalar, osori atiqalar musulmonlarga qaytarib berildi. Musulmonlarning emin-erkin ibodat qilishlari, diniy ta’lim olishlari, diniy adabiyotlarni nashr etishlari va ommaviy axborot vositalaridan bahramand bo‘lishlari uchun, barcha sharoitlar yaratildi. Ro‘za hayiti va Qurbon hayitining birinchi kuni dam olish kuni deb belgilanib, bayram sifatida e’lon qilindi. Har yili minglab vatandoshlarimiz haj va umra ibodatlarini ado etishga muyassar bo‘lmokdalar. Jahon islom tamadduniga fan va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Hoji Axmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Imom Buxoriy, Imom At-Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Ahmad Farg‘oniy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Hoji Ahror Valiy kabi atoqli islom olimlari va tasavvuf ulamolarining tavalludlari keng nishonlandi, mangu qo‘nim topgan joylari obod qilindi, asarlari nashr etildi. O‘tgan davr mobaynida diniy ma’rifiy mazmundagi bir qancha adabiyotlar nashr etildi. Qur’oni karim va uning ma’nolari, hadislar to‘plamlari bir necha marotaba chop qilindi. Bularning barchasiga istiqlol sharofati bilan erishdik. Istiqlol ne’matiga shukur qilmog‘imiz lozim. Ne’matlarga shukur qilishlik, ularni yanada ziyoda bo‘lishini kafolatidir.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 3 avgustdagi "Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori asosida mamlakatimizning barcha qishloq tumanlarida yangi uy-joy massivlari barpo etildi, namunaviy loyihalar bo‘yicha kredit shartnomasi asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurib, foydalanishga topshirildi. Bu ish jadal davom ettirilyapti. Ayni shu turar joy massivlarida ijtimoiy ahamiyatga molik obyektlar ham qurilmoqda. Bunday uylarda yashayotgan fuqarolar mavjud sharoitlarning shahardagidan aslo qolishmasligini ta’kidlab, shukronalik bildirmoqda.

Alloh taolloga beadad shukronalar bo‘lsinkim, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surmoqda. Bu tinchlik ne’matini qadriga yetmog‘imiz, uni asrab- avaylash uchun har birimiz harakat qilmog‘imiz lozim. Chunki, bu dorilomon kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor, bu o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘k. Qur’oni karimda Ibrohim surasining 7-oyatida: Alloh taolo aytadi – «Agar (bergan ne’matlarimga) shukur qilsangiz, albatta, (uni yanada) ziyoda qilurman».

Alloh taolo Vatanimizni tinch va osuda aylasin. Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin.

Chunki, Yer yuzida O‘zbekistonimiz – yakka-yu yagona. Biz u bilan har qancha faxr-iftixor qilsak ham oz. Porloq kelajak uchun esa unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni komil inson qilib tarbiya qilishligimiz lozim. Bugun ko‘zimizni quvontiradigan, ilmli, baquvvat, serg‘ayrat, mard, jasur yigit-qizlarimiz yurtimiz bayrog‘ini yanada balan cho‘qqilarga ko‘tarayotgani har bir insonga faxr va itftixor baxsh etadi. Muhtaram Prezidentimizning “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart” degan purma’no so‘zlari yodimizga keladi.

Bizga Alloh taolo tomonidan in’om etilgan, baxtli hayotimizning birlamchi omili – Istiqlolimiz abadiy bo‘lsin!


Kiritilgan vaqti: 12/08/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 7033
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/istiqlol-bergan-ulug-va-aziz-nematlar
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 19:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing