O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Islohotlardan maqsad xalqimizni yanada ma'rifatli, baxtli-saodatli ko‘rishdir

 
 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 6 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarini qabul qilib, 70 yillik tavallud ayyomi bilan samimiy tabrikladi.

Davlatimiz rahbari muftiy hazratlariga mamlakatimizda islom madaniyati va ilm-fanini rivojlantirish, muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyati va ezgu g‘oyalarini, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning bebaho ilmiy merosini tadqiq etish va xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish ishiga qo‘shgan munosib hissasi, jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, millatlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi katta xizmatlari, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, bag‘rikenglik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyatining yuksak e'tirofi ramzi sifatida “El-yurt hurmati” ordenini topshirdi.

Kuni kecha Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Islom olami uyushmasining 44-qurultoyida ishtirok etib, yurtimizga qaytgan muftiy Usmonxon Alimov hazratlaridan keyingi kunlarda hayotlarida yuz bergan quvonchli voqealar hayajoni, Prezidentimizning diniy ulamolarga ko‘rsatayotgan alohida e'tibori, umuman, yurtimizda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida eksklyuziv intervyu oldik.

— Avvalo, yaqinda davlatimiz rahbari Farmoniga muvofiq, davlatimizning nufuzli mukofoti — “El-yurt hurmati” ordeni ila taqdirlanganingiz bilan tabriklaymiz. Sizga uzoq umr, sihat-salomatlik, kelgusi ishlaringizda muvaffaqiyat tilaymiz.

— Bismillahir Rohmanir Rohim. E'tibor uchun tashakkur. Prezidentimiz tomonlaridan berilgan ushbu yuksak orden mening shaxsim timsolida butun diniy soha vakillariga berilgan mukofot, deb o‘ylayman. Chunki yurtimizda diniy-ma'rifiy sohada erishayotgan yutuqlarimiz — butun jamoamiz mehnatlari mahsulidir. Yurtboshimiz olib borayotgan ishlarimizni e'tirof etganlaridan behad minnatdormiz.

Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridanoq mamlakatimizda ijtimoiy-ma'naviy sohani yanada rivojlantirish, oilalarimiz, mahallalarimizda, butun jamiyatimizda sog‘lom muhitni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, tinch-osuda hayotimizni, muqaddas dinimiz pokligini asrashda yaqin yordamchi sifatida diniy soha vakillariga alohida e'tibor qaratdilar. Shu bilan birga, yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda imom-xatiblar, ulamolarning o‘z taklif va maslahatlari bilan faol ishtirok etishlariga shart-sharoitlar yaratildi. Biz bu e'tiborni qadrlab, bor kuch va salohiyatimizni xalqimizning ma'rifatini, ma'naviyatini yuksaltirish, hayot darajasi va sifatini oshirish yo‘lida safarbar etishga doimo tayyormiz.

— Keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan barcha sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar shiddatli tus oldi. Shu ma'noda, mamlakatimizda fuqarolarning diniy erkinligini ta'minlash, bag‘rikenglik, ma'rifiy islom g‘oyalarini targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan ishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida nimalar deya olasiz?

— Prezidentimiz tomonlaridan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar O‘zbekistonning yangi qiyofasini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bugun ijobiy o‘zgarishlarni yurtimizdagi har bir inson o‘z taqdiri misolida yaqqol his qilyapti.

Diniy-ma'rifiy jabhada ham ahamiyati beqiyos ishlar amalga oshirilayotganini hammamiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz. Yangidan barpo etilayotgan masjidlar, ulug‘ ajdodlarimiz nomidagi majmualar, ochilayotgan diniy ta'lim muassasalari, sohada xalqaro hamkorlik rivojlanib, chet ellik taniqli ulamolarning diyorimizga tashrif buyurayotgani, nufuzli tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatilayotgani yurtdoshlarimizga cheksiz quvonch, g‘urur-iftixor bag‘ishlamoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlarning mazmuni, ulardan ko‘zlangan muddaolar haqida uzoq gapirish mumkin. Masalan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Buxorodagi Mir Arab madrasasiga oliy maqom berilishida katta ma'no bor. Zero, ushbu ta'lim dargohi besh yuz yil avval ana shunday yuksak maqomda tashkil etilgandi. Yillar davomida bu yerda yuzlab olimu ulamolar kamolga yetgan. Biroq o‘tgan asrdagi e'tiborsizlik oqibatida muassasa o‘z mavqeini yo‘qotgandi. Davlatimiz rahbari tomonidan madrasaga oliy maqom berilishi yana bu yerdan allomalar, mutafakkirlar yetishib chiqishiga umid uyg‘otadi. Shaxsan men ushbu madrasaning Misrdagi Al-Azhar universiteti bilan bir xil maqomga ko‘tarilishiga ishonaman. Bundan tashqari, yurtimizda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildiki, bu ezgu ishlaridan maqsad dunyo tamadduni beshiklaridan biri bo‘lgan O‘zbekistonning tarixiy yuksak maqomini qayta tiklash, Vatanimizni ilm-fan markazlaridan biriga aylantirish, shu orqali diyorimizda navbatdagi renessansni — uyg‘onish davrini yuzaga keltirish, xalqimizni yanada ma'rifatli, baxtli-saodatli ko‘rishdir.

Mamlakatimizda buyuk ajdodlarimiz ruhini shod qilib, ularning qadamjolari obod etilayotgani, ilmiy-ma'naviy merosini keng miqyosda o‘rganish, tadqiq va targ‘ib etishga muhim sharoitlar yaratilayotgani hayotimizni milliy qadriyatlar asosiga qurish, yuksak ma'naviyatli avlodni kamolga yetkazish, eng oliy ne'mat — tinchlik-totuvlikni mustahkamlash, dunyoda tobora dolzarb masalaga aylanib borayotgan terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik kabi illatlarga qarshi ma'rifat bilan kurashishga xizmat qilmoqda.

— O‘zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada olib borilayotgan ishlarga jahon jamoatchiligi hamda xalqaro ekspertlar qanday baho bermoqda?

— Dunyo ahli bugun insoniyat taraqqiyotida keskin burilishlar ro‘y berayotgan tarixiy bosqichda yashamoqda. Inson ongu qalbi uchun kurash tobora shiddatli tus olyapti. Eng afsuslanarlisi, ko‘plab insonlar umriga zomin bo‘layotgan terrorizm, aqidaparastlikni ayrim g‘arazli kuchlar tomonidan tinchlik va insonparvarlik dini bo‘lgan islomga bog‘lash orqali dunyo musulmonlariga nisbatan salbiy kayfiyatni shakllantirish, islomofobiyani keng yoyishga harakatlar kuzatilmoqda. Bu esa jahonning turli mintaqalarida etno-konfessional ziddiyatlar vujudga kelishi, yangidan-yangi nizo o‘choqlari paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotir.

Ana shunday murakkab bir davrda Prezidentimiz hatto jahonning eng yuksak minbarlaridan turib, xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini jaholat va murosasizlik tashkil etishini, shu bois odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini ma'rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifa ekanini ta'kidlab kelyaptilar. Mazkur yondashuvni xalqaro ekspertlar, dunyo jamoatchiligi yuksak baholayapti. Jumladan, Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat'iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da'vat etadi”, degan so‘zlari jahon bo‘ylab keng aks sado berdi. Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining “Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi qo‘llab-quvvatlandi va qabul qilindi. Bu terrorizm, ekstremizm, zo‘ravonlik, murosasizlik kabi bugungi kunning o‘tkir muammolariga ilm-ma'rifat, o‘zgalarga adolatli va bag‘rikeng yondashuv hamda tinchlikparvar siyosat eng to‘g‘ri yechim ekanini dunyo jamoatchiligi tan olgani va anglayotgani ifodasidir.

O‘tgan yillar davomida Amerika Qo‘shma Shtatlari, Fransiya, Ispaniya, Germaniya, Ozarbayjon, Checheniston, Misr Arab Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Rossiya Federatsiyasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya va qo‘shni davlatlarda xizmat safarlarida bo‘lganimizda mutasaddilar hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan O‘zbekistonda diniy erkinliklar, inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yutuqlar alohida e'tirof etilib, yuqori baholandi.

Mamlakatimizga tashrif buyurayotgan nufuzli mehmonlar ham olib borayotgan ishlarimizni ko‘rib, o‘z mamnunliklarini bildiryapti. Jumladan, Pokiston davlati muftiysi Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh O‘zbekiston zaminiga safarlari chog‘ida “Men ushbu zaminni ziyorat qilish tavsiya etilgan uch muqaddas joydan — Masjidi haram, Masjidi Nabaviy va Aqso masjididan keyingi o‘ringa qo‘yaman. Bu yurtni ko‘rish orzu edi. Yigirma yetti yil avval O‘zbekistonga kelgan edim. O‘shanda faqat Samarqandni ziyorat qilishga imkon bo‘lgan. Bu gal Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent yerlaridagi tabarruk joylarni ziyorat qilishga Haq taolo muvaffaq qildi. Avvalgi tashrifim bilan bu safarim orasida juda katta farq bor. O‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekiston moddiy va ma'naviy jabhada ulkan yuksalishlarga erishibdi”, deganlari katta e'tirofdir.

Shuningdek, Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, “Al-Azhar” diniy majmuasi rahbari, shayx Ahmad Muhammad Toyyib hazratlari ham yurtimizdagi o‘zgarishlar haqida shunday iliq so‘zlarni bildirgan edi. Bundan tashqari, MDH mamlakatlari muftiylarining e'tiroflarini ommaviy axborot vositalari orqali doimo kuzatib turibmiz.

— Kuni kecha Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Islom olami uyushmasining 44-qurultoyida ishtirok etib, nutq so‘zladingiz. Ushbu nufuzli yig‘ilishda qanday masalalar muhokama qilindi?

— Islom olami uyushmasi bosh kotibi, doktor Muhammad Abulkarim Iyso taklifiga binoan ushbu nufuzli tadbirda qatnashdik. Makkai Mukarrama shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan taniqli ulamolar, mashhur muftiylar, professor-olimlar, yetuk ekspertlar, davlat va din arboblari hamda xalqaro islomiy tashkilotlar yetakchilari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda ayrim mamlakatlardagi mojarolar, turli mintaqalardagi musulmon ozchilikka qarshi zo‘ravonliklarga barham berish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, dunyo davlatlarida tinchlik-osoyishtalikni ta'minlash, buzg‘unchilikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish va xalqlarning osuda hayotiga raxna soluvchi qora kuchlarning xatti-harakatlariga chek qo‘yishga chaqirildi. Islom qadriyatlari va an'analarini saqlab qolish, ularni yosh avlodga singdirish, farovonlikka erishish uchun xalqlar o‘rtasidagi birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash zarurligi qayd qilindi.

Darhaqiqat, bugun islom dunyosi tobora o‘sib borayotgan xavf va jiddiy tahdidlarga duch kelmoqda. Yovuz kuchlar, yuqorida ta'kidlaganimizdek, islomning suratini buzib ko‘rsatish, uning pokiza nomini qora qilishga urinmoqda. Yoshlarni aldab, buzg‘unchi g‘oyalar va axloqsiz madaniyatga ergashtirish harakatlari ko‘paymoqda. Shubhasiz, bu muammolarning yechimi — islom dini qadriyatlarini to‘g‘ri tatbiq etish, pokiza sunnatga ergashish, dinga ko‘r-ko‘rona va mutaassibona yondashishdan saqlanishdir.

Yig‘ilishda sayyoramizning barcha hududida tinchlik va xavfsizlik o‘rnatilishi, musulmonlarning o‘zaro birdam va inoq bo‘lishlari yo‘lida qat'iy va sobit turish lozimligi alohida qayd etildi. Biz ham muhokama etilgan mavzular yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarimizni bildirdik. O‘zbekistonda diniy sohada olib borilayotgan ishlar, yoshlarga qaratilayotgan e'tibor haqida so‘zlab berdik. Fikr va mulohazalarimizni anjuman qatnashchilari juda iliqlik bilan qarshi oldi. Aytish kerakki, O‘zbekiston delegatsiyasining bu kabi nufuzli anjumanlarda qatnashishi mamlakatimizning jahondagi mavqei tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.

Dilshod KARIMOV

(“Xalq so‘zi”) suhbatlashdi.

 O‘MI - Samarqand viloyat vakiligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 11/01/2020 16:02;   Ko‘rilganligi: 1170
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/islohotlardan-maqsad-xalqimizni-yanada-marifatli-baxtli-saodatli-korishdir
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 01:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing